Andijonda umumta’lim maktablari o‘quvchilari hamda ularning otalari o‘rtasida "Yoshlik raqsi” deb nomlangan tanlov o‘tkaziladi.
Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi tashabbusi bilan Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus ijrosini ta’minlash, xalqimizning milliy qadriyatlarini ulug‘lash hamda yosh avlodni Vatanga muhabbat, milliy qadriyat va an’analarimizga hurmat ruhida tarbiyalash borasidagi ishlar samaradorligini oshirish maqsadida "Andijon polkasi" ijrosi bo‘yicha “Yoshlik raqsi” ko‘rik-tanlovi tashkil etildi.
[gallery-236]
– Andijonliklar, ayniqsa, yoshlarimiz “Andijon polkasi” bilan faxrlanadilar, – deydi Andijon viloyati xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Mirkomilov. – Taniqli musiqachi, O‘zbekiston Xalq artisti Orifjon Toshmatov tomonidan yaratilgan, “Andijon polkasi” nomi bilan ma’lum va mashhur bo‘lgan raqs har qanday kishiga shijoat, intilish, ruhiy ko‘tarinkilik baxsh etadi. Raqsning ana shu jozibasi orqali yoshlarimiz qalbida Vatanga, milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘ularini yanada mustahkamlash tanlovning bosh maqsadidir.
Tanlov ikki yo‘nalishda "O‘quvchilarning otalari ijrosida “Andijon polkasi" hamda "O‘quvchilar o‘rtasida “Andijon polkasi" chellenj usulida o‘tkaziladi. Ya’ni ijro etilgan raqslar videotasvirga olinib, viloyat xalq ta’limi boshqarmasining telegramm kanaliga joylashtirib boriladi.
“Andijon polkasi” raqsi ijrosi aks etgan va yuborilgan videotasvirlar mutaxassislar hamda muxlislar tomonidan ko‘rib boriladi. Joriy yil yangi yil bayrami arafasida yakunlanadigan tanlovning eng mohir ijrochilari munosib rag‘batlantiriladi.
F.UBAYDULLAEV, O‘zA