Andijon viloyatidagi 107 gektar maydonni qamrab olgan “Shirmonbuloq” turizm maskani hududida zamonaviy loyihalar asosida keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Prezidentimiz Andijonga tashrifi chog‘ida viloyatning boy tabiiy imkoniyatlaridan samarali foydalanish, aholi va sayyohlar uchun zamonaviy dam olish maskanlarini yaratish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berilgan edi. Mazkur topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida hozirda “Shirmonbuloq” hududida amaliy ishlar jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
Loyiha doirasida dam oluvchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida mehmon uylari (dachalar) va akvapark qurilishi rejalashtirilgan. Shu bilan birga, ichimlik va oqova suv tarmoqlari to‘liq yangilanmoqda, 5,5 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llar asfaltlanmoqda, elektr va suv ta’minoti tizimlari modernizatsiya qilinmoqda.
[gallery-25977]
Hududda ikkita ko‘tarmali nasos stansiyasi va bir kilometr bosimli quvur tarmoqlari qurilayotgani, yo‘l chetlariga lotoklar o‘rnatish hamda tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etish ishlari ham izchil amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, suv havzasi, dam olish va sog‘lomlashtirish sanatoriyasi qurilishi ham bosqichma-bosqich davom etmoqda. Barcha ishlar ekologik talablar va hududning tabiiy manzarasiga mos ravishda tashkil etilmoqda.
Loyiha to‘liq amalga oshirilgandan so‘ng “Shirmonbuloq” maskani nafaqat andijonliklar, balki mamlakatimiz va xorijiy sayyohlar uchun ham jozibali dam olish va sayohat markaziga aylanishi kutilmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari