Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
An’analarimizni ardoqlab...
12:51 / 2021-05-03

Amaliy bezak san’atimiz turlari juda boy va rang-barang bo‘lib, madaniy merosimizning salmoqli qismini tashkil etadi. Diyorimizda gullab yashnagan san’at turlari betakrorligi bilan dunyoga mashhur.

O‘lkamiz zamini qatlamlarini o‘rganish natijasida topilgan yodgorliklarning guvohlik berishicha, jismga badiiy ishlov berish orqali buyum, ramziylikka asoslangan badiiy bezak asarlari yaratish faoliyati tosh asridayoq boshlangan va asrlar osha hozirgacha davom etib kelmoqda.  

Xalq amaliy bezak san’ati kishilarning ma’naviy olamini boyitadi, badiiy didini shakllantiradi, ruhiyatini tarbiyalaydi. Shuning uchun ham o‘zbek xalq amaliy san’ati kishilarni badiiy axloqiy, umuminsoniy tarbiyalab, ularning ilmiy dunyoqarashlarini shakllantirish hamda madaniy darajasini oshirishda eng zarur manbalardan biri hisoblanadi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 29 apreldagi “Xalqaro zardo‘zlik va zargarlik festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori ta’kidlash kerakki, xalq amaliy san’atining zardo‘zlik va zargarlik an’analari yanada gurkirab rivojlanishi, avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan kasbiy an’analar va hunarmandchilik maktablarini saqlash va qayta tiklashga huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi, festivalning o‘tkazilishi esa mamlakatimizda turizm salohiyatining yanada yuksalishiga kuchli turtki beradi.

Festivalning ko‘hna va navqiron Buxoroda o‘tkazilishi ham bejiz emas. Chunki Buxoroda azaldan zardo‘zlik maktablari gullab-yashnab faoliyat yuritgani, o‘ziga xos bajarish texnologiyalari, xos atamalar, uslublar hamda sohada nom qozongan ustalarning xizmati butun jahonga dong‘i ketgan. Qimmatbaho matodan tayyorlanadigan zardo‘zi kiyimlar mahalliy aholining turli tabaqalari o‘rtasida keng tarqalgani tarixiy manbalardan ma’lum.

Qarorda milliy hunarmandchilikning zardo‘zlik va zargarlik sohasida faoliyat yuritayotgan va soha rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan tajribali, iste’dodli hunarmandlarni aniqlash, ma’naviy va moddiy rag‘batlantirish, uning noyob va yo‘qolib borayotgan namunalarini saqlash, qayta tiklash, hududlarda zardo‘zlik va zargarlikni jadal rivojlantirish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, yoshlarga o‘rgatish, yangi ish o‘rinlari yaratish, zardo‘zlik va zargarlik namunalarini milliy brend sifatida xalqaro miqyosga olib chiqish, xalqimizning milliy madaniyati an’analarini namoyish etish orqali sayyohlarni jalb qilish, festivalni jahon miqyosida keng tanitish va targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish singari muhim vazifalar qo‘yildi.  

Fursati kelganda aytish lozimki, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi qator uyushma va tashkilotlar bilan hamkorlikda ushbu festival doirasida Buxoro shahrida zardo‘zlik va zargarlik san’ati, hunarmandchilik buyumlari, tasviriy va amaliy san’at asarlari, qadimiy zardo‘zlik hamda zargarlik dastgohlari va mahsulotlarini yaratish jarayonlariga oid turli ko‘rgazmalar, albomlar, fotosuratlar namoyishida ishtirok etadi. O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Badiiy ijodkorlar uyushmasiga a’zo zargar va zardo‘zlarimiz o‘z ijodi namunalari taqdimotini o‘tkazishadi.

Xalq naqqoshlik san’atini o‘rganish insonlarda badiiy didni, mehnatsevarlikni rivojlantirishga va qator foydali bilim hamda malakalarni shakllantirishga xizmat qiladi. Ularning ijodiy qobiliyatlarini aniqlash va iste’dodlar salohiyatini yuksaltirishga yordam beradi.  

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda xalq amaliy san’at turlari juda xilma-xil va rango-rang bo‘lib, dunyoni lol qoldirish, mamlakatimiz dovrug‘ini jahonga tanitishga qodir. Festivalda Buxoroga tashrif buyurgan sayyoh borki, esdalik uchun san’atimiz namunalaridan o‘z yurtiga olib ketib, zardo‘zlik san’atimiz dunyo bo‘ylab kezishiga hissa qo‘shadi.  

 

Akmal NUR,

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi.