Toshkent viloyati maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan "Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik" bosh g‘oyasi ostida an’anaviy avgust anjumanining sho‘’ba yig‘ilishi zoom dasturi orqali masofaviy tarzda o‘tkazildi.
Unda viloyat tasarrufidagi barcha tuman va shahar maktabgacha ta’lim bo‘limlarining ta’lim sifatini ta’minlash, joriy etish sho‘’ba mudirlari va metodistlari offlayn tarzda, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari esa onlayn tarzda ishtirok etdi.
Anjumanda to‘rtta sho‘’ba tashkil etilgan. Birinchi sho‘’ba “Ilk qadam” va “Davlat standarti” asosida tarbiya samaradorligini oshirishda bolalarni maktab ta’limiga sifatli tayyorlash mavzusida olib borildi. Ikkinchi sho‘’ba “Bolalarni ikki va undan ortiq tilga o‘rgatishning zamonaviy va interfaol usullari” mavzusida, uchinchi sho‘’ba “Ijodiy ustaxonaga sayohat” mavzusida bo‘ldi. Oxirgi to‘rtinchi sho‘’ba esa, ixtisoslashtirilgan maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyatining samaradorligini oshirish hamda alohida yordamga muhtoj bolalarning reabilitatsiya jarayonlarida yangicha yondashuv” mavzusida tashkil qilindi. Bunda barcha sho‘’balardagi ishtirokchilar faol tarzda o‘zlarining qobiliyatlari hamda ijodiy yondashuvlarini namoyon etdi.
Shuningdek, Toshkent viloyati professional ta’lim muassasalari direktorlari uchun Avgust seminari doirasida 2021-2021 o‘quv yilida ta’lim jarayonini tashkil etish, ishlab chiqilgan o‘quv-me’yoriy xujjatlar, dual ta’lim prinsiplarini joriy, o‘quv ustaxonalarini yangi o‘quv yiliga tayyorlash va jihozlardan samarali foydalanish, WORLD SSKILLS standartlarini joriy qilish bosqichlari to‘g‘risida taqdimotlar namoyish etildi.
Seminarni Toshkent viloyati Kasbiy ta’limni rivojlantirish va muvofiqlashtirish xududiy boshqarmasi boshlig‘i U.Tuxtayev olib bordi. Unda Boshqarma xodimlari, Toshkent viloyati barcha professional ta’lim muassasalari direktorlari ishtirok etdi.
A.Musayev,O‘zA