Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Anadolu” OANA mukofotiga sazovor bo‘ldi
18:40 / 2022-08-08

Dunyoning 35 davlatidan 44 agentlikni birlashtirgan Osiyo va Tinch okeani axborot agentliklari tashkiloti - OANA “Anadolu” agentligining ekologik loyihasi – “Yashil chiziq”ni mukofot bilan taqdirladi.

OANA Bosh kotibi Li Jun-Seung tashkilotga “yangi g‘oyalarni amalga oshirish va global jurnalistikada yetakchi bo‘lishga” qaratilgan beshta ariza kelib tushganini aytdi.

“2020-2021 yillarda axborot agentligi faoliyatidagi ulkan yutuqlari uchun” mukofotini topshirish rasmiy marosimi 23-26 noyabr kunlari Tehronda OANA Bosh Assambleyasi doirasida bo‘lib o‘tadi. Oxirgi marta ushbu mukofotni TASS 2019-2020 yillardagi faoliyati uchun qo‘lga kiritgan.

“Anadolu” agentligi tomonidan 2022 yil 1 apreldan boshlab ekologik kun tartibini targ‘ib qilish va o‘quvchilar e’tiborini atrof-muhit muammosiga qaratish maqsadida “Yeşilhat” – “Yashil chiziq” loyihasi amalga oshirilmoqda. Agentlik abonentlari atrof-muhitga oid masalalar bo‘yicha byulletenlarni vaqti-vaqti bilan va bepul oladi.

OANA 1961 yil dekabr oyida Bangkokda YUNESKO tashabbusi bilan chaqirilgan Osiyo milliy agentliklari konferensiyasida tashkil etilgan. Tuzilmaning asosiy vazifasi mintaqa davlatlari o‘rtasida axborot almashinuvini kengaytirish, shuningdek, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasida axborot oqimidagi nomutanosiblikni bartaraf etishdan iborat. 2002 yil fevral oyidan boshlab OANA tizimida yagona axborot xizmati ishlamoqda.

Muharrama Pirmatova, O‘zA