Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Andarxon” chegara bojxona postida maxsus-taktik o‘quv mashg‘uloti bo‘lib o‘tdi
17:23 / 2022-03-13

Radioaktiv materiallarni bojxona chegaralaridan noqonuniy olib o‘tilishining oldini olish, uni aniqlash va bu kabi bojxona qonun buzilishi holatlariga o‘z vaqtida chek qo‘yilishini ta’minlash maqsadida barcha chegara bojxona postlarida zamonaviy radioaktiv materiallarni aniqlashga mo‘ljallangan radiatsion portal monitorlar bilan jihozlandi.

Farg‘ona viloyati bojxona boshqarmasi “Andarxon” chegara bojxona postida sanksiyalanmagan ionlashtiruvchi nurlanish manbalari va portlovchi moddalarni noqonuniy ravishda bojxona chegaralari orqali olib o‘tilishini oldini olishga  qaratilgan hamkorlikdagi tarkibiy tuzilmalar bilan ikki bosqichlik maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulot bo‘lib o‘tdi. 

Mazkur o‘quv mashg‘uloti ionlashtiruvchi nurlanish manbasini bojxona nazorati maskani orqali noqonuniy ravishda chetga olib chiqishga urinish holati aniqlanganda tizim tarkibiga kiruvchi xizmatlarning hamkorlikdagi harakatlarining asosiy mexanizmlarini ko‘rsatib berish maqsadida o‘tkazildi.

O‘quv mashg‘ulotida dastlab bojxona xodimi tomonidan post orqali chiqish yo‘nalishida harakatlanayotgan avtotransport vositasida hujjatlarda ko‘rsatilmagan ionlashtiruvchi nurlanish manbasi mavjudligi aniqlandi. Bojxona xodimi tomonidan fuqarolar hamda avtotransport vositalarining daxlsizligini ta’minlash maqsadida avtomashina va haydovchi holi hududga ajratilgan holda, bojxona xodimlari tomonidan vaziyat to‘g‘risida o‘rnatilgan tartibda hamkorlikdagi xizmatlarga xabar berish, avtomashinadagi manbaning daxlsizligi, xavfsizligini saqlash hamda dastlabki dozimetriyani amalga oshirish tadbirlari tashkil etildi. Shundan so‘ng, hamkorlikdagi xizmat xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 15 oktyabrdagi  “Radiatsiyaviy avariyalarni prognozlashtirish, barvaqt aniqlash va harakat qilish yagona davlat tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari” qarorida belgilangan vazifalarni bajarishga kirishdilar. Bunda asosiy e’tibor mamlakatimizning radiatsiyaviy xavfsizligini ta’minlash, aholi salomatligi hamda atrof muhitga radiatsiyaviy zarar yetishini oldini olishga qaratildi. 

Mazkur o‘quv mashqida “Andarxon” chegara bojxona postida ionlashtiruvchi nurlanish manbasi aniqlangan avtotransport vositasi va unga tutash hududlar muhofazalandi hamda hudud qo‘riqlandi, ushbu hududdan fuqarolar evakuatsiya qilinib, aniqlangan mazkur predmetga aniqlik kiritilib tezkor tergov harakatlari olib borildi. Aniqlangan ionlashtiruvchi nurlanish manbasi post hududidan maxsus vositalari bilan olib chiqib ketilib mazkur jarayonlarda qatnashgan barcha fuqarolar radiatsiyaga qarshi ishlovdan o‘tkazildi hamda ularning sog‘ligini nazoratga olish bilan o‘quv mashg‘ulotning birinchi bosqichi yakunlandi.

O‘quv mashg‘ulotining ikkinchi bosqichida “Andarxon” chegara bojxona posti orqali harakatlangan avtotransport vositasida aniqlangan portlovchi modda va uni zararsizlantirishda tizimga kiruvchi hamkor xizmatlar harakatiga bag‘ishlandi.

Posti orqali harakatlangan avtotransport vositalari belgilangan tartibda bojxona xodimi va kinolog hamda uning xizmat iti yordamida bojxona nazoratidan o‘tkazilganida, avtotransport vositasida portlovchi modda borligi haqida xizmat iti belgi berishi bilan o‘quv mashg‘uloti boshlandi. Postda avtotransport vositasida portlovchi modda borligi haqidagi xabar zudlik bilan tegishli va hamkor tashkilotlarga xabar berildi. Avtotransport vositasi atrofi muhofaza qilindi. Postga yetib kelgan maxsus xizmat xodimlari maxsus texnik vositalari bilan avtotransport vositasini ko‘zdan kechirib zaruriy tezkor choralar ko‘rildi. Buning natijasida avtotransport vositasidagi portlovchi modda postning fuqarolar hamda avtotransport vositalaridan holi hududiga olib borilib zararsizlantirildi.

Maxsus-taktik o‘quv mashg‘ulotlarining muntazam o‘tkazilib turilishi xodimlarning bunday vaziyatlarda hamkorlikda to‘g‘ri va ishonchli harakat qilishlari uchun muhim bo‘lgan tajriba shakllanishiga olib keladi. Bu esa o‘z navbatida mamlakatimizga radioaktiv materiallar va portlovchi moddalarning noqonuniy olib kirilishini oldini olishga hamda xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qiladi.  

 

M. Sulaymonov, O‘zA