Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
An’anaviy sabzavot yetishtirish ko‘p asrlik tarixga ega
22:07 / 2023-06-03

O‘zbekistonda an’anaviy sabzavot yetishtirish ko‘p asrlik tarixga ega. Biroq, sabzavotchilik XX asrda ilmiy asoslangan yondashuvni oldi.

1933 yil Respublika sabzavot stansiyasi negizida Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgan bo‘lib, sabzavot va kartoshkachilik bo‘yicha yetakchi ilmiy muassasa hisoblanadi.
Institutning 90 yilga yaqin faoliyati davomida olib borgan ilmiy ishlanmalari tufayli O‘zbekistonda sabzavotchilik an’anaviy xususiy sektordan respublikada qishloq xo‘jaligining rivojlangan zamonaviy tarmog‘iga aylandi.
Institutning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Buxoro, Navoiy, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida ilmiy-tajriba stansiyalari tashkil etilib, viloyatlardagi ilmiy-tajriba stansiyalar soni esa 8 taga yetkazildi. 
Institutda sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkani 230 dan ortiq nav va duragaylari yaratilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi hududida ekish uchun tavsiya etilgan qishloq xo‘jaligi ekinlari Davlat reyestriga sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarining 32 ta ekin turi bo‘yicha 181 ta navi kiritilgan. 

Bugungi kunda Intellektual mulk agentligidan 14 ta nav patentlashtirilgan bo‘lib, jami 195 ta nav jumladan, sabzavotning 142 ta, polizning 41 ta, kartoshkaning 12 ta navlari seleksiya yutug‘i sifatida ishlab chiqarishga joriy etilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazi va BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti — FAO bilan hamkorlikda Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot institutida “Sabzavot, poliz va kartoshkachilik sohasida erishilgan ilmiy yutuqlar, muammolar va ularning yechimlari, ishlab chiqarish bilan integratsiya” mavzusida xalqaro anjuman tashkil etildi.
 Tadbirda mamlakatimizda agrar sohada yuqori natijalarga erishilayotgani, sabzavot, poliz va kartoshka ekinlarining yangi navlari yaratilganligi, istiqbolli navlari, zamonaviy resurs-tejamkor, intensiv agrotexnologiyalar ishlab chiqarishga joriy etilayotgani alohida ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekistonda meva-sabzavotchilik texnologiyalari bo‘yicha texnik ko‘mak loyihasi, BMB TRADE GROUP kompaniyasi, AGRO KONTINENT urug‘chilik kompaniyasi, Turkiyaning hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi TIKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi vakillari, Toshkent davlat agrar universitet professor-o‘qituvchilari,  ilmiy-tajriba stansiya olimlari qatnashgan tadbirda mutaxassislarning ma’ruzalari tinglandi.
Anjuman ishida qilingan ma’ruza va ko‘rgazmali dala seminari davomida bildirilgan taklif va xulosalar asosida sabzavot, poliz va kartoshkachilik holati, muammolaridan kelib chiqqan xolda sohani rivojlantirish istiqbollari uchun har tomonlama tahliliy takliflar ishlab chiqildi.

O‘zA