Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari faoliyatiga oid nizom tasdiqlandi
10:04 / 2025-06-19

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalarining moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash, xodimlar mehnatiga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi Birlashmalarga berilgan suv xo‘jaligi inshootlarini doimiy ishchi holda saqlash uchun har yili O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida tegishli mablag‘lar ajratiladi. 

Qaror bilan Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalarining markaziy apparatlari  va hududiy boshqarmalari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning yagona tarif setkasi bo‘yicha razryadlari, shuningdek, “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari faoliyatini moliyalashtirish hamda xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moliyaviy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Malumot uchun, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv xo‘jaligida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy qilish va rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash to‘g‘risida” 2024 yil 7 maydagi PF-74-son Farmoniga muvofiq “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalarining moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash, kadrlar qo‘nimsizligining oldini olish, xodimlar mehnatiga haq to‘lash hamda ularni moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish maqsadida: 

a) Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasidagi “Davlatlararo suv manbalarining suv resurslaridan birgalikda foydalanishni boshqarish va ularni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlik haqida” 1992 yil 18 fevraldagi (Olma-Ota shahri) Bitimga asosan “Amudaryo” va “Sirdaryo” havzalari suv xo‘jaligi birlashmalari Markaziy Osiyo davlatlararo muvofiqlashtiruvchi suv xo‘jaligi komissiyasining ijro etuvchi va idoralararo nazorat organlari hisoblanishi; 

daryolar va suv manbalaridagi Birlashmalar tomonidan ekspluatatsiya qilinadigan barcha inshootlar boshqaga berish va sotib olish huquqisiz ularga vaqtincha foydalanishga berilgani; 

Birlashmalar byudjet tashkilotlari ekanligi, ularning xizmat ko‘rsatish xarajatlari, xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni rag‘batlantirish hamda Qozog‘iston Respublikasi, Qirg‘iziston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi va Turkmaniston hududida joylashgan gidrotexnika inshootlari, gidropostlar va kanallarning ekspluatatsiya xarajatlari ular joylashgan manzildan kelib chiqqan holda, tomonlarning Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanishi; 

b) Birlashmalarning asosiy vazifalari etib: 

Amudaryo va Sirdaryo daryolarining suv resurslarini samarali boshqarish va tasdiqlangan suv olish limitlariga asosan davlatlar o‘rtasida suv taqsimlash hamda suvning hisobini yuritish va nazorat qilish;

transchegaraviy suv resurslarini tezkor va samarali boshqarish maqsadida barcha gidrotexnika inshootlarini bosqichma-bosqich zamonaviy avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimiga o‘tkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish; 

sel-toshqin mavsumida sel-toshqin suvlarining xavfsiz va betalofat o‘tkazilishini ta’minlashda ishtirok etish; 

transchegaraviy suv resurslarini boshqarish va taqsimlash bo‘yicha xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini o‘rganish va amaliyotda qo‘llashni tashkil qilish; 

kadrlarni tayyorlash, tanlash va joy-joyiga qo‘yish, ularning malakasini oshirish orqali bilim va salohiyatini mustahkamlash ishlarini amalga oshirish belgilangan edi.

O‘zA