Umumxalq Navro‘z bayrami arafasida Amudaryo tumanida joriy yilgi hosil uchun chigit ekish mavsumi boshlanishiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar o‘tkazildi. Unda sohaga mas’ul tashkilotlar, paxta klasterlari korxonalari, fermer xo‘jaliklari rahbarlari va mutaxassislar ishtirok etdi.
Seminarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev ishtirok etib, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan sohaga qaratilayotgan e’tibor, berilgan imkoniyatlar haqida so‘z yuritdi. Qoraqalpog‘iston uchun alohida qator farmon va qarorlar asosida keng imkoniyatlar va imtiyozlar yaratib berilmoqda. O‘tgan qisqa davrda e’tibor natijasida Qoraqalpog‘istonga qishloq xo‘jaligi uchun zarur bo‘lgan ko‘plab texnika va agregatlar olib kelinib, bu o‘z navbatida sohani rivojlantirishga alohida sur’at bag‘ishladi.

So‘zga chiqqanlar ekish mavsumini qisqa muddatda sifatli o‘tkazish, chigit ekishning sifatli usullari, dehqon fermerlar e’tibor qaratishi lozim bo‘lgan muhim vazifalar bo‘yicha fikr-mulohazalarini bildirdi. Nuroniy otaxonlar duosi bilan shu kuni dastlabki maydonlarga chigit sepildi.

Joriy yilda respublikada 100 ming gektar maydonga chigit ekilishi rejalashtirilgan. Mavsumni uyushqoqlik bilan olib borish maqsadida jami 243 ta otryad tashkil etilib, ularga 15 mingdan ortiq texnika va agregat biriktirilgan. Shu jumladan, 170 ta zamonaviy yuqori unumli chigit ekish seyalkasini jalb etish ko‘zda tutilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri