English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijon shahrida “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar to‘liq kambag‘allikdan chiqarildi
11:22 / 2020-12-14

Xalq deputatlari Andijon shahar Kengashining sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda.

Unda Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarov 2020 yilda shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda 2021 yilga mo‘ljallangan ustuvor vazifalar yuzasidan hisobot berdi.

Prezidentimizning 2020 yil 1 maydagi "Hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning reyting baholash tizimini joriy etish to‘g‘risida"gi qaroriga asosan hududlarni barqaror va jadal rivojlantirish uchun ularning kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini, tabiiy xomashyo resurslaridan foydalanish samaradorligini, iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini, shuningdek, hududlarning boshqa qiyosiy ustun jihatlarini baholashning yagona tizimi joriy etilgandi.

Shu jihatdan Andijon shahri “Yashil” hududlar qatoriga kiritilib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda barcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha yuqori o‘rinlardan birini egallab turibdi. Bunda asosan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarining hissasi yuqori.

Sessiyada Andijon shahrini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ayrim ko‘rsatkichlar ma’lum qilindi. Xususan, joriy yilning yanvar-oktyabr oylari yakuni bo‘yicha sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 4 trillion 799 milliard so‘mni tashkil qildi.

Tashqi savdo aylanmasi 303 million dollarni, o‘sish surati o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 108,3 foizni tashkil etdi. 60,2 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Joriy yilda hunarmandchilik yo‘nalishi bo‘yicha 411 ta loyiha uchun 12 milliard 441 million so‘m kredit mablag‘i ajratildi. Buning evaziga 484 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga erishildi.

“Har bir oila – tadbirkor” dasturi bo‘yicha 1 ming 131 ta loyiha uchun 42 milliard 453 million so‘m kredit mablag‘i ajratilib, 1 ming 389 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

Kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha “Temir daftar”ga 9 ming 402 ta kambag‘al oila kiritilib, hozirgi kunda barcha oilalarni to‘liq kambag‘allikdan chiqarilishi ta’minlandi. Ushbu oilalardagi 9 ming 845 nafar mehnatga layoqatli ishsizlarning to‘liq bandligi ta’minlandi.

[gallery-429]

N.Nasriyev, O‘zA