Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijon shahrida oilaviy poliklinika yangi binoda ish boshladi
15:14 / 2021-12-21

Yangi yil bayrami arafasida Andijon shahridagi «Sog‘lom avlod» mahalla fuqarolar yig‘inida 8-oilaviy poliklinikaning 350 qatnovga mo‘ljallangan yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Tibbiyot xodimlari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan mazkur tibbiyot muassasasi ochilishida so‘z olgan viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov mamlakatimizda aholi sog‘ligini muhofaza qilish, tibbiyot muassasalari uchun moslashtirilgan yangi binolar qurish, ularni ilg‘or va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilayotgani, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati tobora yuksalib borayotganini ta’kidladi.

Uch qavatli yangi binoda ish boshlagan Andijon shahridagi 8-oilaviy poliklinika tomonidan shahardagi 56,5 ming nafardan ziyod kishi istiqomat qilayotgan 10 ta mahalla aholisiga tibbiy xizmat ko‘rsatiladi.

– Zamonaviy qiyofa va barcha qulayliklarga ega poliklinikaning kuniga 350 qatnovga mo‘ljallangan yangi binosini barpo etish va jihozlash uchun 6 milliard 800 million so‘m byudjet mablag‘lari sarflandi, – deydi 8- oilaviy poliklinika bosh shifokori Manzuraxon Madaminova. – Bu yerda nafaqat kelib-ketuvchilar, balki shifokorlarning samarali ish yuritishi uchun ham zarur shart-sharoitlar yaratilgan.

[gallery-5164]

Zamonaviy usulda qurilgan 3 qavatdan iborat mazkur binoda jami 75 ta xona mavjud. Binoning pastki qavatida fizioterapiya xonasi, 70 o‘ringa mo‘ljallangan majlislar zali, jismoniy davolash, xodimlar kiyinish xonalari, laboratoriya, sterilizatsiya, infeksiya bo‘limlari, shuningdek, omborxona mavjud. Birinchi va ikkinchi qavatlarda esa ginekologiya bo‘limi, emlash, muolaja xonalari, ro‘yxatxona, ijtimoiy apteka, turli yo‘nalishlar bo‘yicha shifokorlar xonalari joylashgan.

Rentgen bo‘limi, EKG, UZI xonalari eng zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta’minlangan. Endilikda mazkur poliklinika xizmat ko‘rsatadigan mahallalarda aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifati yanada yuksaladi. Qolaversa, bu yerda turli xastaliklarni erta aniqlash, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish barobarida qator qulaylik yaratildi.

 

F.Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA