English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijon shahridagi Prezident maktabida o‘quv yili muvaffaqiyatli yakunlandi
17:42 / 2025-06-23

FOTOREPORTAJ

Andijon shahridagi Prezident maktabida 2024/2025 o‘quv yili yakuni munosabati bilan “Ilm – eng buyuk sharaf!” shiori ostida bitiruv tadbiri bo‘lib o‘tdi. Unda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, o‘qituvchilar, o‘quvchilar va ularning ota-onalari ishtirok etdi.

Tadbirda ta’kidlanganidek, ushbu ta’lim dargohida o‘quv jarayonlari xalqaro standartlarga mos ravishda xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan “STEAM-ta’lim” dasturi asosida, to‘liq ingliz tilida olib boriladi. Bu esa matematika, fizika, kimyo, biologiya, axborot texnologiyalari hamda xorijiy til kabi fanlarni chuqur va zamonaviy uslubda o‘rgatish imkonini bermoqda. Bunday ta’lim formati o‘quvchilarda kreativ fikrlash, mustaqil izlanish va yuqori darajadagi bilimga intilish kompetensiyalarini shakllantirmoqda.

Mazkur maktab 2021 yil oktyabr oyida o‘z faoliyatini boshlagan bo‘lib, bugungi kunda bu yerda 168 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. Bu yil 24 nafar o‘quvchi maktabni muvaffaqiyatli tamomladi.

[gallery-24017]

Bitiruvchilarning barchasi 100 foizlik natija bilan xalqaro IELTS imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tdi. Eng yuqori ball 8.0, eng past ball esa 7.0 ni tashkil etdi. Shuningdek, 19 nafar o‘quvchi xalqaro SAT imtihonida yuqori ko‘rsatkichni qayd etdi. Shuningdek, bitiruvchilarning ko‘pchiligi qator xorijiy oliy ta’lim muassasalariga qabul qilingani va yirik grantlar yutgani ham e’tiborga molik.  

Bu kabi natijalar Andijon shahridagi Prezident maktabining xalqaro darajadagi sifatli ta’lim markaziga aylanayotganidan dalolatdir. Ilm va bilimni ustuvor qadriyat sifatida targ‘ib qilayotgan ushbu maskanda yetishib chiqayotgan yoshlar nafaqat yurtimiz, balki jahon ta’lim fazosida ham o‘z o‘rni albatta, topajak.

Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA