Xorazm zamini asrlar davomida nafaqat boy tarixi va madaniy merosi, balki o‘zining serquvvat, shirin va xushbo‘y qovunlari bilan ham mashhur. Ana shunday milliy boylikni keng targ‘ib qilish, turizm salohiyatini oshirish hamda mahalliy aholi va mehmonlarni birlashtirish maqsadida har yili an’anaviy «Qovun sayli» festivali o‘tkaziladi.
«Qovun sayli» – bu nafaqat shirin qovunlar namoyishi, balki madaniy va gastronomik tomosha hamdir.
--Festival doirasida o‘tkazilayotgan “Qovun ko‘rgazma-savdosi”da – viloyatda yetishtirilgan qovunlar maxsus bezatilgan pavilonlarda namoyish etilmoqda va sotuvga ham chiqarilgan,--deydi Xorazm viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Saidov.-- Bu yerda mahalliy va xorijiy sayyohlar qovunlarni tatib ko‘rib, sotib olishlari ham mumkin. Bunday imkoniyat “Badiiy-amaliy san’at” deb nomlangan mahalliy hunarmandlar ishi, rassomlar asarlari, milliy atributlar yarmarkasida ham yaratilgan.

Xiva shahrida o‘tkazilayotgan festivalda vohaning shahar va tumanlari, korxona-tashkilotlari uchun alohida pavilonlar ajratilgan bo‘lib, mirishkor dehqonlar tomonidan yetishtirilgan poliz ekinlari va ulardan tayyorlangan mahsulotlar ko‘rgazmasi ham namoyish etilmoqda. Har bir pavilonda o‘ziga xos madaniy dasturlar, teatrlashtirilgan sahnalar, milliy liboslar namoyishi, folklor ansambllari konsertlari, milliy taomlar ko‘rgazmalari ham tashkillashtirilgan.
Festivalda Abu Rayxon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti olimlari ham o‘zlarining qovun bilan bog‘liq ilmiy ishlanmalari bilan ishtirok etishmoqda.

--Bugungi kunda aynan Xorazmda yetishtiriladigan 125 ta qovun navi bor,--deydi UrDU texnika fanlari doktori Rimajon Bobojonova. – Ularning 25 ta qadimiy turi qayta tiklandi. Oliygohimizda professor va talabalar hamkorligida qovunning o‘zidan 150 dan ortiq mahsulotlar yaratildi. Ilmiy ishlanmalarning ko‘pchiligi ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan. Misol uchun, qovundan choy, tuzlamalar, muzqaymoq, siroplar, jele,, qovirilgan chipslar, parranda va baliqlar uchun omuxta yem, qovun qoqi, murabbo, asal, shuningdek, inson salomatligi uchun zarur bo‘lgan turli xildagi dori vositalari yaratilgan.
«Qovun sayli» Xorazmning turistik jozibasini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Festival davomida viloyatga minglab mahalliy va xorijlik sayyohlar tashrif buyuradi. Bu esa mehmonxona, restoran va xizmat ko‘rsatish sohasi rivojiga ham hissa qo‘shadi.

-Festival juda go‘zal. Hammasi ertaknamo,-- deydi Italiyalik sayyoh Tomaso Fini.--Men bunday bayramda birinchi marotaba ishtirok qilmoqdaman. Dunyoning hech bir mamlakatida bunchalik ko‘p va shirin qovunlarni uchratmaganman. Aniq aytolamanki, Xorazmning “Gurvak” qovuniga teng keladigan qovun yer yuzida yo‘q. Menga uning ta’mi shunchalik yoqtiki, men uni har kuni juda ko‘p miqdorda yemoqdaman. Yurtimga ham olib ketaman. Men endi bor pulimni sarflasam ham mana shu festivalga yetib kelaman. Bu shirin qovunlar menda bir umrlik taassurot qoldirdi.
Festival doirasida har kuni mahalliy va xorijiy san’atkorlar ishtirokida katta konsert dasturlari ham bo‘lib o‘tmoqda.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat),
O‘zA muxbirlari