Huquq-tartibot idoralari tomonidan Andijon viloyatida noqonuniy diniy ta’lim berish bilan bog‘liq holatlar aniqlandi.
Jumladan, Asaka tumanida istiqomat qiluvchi, 1985 y.t. G.E. (ayol) hech qanday maxsus bilimga ega bo‘lmasada, o‘zining yashash xonadonida 2014-2016 yillar oralig‘ida tug‘ilgan 5 nafar voyaga yetmagan o‘g‘il bolalarga noqonuniy ravishda diniy saboq berib kelgan.
Bolalarning 4 nafari mahalliy, 1 nafari esa Qashqadaryo viloyatidan kelgan.
Ta’kidlash lozimki, 2016 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan bolaning ota-onasi farzandining o‘qishini G.E. orqali 2023 yilning noyabr oyida Asaka tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan birining 2-sinfiga ko‘chirishgan.
Maktab direktori esa bolani ota-onasining arizasisiz, tegishli buyruq chiqarmasdan o‘qishga qabul qilgan. Shuningdek, uni “hujra” sharoitida diniy ta’lim olayotganligidan xabardor bo‘lsada, zarur choralarni ko‘rmagan.
Qashqadaryolik bola fuqaro G.E.ning uyida yashagan va diniy saboq olgan. Ammo, mazkur ayol tomonidan muttasil kaltaklanishi oqibatida olgan jarohatlari tufayli, u shifoxonaga yotqizilgan.
Holat yuzasidan G.E.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 110-moddasi (qiynash) 2-qismi “a,v” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, maktab direktoriga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, egallab turgan lavozimidan bo‘shatildi.
Andijon tumanida ham shu kabi holat aniqlanib, 1975 y.t. A.U. (erkak) o‘z uyida “hujra” tashkil qilib, 2010 va 2013 yillarda tug‘ilgan 4 nafar o‘g‘il bolalarga diniy saboq berib kelgan.
Bolalardan biri Toshkent shahrida yashasada, ota-onasining xohishi bilan diniy saboq olishi uchun uning o‘qishi Andijon tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan biriga ko‘chirilgan.
Afsuski, bola maktab darslariga qatnashmagan bo‘lsada, mazkur maktab direktori uni majburiy ta’limga jalb qilish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rmagan.
Maktab direktoriga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, egallab turgan lavozimidan bo‘shatildi.
Fuqaro A.U.ga nisbatan esa O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 241-moddasiga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
O‘zA