Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Anatoliy Dabagov: “Biz Oʻzbekiston tomoni bilan yaqin hamkorlik qilishdan manfaatdormiz”
16:52 / 2018-10-18

ONLAYN: “Oʻzbekiston-Rossiya” hududlararo hamkorlik forumi doirasida “Oʻzeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi Rossiyaning nufuzli kompaniyalari oʻrtasida 4 kelishuv hamda kompaniya tarkibiga kiruvchi korxonalar oʻrtasida kabel-oʻtkazgich mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha umumiy qiymati 10 million dollarlik shartnoma imzolandi.


ONLAYN: “Oʻzbekiston-Rossiya” hududlararo hamkorlik forumi doirasida “Oʻzeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi Rossiyaning nufuzli kompaniyalari oʻrtasida 4 kelishuv hamda kompaniya tarkibiga kiruvchi korxonalar oʻrtasida kabel-oʻtkazgich mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha umumiy qiymati 10 million dollarlik shartnoma imzolandi.

photo5352760489546983938.jpg

Dastavval Rossiyaning “Cheboksar elektroapparat zavodi” aksiyadorlik jamiyati bilan “Oʻzbekiston Respublikasida yuqori kuchlanishli oʻzgaruvchan chastotali oʻtkazgich hamda yuqori voltli elektr dvigatellarni yengil ishga tushirish qurilmalari ishlab chiqarishni tashkil qilish” loyihasi boʻyicha kelishuvga erishilgan boʻlsa, “Meditsinskiye texnologii Ltd” AJ hamda “S.P.Gelpik” MCHJ bilan “Oʻzbekiston Respublikasida yuqori texnologiyali raqamli tibbiy rentgen diagnostika asbob-uskunalarini ishlab chiqarishni tashkillashtirish”, “Nura Invest” MCHJ bilan “Akkumlyator batareyalar ishlab chiqarishni tashkil etish”, shuningdek, “Indastrial Xolding” MCHJ bilan “Oʻzbekiston Respublikasida zamonaviy kabel va sim mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihalari doirasida ikki tomonlama memorandumlar imzolandi. Muzokaralar chogʻida rossiyalik tadbirkorlarga Oʻzbekistonda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoit va imkoniyatlar xususida maʼlumot berildi. 

Shuni taʼkidlash joizki, “Oʻzeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga kiruvchi “Andijonkabel” AJ qoʻshma korxonasi va “Tashelektroapparat” MCHJ qoʻshma korxonalari Rossiya kompaniyalari investitsiyasi ishtirokida tashkil etilgan boʻlib, bugungi kunda ushbu korxonalar samarali faoliyat yuritmoqda. Oʻtgan 2017 yil yakuni boʻyicha Rossiya davlatiga eksport hajmi 21,3 million AQSH dollarini tashkil etgan boʻlsa, joriy yilning 9 oyi davomida umumiy qiymati 14,4 million dollarlik elektrotexnika mahsulotlari eksport qilindi. Kelgusi 2019 yilda eksport hajmini 1,5 barobarga oshirish koʻzda tutilgan.

– Biz Oʻzbekiston tomoni bilan yaqin hamkorlik qilishdan manfaatdormiz. Bunda, ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan koʻp qirrali hamkorlik kelishuvlari muhim ahamiyatga ega, – deydi “Meditsinskiye texnologii Ltd” AJ Prezidenti Anatoliy Dabagov. – Forum doirasida “Oʻzeltexsanoat” AK bilan yuqori texnologiyali raqamli rentgen-diagnostika asbob-uskunalarini Oʻzbekistonda ishlab chiqarish boʻyicha yangi loyihaga kelishib oldik. Biz Oʻzbekiston tibbiyoti yoʻlida amalga oshirilayotgan har qanday tashabbusni qoʻllab-quvvatlash va hamkorlikda ishlashga tayyormiz. Ushbu loyiha 2019-2021 yillar davomida qoʻshma korxona koʻrinishida tashkil etiladi va bu maqsadlar uchun 10 million AQSH dollari miqdorida mablagʻlar kiritish koʻzda tutilgan.

Maʼlumki, “Meditsinskiye texnologii Ltd” aksiyadorlik jamiyati 20 yildan ziyodroq vaqt mobaynida yuqori texnologiyali tibbiy rentgen diagnostika uskunalarini ishlab chiqarmoqda. Korxona 2010 yil Rossiyada birinchi boʻlib 16 oʻlchamli koʻp funksiyali kompyuter tomograf ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻydi. 2012 yildan boshlab esa 64 oʻlchamdagi tomografiya va ultratovushli diagnostika asbob-uskunlarini ishlab chiqarish boshlandi. Ayni kunda kompaniya tomonidan tibbiy-diagnostika texnologiyalarini nafaqat Rossiya hududida, balki qoʻshni mamlakatlarda ham ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish, yangi qoʻshma korxonalar tashkil etish tarmoqlarini kengaytirish boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlik takliflari ilgari surildi. 

Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, joriy yilning 18 iyul kuni “Cheboksar elektroapparat zavodi” AJ boshqaruvi raisining oʻrinbosari A.Shurdov hamda “Oʻzeltexsanoat” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi v.b A. Abdullayev oʻrtasida uchrashuv oʻtkazilib, unda oʻzaro manfaatli hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlari belgilab olingan edi. “CHEAZ” AJ past kuchlanishli boshqarish moslamalari, mikroprosessorli releyli himoyalash uskunalari va elektr energiyasini 0,4 dan 110 kVtgacha taqsimlash uskunalarini hamda elektr dvigatellarni yengil ishga tushirish qurilmalarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Kelishuvga koʻra, 2019-2020 yillar davomida umumiy qiymati 5,0 million dollarlik boʻlgan “Oʻzbekiston Respublikasida yuqori kuchlanishli oʻzgaruvchan chastotali oʻtkazgich hamda yuqori voltli elektr dvigatellarni yengil ishga tushirish qurilmalari ishlab chiqarishni tashkil qilish” loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan.

Forum doirasidagi uchrashuvlar davomida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish va elektrotexnika mahsulotlarini ishlab chiqarish sohasida oʻzaro iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va texnikaviy tajriba almashish boʻyicha ham oʻzaro kelishuvga erishildi.