Andijon viloyatida jami 13 ming 346 kilometr avtomobil yo‘li mavjud.
Shundan 2 ming 463 kilometri umumfoydalanuvdagi, 10 ming 883 kilometri ichki va xo‘jalik yo‘llaridir. Keyingi yillarda viloyatda avtomobil va ichki yo‘llarni qayta qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, ichki yo‘llarni ta’mirlash doimiy e’tiborda. Natijada chekka hududlardagi necha o‘n yillar davomida ta’mirlanmagan, yozda chang, qishda loy ko‘chalarga shag‘al yotqizildi, ma’lum bir qismi asfaltlandi, ma’lum qismi esa beton qoplamasi bilan qoplandi.
Ichki yo‘llarni ta’mirlash dasturlari bo‘yicha joriy yilda jami 395 kilometr yo‘lni, xususan, 83,8 kilometrni asfaltlash, 270 kilometr qismini sement-beton qoplamasi bilan qoplash, 41 kilometr qismini shag‘allash belgilangan. Shundan, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 32 ta mahallada 173,1 kilometr yo‘lni ta’mirlash ko‘zda tutilgan. Hozirga qadar “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida jami 46,3 kilometr, ya’ni 18 kilometr yo‘l asfaltlandi, 11,5 kilometr yo‘lga sement-beton qoplamasi yotkizildi, 27,4 kilometr yo‘l shag‘allandi. Bu boradagi ishlar izchil davom etmoqda. Bundan tashqari, 273 kilometr ichki yo‘lga hashar yo‘li bilan shag‘al yotqizildi.
[gallery-8218]
Viloyat hokimi tashabbusi bilan ichki yo‘llarni ta’mirlash, yo‘llardan foydalanish muddatini uzaytirish maqsadida ilg‘or tajriba amaliyotga tatbiq etildi. Ya’ni ichki yo‘llarni asfaltlash, shag‘allash o‘rniga beton qoplamasi bilan qoplash yo‘lga qo‘yildi. Andijon tajribasi tariqasida boshlangan bu boradagi ishlar samaradorligi va afzalligi bilan nafaqat mutaxassislar, balki keng jamoatchilik tomonidan alohida e’tirof etilmoqda. Joriy yilning o‘tgan davrida viloyatda 23 kilometr yo‘lga beton qoplamasi yotkizildi.
Mutaxassislar tomonidan ichki yo‘llarga asfaltdan ko‘ra, beton qoplamasi yotqizishning afzalliklari yuqori bo‘lishi ta’kidlanmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 1 kilometr uzunlikda, kengligi 4,5 metr bo‘lgan ko‘chani asfallashdan ko‘ra beton qoplamasi yotqizishda ish va mablag‘ sarfi tejalishi, yo‘llarning sifati va yaroqlilik muddati uzayishi, umuman, beton qoplamali yo‘llar ko‘p jihatlari bilan ustunlikka ega bo‘lishi amalda o‘z isbotini topdi.
Ayni kunda mazkur yo‘nalishdagi ishlar Prezidentimizning 2022 yil 18 maydagi “Sement-beton qoplamali avtomobil yo‘llari tarmog‘ini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan tasdiqlangan reja bo‘yicha olib borilmoqda. Ichki yo‘llarni sement-beton qoplamali tarzda qurish ishlari tuman va shaharlar hokimlari, sektor rahbarlari bilan birgalikda joylardagi murojaatlardan, shuningdek, “Og‘ir hudud” deb topilgan mahallalarning takliflaridan kelib chiqib rejalashtirilmoqda.
Xalq deputatlari viloyat Kengashida barcha hududlardan kelib tushgan manzilli ro‘yxatlar, takliflar ko‘rib chiqilib, o‘rganilib, amalga oshirish bo‘yicha qarorlar qabul qilinishi yo‘lga qo‘yildi. Sement-beton qoplamali yo‘llarning qurilishini tashkil etish va muvofiqlashtirib borish bo‘yicha viloyat avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasida shtab tashkil etildi. Viloyatda beton yo‘l qurilish klasterlarini tashkil etish hamda sement ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tadbirkorlarga imtiyozli kredit va zarur yordam ko‘rsatilganligi natijasida hozirda 3 ta yirik sement-beton yo‘l qurilish klasteri tashkil etilgan.
Ana shunday klasterlardan biri “Alfa Imperial Beton” MCHJ 100 dan ortiq maxsus texnika, maxsus jihoz va 300 nafardan ziyod malakali mutaxassislarga ega. Eng asosiysi korxona yiliga 1 million 200 ming tonna sement ishlab chiqarish imkoniga ega. Ichki yo‘llarni beton qoplamasi bilan qoplash asfaltlashdan ko‘ra, birmuncha arzon bo‘lishi, yo‘ldan foydalanish muddati ham bir necha yilga ortishi qayd etilmoqda. Hozirga qadar yuqoridagi klaster korxonalari tomonidan viloyatdagi jami 23 kilometr uzunlikdagi ichki yo‘llarga beton qoplamasi yotkizilgan.
– Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra 1 kilometr beton yo‘lning narxi 580-585 million so‘mga to‘g‘ri keladi, – deydi Andijon avtomobil yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi Mintaqaviy yo‘llarga buyurtmachi xizmati unitar korxonasi rahbari o‘rinbosari Shoxruxbek
Qurbonov. – Hozirga qadar beton qoplangan 23 kilometr yo‘lning 5,4 kilometrini 14 santimetr qalinlikda 200-250 markali, 17,6 kilometrini 18 santimetr qalinlikda 300 markali beton bilan qoplanganda xarajat asfaltlashga ketadigan xarajatga nisbatan 600 million so‘m arzon bo‘ldi. Ya’ni shuncha mablag‘ iqtisod qilindi. Bundan tashqari, yo‘lning sifati, yaroqlilik muddati va boshqa parametrlari juda yaxshi. Masalan, beton yo‘lning foydalanish muddati asfalt yo‘lga nisbatan bir necha yilga uzoq bo‘ladi.
– Mahallamizdagi ichki yo‘llar beton qoplamasi bilan qoplandi, – deydi Andijon shahridagi Islomobod mahallasida yashovchi, mehnat faxriysi Muyassarxon Hasanova. – Bu ko‘chalarimizga o‘zgacha ko‘rk bag‘ishladi. Avvalgi o‘ydim-chuqur ko‘chalardan asar ham qolmadi, ayniqsa, mustahkamligini aytmaysizmi. Ochig‘i, butun mahalla ahli ko‘chalarimiz beton bilan qoplanganligidan behad mamnun.
Mahallalardagi ichki yo‘llarni sement-beton qoplamaga o‘tkazilishi aholi va jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda, yurtdoshlarimizga manzur bo‘lmoqda.
– “Obod qishloq” dasturi doirasida mahallamizdagi ko‘chaning 1,3 kilometr qismiga beton qoplamasi yotkizildi, – deydi Xo‘jaobod tumanidagi Toshota mahallasi Ziyoratgoh ko‘chasida yashovchi Nurmuhammad Hakimov. – Ochig‘i, ko‘chamiz beton bilan qoplanishini eshitganimizda xayolimizga “qanday bo‘lar ekan” degan fikr kelgan edi. Mana, beton yotqizildi. Ko‘chalarimiz o‘zgacha chiroy ochdi, mustahkam va ravonligi har qanday kishining havasini keltiradi.
Bugun mahallalarda aksariyat sement-beton qoplamali yo‘llarning eni 4,5 metrni, qalinligi 18 santimetrni, yaroqlilik muddati esa kamida 10 yilni tashkil etadi. Eng asosiysi, pudratchi tashkilot mutaxassislari tomonidan yo‘lning holati, sifati 5 yil davomida nazorat qilib boriladi. Bir so‘z bilan aytganda, Andijon tajribasi sifatida boshlangan yo‘llarni sement-beton qoplamasi bilan qoplash ishlari barchaga birdek manzur bo‘lmoqda. Chiroyli, sifatli bunday yo‘llar aholining turmush farovonligini yuksaltirmoqda, kayfiyatini ko‘tarmoqda.
Faxriddin UBAYDULLAEV,
Zuhriddin UMRZOQOV (surat), O‘zA