Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijon viloyati FHDYO arxivida 5 milliondan ortiq dalolatnoma yozuvlari saqlanmoqda
12:32 / 2020-08-29

“Arxiv” soʻzi lotin tilidan olingan boʻlib, “hukumat binosi” degan mazmunni ifoda etadi.


“Arxiv” soʻzi lotin tilidan olingan boʻlib, “hukumat binosi” degan mazmunni ifoda etadi. Lekin hozirda arxiv atamasi butunlay boshqa mazmunda qoʻllaniladi. Bugungi kunda arxiv deb, turli korxona, tashkilot va idoralar, shuningdek tarixiy shaxslar faoliyatiga oid hujjatlar saqlanadigan joylar tushuniladi. Markaziy Osiyoda arxiv yozuv bilan bir vaqtda paydo boʻlgan. Arxivlar qadimgi Xorazm davlati, keyinchalik Oltin Oʻrda, Temuriylar, Shayboniylar, Ashtarxoniylar davrida ham mavjud boʻlgan. Masalan Buxoroda IX-X asrlarda Abu Ali Ibn Sino foydalangan arxiv-kutubxona boʻlgan.

Maʼlumki, fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish boʻlimlarida fuqarolarning hayotidagi muhim voqealar - tugʻilish, nikoh tuzish, oʻlim va insonning muhim subyektiv huquqlari va majburiyatlarining yuzaga kelishi, oʻzgarishi va toʻxtalishiga sabab boʻladigan dalolatnoma yozuvlari qayd etiladi. FHDYO arxivlarida saqlanadigan ushbu dalolatnomalar 75 yil davomida saqlanadi.

Andijon viloyati FHDYO arxivi shahar va tuman FHDYO boʻlimlarida qayd etilgan barcha turdagi dalolatnoma yozuvlarining ikkinchi nusxasi saqlanadigan idora hisoblanadi. FHDYO arxivlarining ahamiyati shundaki, ularda saqlanayotgan dalolatnoma yozuvlari unda koʻrsatilgan faktning toʻgʻriligini tasdiqlovchi asosiy hujjat hisoblanadi.

Ayni paytda bizning arxivimiz fondida 1935-yildan 2014-yilgi davrgacha boʻlgan 24575 ta yigʻma jildlarda 5 milliondan ortiq dalolatnoma yozuvlari saqlanmoqda.

Yigʻma jildlarning 12 mingtasi tugʻilganlik, 5435 tasi nikoh tuzilganligi, 4526 tasi oʻlim haqidagi, 506 ta nikohdan ajralganlik, 635 ta dalolatnoma yozuvlarini tiklanganligi haqidagi dalolatnoma yozuvlaridir. Shuningdek farzandlikka olish, otalikni belgilash, familiya, ism, ota ismini oʻzgartirganlik haqidagi bir necha oʻnlab dalolatnoma yozuvlari kitoblari ham mavjud.

Dalolatnoma yozuvlari kitoblarining aksariyati 1935-yillardan boshlansa, dalolatnoma yozuvlarini tiklash, farzandlikka olish, otalikni belgilash, familiya, ism, ota ismini oʻzgartirish kabi kitoblar 1958, 1965-1970-yillardan boshlab saqlanib kelinmoqda.

Viloyat arxivining asosiy vazifalariga har yili viloyat statistika boshqarmasidan yuboriladigan dalolatnoma yozuvlarini kitob holida tiktirish, dalolatnoma yozuvlari daftarlarini sahifalash va ularni arxiv fondiga qoʻshib borish, respublikaning barcha hududlaridan yuborilgan nikohdan oʻtuvchilarning elektron bazasini shakllantirish, FHDYO boʻlimlaridan yuborilayotgan barcha turdagi dalolatnoma yozuvlariga oʻzgartirish, tuzatish va qoʻshimchalarni oʻz vaqtida kiritib borish hamda fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish kiradi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-fevraldagi “Fuqarolik holati dalolatnomalari yozish va notarial organlar sohasida hamda rasmiy hujjatlarga apostil qoʻyish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamentlarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori asosan 2019-yilning 1-noyabridan boshlab FHDYO arxivlarida fuqarolarning murojaatlarini qabul qilish toʻxtatildi.

Endilikda fuqarolar oʻzlariga zarur boʻlgan maʼlumotnomalarni olish uchun tuman (shahar) yoki viloyat FHDYO arxivlariga kelib murojaat qilishlari shart emas. Aksincha eskterritorial tarzda hududlardagi Davlat xizmatlari markazlari borish yoki yagona elektron davlat xizmatlari portaliga ariza topshirish orqali har qanday turdagi maʼlumotnomalarni olishlari mumkin.

Bunda tegishli Davlat xizmatlari markazi fuqaroning arizasini FHDYO arxiviga joʻnatadi. FHDYO arxivi esa 3 ish kuni mobaynida tegishli javoblarni markazga yuboradi.

Joriy yilning 8 oyi davomida viloyat FHDYO arxiviga 7300 dan ortiq arizalari kelib tushgan boʻlib, ularga asosan 7 turdagi maʼlumotnomalar taqdim etildi.

Muxtasar TURAYEVA,

Davlat xizmatlari agentligi viloyat

boshqarmasi FHDYO arxivining mudiri