Bo‘zatov iqtidorlarni chorlaydi!
“Yoshlar ovozi” tanloviga ro‘yxatdan o‘tish boshlandi.
Ushbu tanlov Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy etilgan. Yoshlar ishlari agentligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va uning hududiy tuzilmalari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamkorligida o‘tgan yili o‘tkazilgan ushbu tanlov 3 mingga yaqin yoshlarni birlashtira oldi.
Katta festivalga aylangan tanlovning yakuniy bosqichiga Qoralpog‘iston Respublikasining Bo‘zatov tumani mezbonlik qilgan edi. Qayta tashkil topgan, navqiron tuman sifatida maydonga chiqqan Bo‘zatov tumanining ovozasi birgina tanlov orqali butun respublikaga yoyildi. Yurtimizning har bir hududidan saralangan 87 nafar yosh aynan shu maskanda jam bo‘lgan edilar. Ovoz imkoniyatlaridan kelib chiqib, hakamlar hay’ati a’zolari 21 nafar yoshni g‘oliblikka munosib ko‘rgan edi. G‘oliblar o‘z o‘rinlariga qarab, 50 million, 25 million hamda 15 million so‘m pul mukofoti bilan taqdirlangan edilar.
Shuni aytish kerakki, Qoraqalpog‘iston Respublikasi nomidan qatnashgan 6 nafar ishtirokichning 5 nafari tanlov yakunida g‘oliblikni qo‘lga kiritishga musharraf bo‘lgan edi.
O‘tgan yilgi mavsum haqida so‘z borganda aytish kerakki, hududiy kasting bosqichlarida har bir ishtirokchining chiqishi to‘liq tasvirga olinib, tanlovning telegramdagi rasmiy kanallariga joylashtirildi. Shuningdek, tanlovning respublika bosqichida ham shunday yo‘l tutildi. Maqsad esa tanlovda ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, hech bir e’tirozlarga o‘rin qoldirmaslik edi. Tanlovning hududiy kasting bosqichida o‘ta olmaganlar uchun esa ishtirokchi yoshlarni rag‘batlantirish uchun ham keng imkoniyatlar yaratildi.
Tanlov haqida so‘z borganda uning madhiyasi haqida ham to‘xtalish joizdir. Taniqli estrada yulduzlari bilan birgalikda mavsum ishtirokchilari tomonidan kuylangan ushbu madhiya tez fursatlar ichida ommalashdi. Taniqli san’atkorlar ishtirokidagi “Bo‘zatov bizni kut!” kabi fleshmoblar ham yoshlarni tanlovga bo‘lgan qiziqishini ortishiga hissa qo‘shdi.
Bu yil tanlov Nizomiga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganligi bois, unda 10 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar uch yosh toifasida (10-15 yosh, 16-22 yosh va 23-30 yosh) ishtirok etadilar. O‘tgan yili esa 6 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar 3 ta yo‘nalish -an’anaviy ijro va baxshichilik, opera, estrada kabi yo‘nalishlarning birida qatnashish imkoniyatiga ega edi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/lLlCJRtfrGM" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture" allowfullscreen></iframe>
Bu yil tanlov yo‘nalishi bittaga ortib, an’anaviy ijro va baxshichilik yo‘nalishlari ikki yo‘nalishga ajratildi. Bu ham ishtirokchilar uchun o‘z ovoz imkoniyatlarini sinab ko‘rish va iste’dodlarini namoyon etish uchun yana bir afzallikdir. Shuningdek, tanlov har bir mahalladan boshlanib, sektor, tuman, viloyat va respublika bosqichlarini o‘z ichiga oladi. Olis hududdan tortib yaqin manzillarda yashayotgan har bir yoshning ovozi, iqtidori rag‘batsiz qolmasligini ta’minlash, ularning iste’dodlari bo‘y ko‘rsatishi uchun zamin hozirlash bosh maqsaddir.
Yangi ovozlarni kashf etish, ularni qo‘llab-quvvatlash, katta sahnalarda o‘z san’atini namoyish etish uchun keng yo‘l ochib berishga oid tanlovning yakuniy bosqichi bu yil ham Qoralpog‘istonning Bo‘zatov tumanida bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, har bir yo‘nalish bo‘yicha birinchi o‘rin sohibi 50 million, ikkinchi o‘rin egasi 30 million va uchinchi o‘rin sovrindori 20 million so‘mdan pul mukofotiga sazovor bo‘ladi. Shuningdek, respublika bosqichining qolgan ishtirokchilari 10 million so‘mdan rag‘batlantiriladi.
Tanlovda ishtirok etishni istagan yoshlar telegramdagi @YoshOvozBot orqali ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.
Qo‘shimcha ma’lumotlarni tanlovning ijtimoiy tarmoqlaridagi rasmiy kanallari hamda mahallalardagi Yoshlar yetakchilaridan olish mumkin.
O‘zA