Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijon viloyati: amaliy ishlar samaralari o‘rganildi
14:54 / 2022-06-17

Andijonda mahallabay ishlash va hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi yuzasidan press-tur o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Andijon viloyati hokimligi, Mahallabay ishlar va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda jurnalist va blogerlar joylarda mahallabay ishlash va hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishmoqda.

Dastlab press-tur ishtirokchilari Andijon shahridagi "Dinar Group" mas’uliyati cheklangan jamiyati trikotaj korxonasida bo‘ldi. Andijon viloyati hokimi o‘rinbosari, Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i Muhammadjon Nishonov OAV vakillariga mavzu bo‘yicha axborot berdi. 

– Ayni kunda viloyatdagi 888 ta mahalla fuqarolar yig‘inida Tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari samarali faoliyat yuritmoqda, – deydi M.Nishonov. – Hokim yordamchilari tomonidan bugungi kunga qadar 110 ming 119 nafar fuqarolarning bandligini ta’minlandi. Jumladan, dehqonchilik qilish istagidagi 42 ming nafar fuqaroga 10 sotixdan yer ajratib berilib, ushbu maydonlarda “bir kontur bir mahsulot” tamoyili asosida sabzavot, kartoshka va dukkakli ekinlar yetishtirilmoqda. Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida esa hokim yordamchilari tavsiyanomalari asosida 322 milliard so‘m miqdorida kreditlar ajratilib, 14 ming 39 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, ularning tashabbusi bilan 1 ming 669 ta kichik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalari ishga tushirilib, 13 ming 400 ta yangi ish o‘rni yaratildi. 

Shundan so‘ng press-tur ishtirokchilari "Dinar Group" korxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Umumiy qiymati 10 million AQSH dollariga teng loyiha doirasida eng zamonaviy texnologiyalar asosida tashkil etilgan mazkur korxonada 800 nafardan ortiq xotin-qiz mehnat qilmoqda. Yiliga 20 million dollar qiymatdagi mahsulot eksport qilish quvvatiga ega korxonada ayollar uchun 20 dan ortiq turdagi liboslar ishlab chiqariladi. Mahsulotlar yuz foiz eksport qilinmoqda. Andijon shahri mahallalaridagi ko‘plab ishsiz xotin-qizlar korxonaga ishga joylashib, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgan.

Press-tur qatnashchilari Shahrixon tumani markazidagi Hunarmandlar markazida bo‘lib, bu yerda tashkil etilgan ko‘rgazmalarni ko‘zdan kechirdi. Tumanidagi Andijonlik mahalla fuqarolar yig‘inida hokim yordamchisi vazifasida ishlayotgan Yorqinoy To‘ychiyeva faoliyati, uning tashabbusi bilan aholi xonadonlarida tadbirkorlik, hunarmandlikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. 
Andijonlik mahallasida yashovchi Odinaxon Sattarova o‘z xonadonida do‘ppido‘zlik bilan shug‘ullanadi. “Ustoz-shogird” an’anasi asosida mahalla yoshlariga hunar o‘rgatib kelmoqda. Hunar o‘rgangan 20 nafardan ziyod ayollar shu yerning o‘zida mehnat qilmoqda. Ushbu xonadonda tayyorlanayotgan turli, bejirim do‘ppilar nafaqat Andijon, balki qo‘shni Farg‘ona, Namangan bozorlarida ham sotilmoqda. Eng asosiysi, bu yerda ishlayotgan opa-singillarimiz shu ish ortidan yaxshigina daromad topmoqda.

[gallery-7611]

Press-tur qatnashchilari Asaka tumanidagi “Asakatekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bo‘lib, ip-yigiruv, mato bo‘yash, trikotaj va sochiq mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Ayni kunda 1 ming 200 nafardan ziyod kishi mehnat qilayotgan mazkur korxonada o‘tgan yili Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiya davlatlariga 8,7 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulot eksport qilingan. Joriy yilda eksport hajmini 36 million dollarga yetkazish ko‘zda tutilgan. Shundan so‘ng Asaka tumani Chek mahallasida “Sabo Hamkor” MCHJ tomonidan “Net House” usulida qurilayotgan issiqxona bilan tanishildi. Maydoni 111 gektar bo‘lgan mazkur issiqxonada yiliga 400 ming tonna mahsulot yetishtiriladi va mahsulotning 90 foizi yevropa davlatlariga eksport qilinadi. Issiqxona ishga tushishi bilan 500 nafardan ziyod kishi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi, yana 500 nafardan ziyod kishi mavsumiy ishlarga jalb etiladi.

Tumanning Baxrin mahallasida “Vodiy muruvvati” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan aholi xonadonlarida jo‘ja va tovuq boqishni yo‘lga qo‘yish orqali aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishildi. Press-tur qatnashchilari Marhamat tumanidagi Alitepa mahallasidagi "Erkin Vohidov" nomidagi shaxmat maktabi hamda “Kelajak nuri” MCHJ tomonidan tashkil etilgan zamonaviy kutubxona faoliyati, shuningdek, xalqimizning sevimli shoiri Muhammad Yusuf xonadonida tashkil etilgan uy-muzeyi bilan tanishdi. 

Marhamat tumanining Qo‘shchi mahallasida "Buyuk maskan" MCHJ tomonidan aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar hamda Turkiya texnologiyasi usulida qurilgan bolalar bog‘i faoliyati  ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Shu kuni press-tur qatnashchilari Andijon shahrining Milliy tiklanish ko‘chasida tashkil etilgan 24/7 rejimida tunu-kun ishlaydigan savdo va ko‘ngilochar ko‘chasi bilan tanishdi. Uzunligi qariyb 1 kilometr bo‘lgan ushbu ko‘chada 66 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etilib 165 ta yangi ish o‘rni yaratilgan. Bu yerda bir oyda 5-7 milliard so‘mlik xizmatlar ko‘rsatish imkoniyati yaratilgan.

Press-tur davom etmoqda.

Faxriddin Ubaydullayev, 
Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA