Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Andarxon – qovunlar "mamlakati"
12:35 / 2025-11-13

Tarixi qadim davrlarga borib taqaladigan Andarxon qishlog‘i o‘zining tabiiy, ijtimoiy, iqtisodiy hayoti bilan ajralib turadi.

Vodiyning darvozasidagi bu qishloq Buyuk ipak yo‘li bo‘yida joylashgan. Bu yerdan Tojikistonga kirilgan va ko‘hna kentlar – Konibodom, Xo‘jand, Panjakent, O‘ratepa, Isfaraga yo‘l olingan. Qolaversa, tog‘lar osha qo‘shni davlatlarga borilgan. Shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining “Boburnoma” asarida bu hududlar haqida yozib qoldirgan. Ehtimol, shoirning qovun haqida yozgan g‘azaliga Andarxonda yetishtirilgan qovunning tilimlari sabab bo‘lgandir.

Qishloqning tarixan shakllangan udumlari, yashash tarzi bor. Aholi, asosan, qovunchilik bilan shug‘ullangan. Hatto, sobiq ittifoqning paxta yakkahokimligi davrida ham andarxonliklar cho‘l hududlari – Jizzax, Sirdaryo viloyatlariga borib, dehqonchilik qilishgan. Qovun ekib, saqlab, hamdo‘stlik mamlakatlari bozorlariga olib borib sotishgan. Rossiyaning qahraton qishida ham andarxonlik dehqonning shirin qovunlari sotilgan. Uning ko‘lami va bozorlari shu darajada ommalashgan. 

Garchand uni uzoq o‘lkalarga eltish, yetkazib borish hozirgidek qulay bo‘lmasa-da, dehqonlar buning uddasidan chiqishgan. Xonadonlarda minglab qovunlar saralanib, qo‘g‘a bilan bog‘lanib, maxsus omborlarda saqlangan. Bog‘langan qovunlar bir necha qavat qilib yog‘ochlardan yasalgan so‘kichaklarga osib chiqilgan. Xonaga barxan qumi – shirqum yozilib, past qismi va tepadan alohida tuynuklar ochilib, havo aylanishi ta’minlangan. Natijada tabiiy muzlatgich hosil bo‘lib, qovunlarning uzoq vaqt asl holatda saqlanishini ta’minlagan.

Andarxon vodiy darvozasida joylashgani haqida yuqorida aytib o‘tdik. G‘arbdan Qayroqqum suv omboridan esadigan shabboda shamol bo‘lib keladi bu yerlarga. Tez-tez esib turadigan shamollar qovunxonalar tuynugidan kirib, havo aylanishini ta’minlaydi. Sodda qilib aytganda, konditsioner vazifasini o‘taydi.

Andarxonning yaxshi holatda saqlangan qovunlari kuzdan to kelgusi yil qovun pishig‘igacha bozorlarga chiqariladi. Bu davrda qishloq ko‘chalarida qator-qator yuk mashinalariga qovunlar yuklanayotganini kuzatishimiz mumkin.

Qovun savdosi andarxonliklar uchun yuqori daromad manbai, oila farovonligi va boyligi desak, xato bo‘lmaydi. Qovundan kelgan daromad tufayli aholining turar joylari obod, har uyda mashina bor. Odamlari mehmondo‘st, shirinsuxan, suhbati bir tilim qovundek mazali. Qishloqda istiqomat qiluvchi fuqarolar savdo-sotiq orqali qo‘shni Tojikiston Respublikasining Konibodom va Isfara shaharlari fuqarolari bilan qon-qardosh bo‘lib ketgan.

Dehqonlar qovunning qadimiy qirqmadan gulobigacha bo‘lgan o‘nlab navlarini yetishtiradi. Ularning mazasi doimo bozorgir, xaridor intilib oladi.

Esimda, bundan bir necha yil oldin Qozog‘istonning shimoliy viloyatidan kelgan bloger yigit bozorda bir tilim qovun iste’mol qilib, mazasiga tan berib, uning yetishtirish jarayoni bilan qiziqib, ko‘rsatuv tayyorladi. Andarxon qovunlari haqidagi videorolik ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib, ommalashdi. Xalqaro mavzuda ko‘rsatuv va eshittirishlar tayyorlaydigan farg‘onalik jurnalist Ahror Ziyodov “Bi-Bi-Si” orqali Andarxon qovunlarini targ‘ib qilgach, bu ko‘lam yanada kengaydi.

Mahallalarning o‘sish nuqtasi – “drayveri” belgilanganda, Andarxonning ramziy belgisi sifatida qovunchilik tanlandi.

Respublikamizda turizmni rivojlantirishga katta e’tibor qaratilayotgan bir davrda Andarxonda uning gastronomik turi yo‘lga qo‘yildi. Bu yerda xalqaro “Qovunsayli” va festivalini o‘tkazish an’anaga aylanib bormoqda. Bunday tadbirlar nafaqat dehqon mehnatini ulug‘lash, balki turli millatlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamjihatlik ramzi bo‘lib qolmoqda.Qolaversa, xorijiy davlatlardan mehmonlar tashrif buyurayotgani mamlakatimizda tinchlik va millatlararo totuvlik barqarorligidan, o‘zbek an’ana va udumlari inson qadri va manfaati uchun xizmat qilayotganidan darak bermoqda. 

Uzoq Yaponiya, Hindiston, Xitoy, Rossiya Federatsiyasi kabi chet davlatlardan kelayotgan sayyohlar Andarxon qovunlarini tatib, uning tilyorar ta’mini o‘z yurtdoshlariga gapirib, O‘zbekistonda shunday qishloq – qovunlar mamlakati borligini hikoya qilsa, ne ajab.

Muhammadjon Obidov, O‘zA