Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
An’anaviy sanoat yarmarkasi (+video)
16:25 / 2025-05-30

Prezidentimizning 2019 yil 2 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsad Buxoroda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi bo‘lib o‘tmoqda. Yarmarka O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Buxoro viloyat hokimligi hamkorligida har yili an’anaviy tashkil etib kelinadi.

Unda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkalari qurilish materiallari, to‘qimachilik, neft va gaz sanoati, qishloq va suv xo‘jaligi, turizm sanoati uchun mahsulotlar ishlab chiqarish hamda qorako‘lchilik sohalari kabi yetakchi tarmoqlar faoliyati uchun dasturilamal vazifasini o‘tamoqda. Navbatdagi hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasida mingga yaqin korxona vakillari tashrif buyurgan. Yarmarka ishtirokchilari tomonidan 300 dan ziyod mahsulotlar va stendlar namoyish etilmoqda.

Respublikamizning tarmoq va hududiy sanoat korxonalari rahbarlari, tadbirkorlar va tashkilotchi mas’ullar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokidagi tadbirda O‘zbekiston respublikasi Prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari Galina Saidova hamda Buxoro viloyat hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqdi.

Ta’kidlanganidek, viloyat sanoati tarkibida yuz bergan yangilanish va o‘zgarishlar natijasida tarmoqlar o‘rtasidagi mahsulot ishlab chiqarish hajmi yil sayin oshirilmoqda. Jumladan, viloyatda ishlab chiqarish quvvatlarini oshirayotgan qator sanoat korxonalari tomonidan 2024 yilda umumiy qiymati 42,3 trillion so‘mlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. O‘tgan yilga nisbatan aholi jon boshiga sanoat mahsulotlarining ishlab chiqarish ko‘rsatkichi 20,5 million so‘mga yetkazilgan. Shu bilan birga, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida kimyo va neft sanoati ulushi 42 foiz, yengil sanoat 20 foiz, oziq-ovqat sanoati 21 foiz, qurilish materiallari 5,6 foizni tashkil etib, o‘ziga xos  “drayver” tarmoqlar bo‘lib xizmat qilmoqda. 

[gallery-23659]

Bugungi kunda viloyatda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish bo‘yicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha 2024 yilda 150 ta loyiha doirasida 2,7 trillion so‘mlik, 300 turdan ortiq import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilib, rejaga nisbatan 256 milliard so‘mga ortiq yoki 110 foizga bajarilgan.

2025 yilning yakuni bilan mahalliylashtirish dasturidagi 185 ta loyiha doirasida 3 trillion so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarilib, import o‘rnini bosish samaradorligi 231,7 million AQSH dollarini tashkil etadi hamda 50 turdan ortiq import o‘rnini bosuvchi yangi mahsulot ishlab chiqarish o‘zlashtiriladi. 

Jumladan, katta hajmdagi rezervuarlar va metall konstruksiyalar, po‘lat sim va armaturalar, burg‘ilash uskunalari ehtiyot qismlari, sun’iy tola,  gofra va gipsokarton qog‘ozlari, elektrotexnika va maishiy texnika vositalari, metilasetat, benzol, turli xil eritgichlar, soda, natriy gidroksid va piroliz mahsulotlari, tibbiyot jihozlari va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Ikki kun davom etadigan yarmarkada sanoat mahsulotlari ko‘rgazmalari, elektron kooperatsiya birjasi portali faoliyati, sanoat kooperatsiyasini mustahkamlash va rivojlantirish, kichik biznes sub’ektlarini sanoat faoliyatiga keng jalb qilish, investitsion imkoniyatlar, yangi loyihalar, zargarlik, turizm, farmatsevtika va boshqa tarmoqlarni rivojlantirish, tadbirkorlik istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimotlar, uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/l_1DGZ4oJaQ" title="Anʼanaviy sanoat yarmarkasi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (video, surat), O‘zA muxbirlari.