French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andijon davlat texnika institutida dual ta’lim tizimi samarali yo‘lga qo‘yilmoqda
16:19 / 2025-11-03

Andijon davlat texnika institutida mingdan ortiq talabalar 30 dan ortiq yirik korxona va tashkilotlarda dual ta’lim tizimi asosida tahsil olmoqda. Ushbu tizim nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlab, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish, amaliyot orqali bilim sifatini oshirishga xizmat qiladi.

O‘zbekistonda ta’lim sifatini yuksaltirish, yoshlarni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga o‘rgatish, shu orqali iqtisodiyot sohalari uchun raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash davlat siyosatida ustuvor yo‘nalishlardan biri hisoblanadi. Bu jarayonda dual ta’lim tizimi nazariy bilim va ish amaliyotini uyg‘unlashtiruvchi zamonaviy uslub sifatida muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimizning ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini chuqurlashtirish bo‘yicha topshiriqlari ijrosi doirasida institutda ham bu yo‘nalishda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda talabalar 30 dan ortiq yirik korxona va tashkilotlarda, jumladan, “OʻzAuto Austem” MCHJda ham nazariy darslarni o‘zlashtirish bilan birga ishlab chiqarish jarayonlarida bevosita ishtirok etmoqda.

Dual ta’lim tizimi talabalarga nazariy bilimni real ish muhitida sinovdan o‘tkazish imkonini beradi. Masalan, “OʻzAuto Austem” MCHJda talabalar zamonaviy robotlashtirilgan liniyalarda amaliyot o‘tayotgani, mutaxassis ustozlar rahbarligida detallarni ishlab chiqarish, sifat nazorati, texnika xavfsizligi va ishlab chiqarish samaradorligini ta’minlash kabi ko‘nikmalarga ega bo‘lishlari bilan ajralib turadi.

Bu jarayon nafaqat talabalar, balki korxonalar uchun ham manfaatlidir. Amaliyotdan o‘tgan yoshlar keyinchalik tayyor kadr sifatida ishga qabul qilinishi mumkin. Shu tariqa mehnat bozorida tajribali va ishbilarmon mutaxassislar qatlami shakllanmoqda.

Institut rahbariyatining ta’kidlashicha, dual ta’lim tizimi mehnat bozoridagi real ehtiyojlardan kelib chiqib tashkil etiladi. Bu orqali ish beruvchilar bilan samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi va iqtisodiyotning turli tarmoqlari uchun zamonaviy talablarga javob beradigan mutaxassislar tayyorlanadi.

Talabalar har hafta belgilangan reja asosida nazariy darslarni institutda, amaliy mashg‘ulotlarni esa ishlab chiqarishda o‘tamoqda. Shu tariqa ular diplom bilan bir qatorda ish tajribasiga ham ega bo‘lmoqda.

[gallery-26054]

– Dual ta’lim tizimi bizga kasbiy ko‘nikmalarni tezroq egallash, ish muhitiga moslashish imkonini berdi, – deydi institutning “Mashinasozlik texnologiyasi” yo‘nalishi talabasi Dilshodbek Yusupov. – Bu yerda nafaqat ishlashni, balki jamoada muloqot qilish va mas’uliyatni his etishni ham o‘rganyapmiz. 

Ushbu tizim ta’lim sifatini yuksaltirish, yoshlar bandligini ta’minlash va ishlab chiqarishda innovatsion fikrlaydigan mutaxassislar tayyorlashda muhim omilga aylanmoqda.

Faxriddin Ubaydullayev,

Zuhriddin Umrzoqov (foto), O‘zA