Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andarxonda qovunchilik klasteri tashkil etiladi
15:00 / 2022-01-23

Farg‘ona viloyati Beshariq tumani Andarxon qishlog‘idagi ko‘plab uylarda qovunxonalar bor. Qishloq ahli qovunlarni hatto may oyigacha saqlab keladi.

Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov Beshariq tumanidagi o‘rganishlari davomida “Andarxon” mahalla fuqarolar yig‘inida bo‘ldi, nuroniylar va qishloq ahli bilan samimiy suhbatlashdi.

Muloqotda andorxonliklar hududning “o‘sish nuqtasi” qovunchilikni rivojlantirish ekanligini ma’lum qildilar. Bu yerda 845 tadan ziyod xonadonlar bo‘lib, qadimdan qovun saqlash sirlarini o‘zlashtirib kelgani sabab aholi 70-80 foiz xonadonlarda qovunchilik bilan shug‘ullanadi.

Saqlash joylarida bo‘rikalla, qirqma, umrboqiy, kampirto‘n va boshqa navdagi qovunlar saqlanadi. Qishloq ahli asosan, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida dehqonchilik qiladi. Shirindan shakar qovunlarni saqlashda qishloq hududining geografik joylashuvi ham muhim ahamiyatga ega. Hududning o‘ziga xos shamoli va saqlash joylari qovunlarni hatto may oyigacha saqlash imkonini beradi.

Qishloqdagi Sharipovlar xonadonida bo‘lgan viloyat hokimi oila daromadi bilan qiziqdi. Xonadon vakillari bir yilda 1 gektar yerdan sarf-harajatlardan tashqari 20 mln so‘mdan ortiq daromad qilishini aytishdi.

93 yoshli otaxon Shamsiddin Isomiddinov ham mehmonlarni o‘z uyga taklif qilib, xonadonda saqlanayotgan qovunlarni ko‘rsatdi.

Andarxon qovunlaridan ta’tib ko‘rgan viloyat rahbari bunday shirin qovunlarga xorijliklar, xususan, yaponiyaliklar ham katta qiziqish bildirishganini ta’kidladi.

Tegishli viloyat hamda tuman mutasaddilari bilan birgalikda barcha amaliy chora-tadbirlarni belgilab, qovunchilik klasterini tashkil etish bo‘yicha topshiriq berildi.

M. Sulaymonov, O‘zA