Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijon viloyati: bolalar oromgohlari mavsumga shaymi? (+video)
12:29 / 2023-06-02

Andijon viloyatidagi 14 bolalar oromgohida joriy mavsumda 4 smenada 9 ming 100 nafar bolaning dam olishi belgilangan.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Andijon viloyati Kengashi, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi, Maktabgacha va maktab ta’limi,  sog‘liqni saqlash, madaniyat va turizm, Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari hamda boshqa daxldor tashkilotlar hamkorligida 2023 yil yoz mavsumida faoliyat ko‘rsatuvchi viloyatdagi bolalar oromgohlari rahbarlari, hisobchilari, sport yo‘riqchilari, yetakchi tarbiyachilar, mutasaddi tashkilotlar vakillari ishtirokida Andijon tumanidagi “Bog‘ishamol” bolalar oromgohida o‘tkazilgan o‘quv-seminarda oromgohlarni mavsumga tayyorlash borasida amalga oshirilgan ishlar, mavsumni yuqori saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.  

Seminarda mamlakatimizda yosh avlodning har jihatdan yetuk, barkamol voyaga yetishlarini ta’minlash, xususan, bolalarni sog‘lomlashtirish, yozgi ta’tilni mazmunli o‘tishini tashkil etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidlanib, oromgohlarni obodonlashtirish, zarur inventarlar, turli jihozlar, sport buyumlari, ma’rifiy-badiiy adabiyotlar, dori-darmonlar bilan ta’minlanishi, oromgohlarda xavfsizlikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash, sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy amal qilinishi yuzasidan fikr almashildi.  

– Oromgohlarni mavsumga tayyorlash bo‘yicha zarur ishlar olib borilmoqda, – deydi O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Andijon viloyati Kengashi raisi Qodirjon Parpiyev. – Joriy mavsumda viloyatda shahar chetida joylashgan 14 oromgohda 9 ming 100 nafar, maktablar qoshida tashkil etiladigan 45oromgohda 13 ming 350 nafar  bolaning dam olishi rejalashtirilgan. Ayni kunda oromgohlarda bolalarni qabul qilish bo‘yicha tayyorgarlik ishlari yakuniga yetkazilmoqda.  

Oromgohlarda ish olib borish uchun yetarli tajriba va malakaga ega pedagoglar, tarbiyachilar, tibbiyot xodimlarini jalb etilishi, oromgohlarni sifatli oziq-ovqat, qishloq xo‘jalik, poliz mahsulotlari, meva-sabzavotlar bilan ta’minlash borasida fermer xo‘jaliklari, mutasaddi tashkilotlar bilan shartnomalar tuzilganligi, mahsulotlarning sifatli saqlanishini ta’minlash borasida ham mutasaddilarga zarur tavsiyalar berildi.  

Mutaxassislar tomonidan oromgohlarda ishtirokchilarga sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy amal qilish, oromgohlar qoshida tashkil etilgan tibbiy punktlar ishini namunali yuritish, birinchi va rejali yordam ko‘rsatish uchun zarur dori-darmonlar zaxirasini yaratish, mas’ul shaxslarning bilim va malakalarini boyitish, samarali ish olib borishlari bo‘yicha keng ma’lumotlar berildi.  

– Oromgohlardagi pokizalik, sanitariya-gigiyena qoidalariga amal qilinishi qat’iy nazoratga olinadi, – deydi viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi Bolalar va o‘smirlar gigiyenasi bo‘limi boshlig‘i Shahnoza Hakimova. – Shuningdek, oziq-ovqatlar sifatiga, bolalarga berilayotgan ovqatlarning me’yoriga alohida e’tibor qaratilishi qat’iy belgilangan.  

Seminarda oromgohlarda jamoat tartibini saqlash, madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlanib, mutasaddilarga Yoshlar ishlari agentligi, ta’lim muassasalari, madaniyat va sport bo‘limlari hamkorligida festivallar, sport tadbirlari, san’atkorlar, sportchilar bilan uchrashuvlar, turli ko‘ngilochar kechalar, shuningdek, oromgohlarda ijodiyot markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, sport va  fanlar bo‘yicha to‘garaklar tashkil etish, qiziqarli mashg‘ulotlar o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilandi.    

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga mutasaddilardan batafsil javob oldi.  

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/QJ9E0JY1kC8" title="Андижон вилояти: болалар оромгоҳлари мавсумга шайми?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Faxriddin UBAYDULLAEV, O‘zA