Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijon turk dunyosining madaniy poytaxti degan nomga munosib bo‘ladi
16:37 / 2026-02-09

Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti – TURKSOY Bosh kotibi Sulton Rayev bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirok etdi.

Muloqot davomida turkiy xalqlarning tarixiy ildizlari, ma’naviy va madaniy mushtarakligiga tayanilgan holda o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish, umumturkiy hamkorlikni mustahkamlash muhim ekani ta’kidlandi.

Xususan, TURKSOY Bosh kotibiyati, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida 2026 yilda Andijon shahrida o‘tkaziladigan “Turkiy dunyoning madaniy poytaxti” tadbirlariga tayyorgarlik doirasida amalga oshiriladigan ishlar rejasi ishlab chiqilib, ushbu reja bo‘yicha kelishuvga erishildi.

[gallery-27555]

Rejada madaniy diplomatiyani kuchaytirish, turkiy davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va hamjihatlikni mustahkamlash, Andijon shahrining xalqaro nufuzini oshirish hamda uni turkiy dunyoning muhim madaniy markazlaridan biriga aylantirishga qaratilgan keng ko‘lamli tadbirlarni tashkil etish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilab olindi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha Sulton Rayev, Ozodbek Nazarbekov va Shuhratbek Abdurahmonov ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazildi.

Matbuot anjumanida joriy yilda Andijon viloyatida qator yirik madaniy tadbirlar – rassomlar festivali, xalqaro teatr festivali, Turkiy dunyo muzeylari uchrashuvini tashkil etish, shuningdek, “Andijon polkasi” raqsini nomoddiy madaniy meros namunasi sifatida xalqaro ro‘yxatga kiritish bo‘yicha rejalar xususida ma’lumot berildi.

– Andijonga har qancha go‘zal ta’riflar aytsak yarashadi, – dedi Turksoy Bosh kotibi Sulton Rayev. –  Joriy yilda “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” tadbirlarining aynan Andijondan boshlanishi ham barchamizga katta xursandchilik bag‘ishlaydi. Ishonamanki, Andijon bu nomga munosib bo‘la oladi. 

Matbuot anjumani davomida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi. 

 F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari