Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijon viloyati 85 yoshda
18:18 / 2026-03-06

1941-yil 6-mart kuni sobiq ittifoq Oliy kengashi prezidiumining Andijon viloyatini tashkil etish to‘g‘risidagi farmoni e’lon qilingan edi. O‘sha paytda viloyat tarkibiga 13 ta rayon va 2 ta shahar bo‘lgan.

Bugungi kunga kelib, Andijon viloyati O‘zbekiston deb atalmish jannatmakon yurtning o‘ziga xos, betakror go‘zal va ohanrabo maskanlaridan biri hisoblanadi. U dunyoga mashhur olim va shoirlar, zukko va omilkor insonlar, mirishkor dehqon va tadbirkorlar yurti.

Andijon o‘zining qadim va salobatli tarixi, tabiati, rivojlanish yo‘li, shirinso‘z, mehmondo‘st odamlari bilan mamlakatning boshqa hududlaridan ajralib turadi. Viloyat hududida joylashgan bir necha ming yillik tarixga ega Sarvontepa, Elatan, Mingtepa, Dalvarzintepa, Qo‘shtepa yodgorliklari yurtimizning qadim tarixi haqida so‘zlaydi. 

Andijon Zahiriddin Muhammad Bobur, Nodirabegim, o‘zbek adabiyotining ulkan namoyandasi Abdulhamid Cho‘lpon, xalq artisti Abbos Bakirov singari yuzlab insonlar bilan ham mashhur. Andijon viloyati Farg‘ona viloyatining Quva, Yozyovon, Namangan viloyatining Uychi, Mingbuloq, Haqqulobod tumanlari, shuningdek, Qirg‘iziston Respublikasining O‘sh va Jalolobod viloyatlari bilan chegaradosh.

[gallery-28023]

Viloyatning g‘arbiy qismi qirli tekislik, sharqi esa Farg‘ona va Olay tizmalariga tutashib ketgan. Tog‘ tizmalari Farg‘ona vodiysini sovuq havoning kirib kelishidan to‘sib turganligi uchun qishda Andijon viloyatida ob-havo birmuncha barqaror, yozi esa issiq bo‘ladi. 

Viloyat hududini Sirdaryoning irmoqlaridan biri bo‘lgan Qoradaryo kesib o‘tadi. Viloyat hududi nafaqat Qoradaryo, balki Moylisuv, Oqbo‘ra, Aravonsoy, Shahrixonsoy, Janubiy Farg‘ona kanali, Katta Farg‘ona kanali, Andijonsoy kabi tarmoqlaridan suv oladi. Tuprog‘i bo‘z, qo‘ng‘ir, o‘tloqi, har yil bahorda adirlar yam-yashil o‘simliklar bilan qoplanadi.

Andijon viloyati aholisi mamlakatimizning eng zich hududlaridan biri hisoblanadi. Viloyat hududi respublika hududining 1 foizini, aholisi esa O‘zbekiston aholisining qariyb 10 foizini tashkil etadi. Umumiy maydoni 4,3 ming km² bo‘lgan viloyatda hozirda 3,6 million nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. 

Viloyat hudud jihatdan 14 ta tuman, 2 ta shahar, 909 ta mahalla fuqarolari yig‘iniga bo‘lingan. Viloyat markazi – Andijon shahri bo‘lib, 500  ming nafarga yaqin aholi yashaydi. Andijonliklar orasida “Andijon palovi”, qariyb yuz yillik tarixga ega hamda “Andijon polkasi” raqsi keng ommalashgan.

Viloyatda 4,5 mingdan ziyod davlat, nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, 760 umumta’lim, 14 ixtisoslashtirilgan, bitta Prezident va bitta ijod maktabi, 70 dan ortiq texnikum, 11 ta oliy o‘quv yurti,  bir ming 300 dan ziyod tibbiyot muassasalari faoliyat olib boradi. Shuningdek, viloyatdagi 271 ta jome masjidi, “Sayid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom bilim yurti, Andijon shahrida rus pravoslav va xristian cherkovlari mavjud.

Andijon respublika ishlab chiqarishida va madaniy taraqqiyotida yetakchi o‘rin tutgan viloyatlardan biri hisoblanadi. Viloyatda avtomobilsozlik, yengil sanoat, farmatsevtika, shuningdek, qishloq xo‘jaligi sohalari rivojlangan.

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari.