So‘nggi yillarda Amudaryo tumanida aholini arzon narxlarda sabzavot, poliz va meva mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, ichki bozorlardan ortgan mahsulotlarni xorijga eksport qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ayniqsa, ilgari o‘zimizda bo‘lmagan, xorijdan olib kelinadigan limon, mandarin, banan, anor, anjir kabi sitrus mevalarni Orolbo‘yi iqlim sharoitiga moslashtirish borasida olimlar bilan hamkorlikda ishlar olib borilmoqda. Dehqonlarimizning izlanishlari, shu bilan birga tinimsiz mehnati natijasida bu borada yaxshi natijalarga erishilmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va Agrosanoatni rivojlantirish agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi hamkorligida meva va uzum yetishtiruvchi fermerlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida Amudaryo va Ellikqal’a tumanlariga press-tur tashkil etildi.
Tadbir ishtirokchilari dastlab Amudaryo tumani “Choyko‘l” ovul fuqarolar yig‘inidagi “Amu anorlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan 8 gektar anor bog‘i, “Mang‘it omad savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 12 gektar maydonda tashkil etilgan uzum bog‘lari hamda “Amu to‘lqin balig‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan 10 gektar olma va 6 gektar o‘rik bog‘lari bilan tanishtirildi.
[gallery-24550]
Amudaryo tumanida bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishidagi 61 ta qishloq xo‘jaligi korxonasi mavjud bo‘lib, ularda jami 1 ming 46 gektar maydonda mevali bog‘ mavjud. Shundan 641 gektari hosildor bog‘, 405 gektari yangi bog‘lardir.
Joriy yil bahor mavsumida fermer xo‘jaliklari va qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan jami 76 gektar maydonlarda intensiv bog‘ tashkil qilindi. Natijada tumanda bog‘dorchilik sohasiga qiziquvchilar kundan kunga ko‘payib bormoqda. Bundan tashqari, yoshlar agentligi va tuman Agrosanoatni rivojlantirish agentligi mutaxassislari tomonidan qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan tashkil qilingan bog‘larda ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlashga harakat qilinmoqda.
Asosiy kasbi o‘qituvchilik bo‘lgan Po‘lat Abdurahmonov Farg‘ona viloyatidan ikki nav anor olib kelib, o‘zini tomorqasida sinab ko‘rdi. Natijasi yomon bo‘lmadi. Buni ko‘rgan o‘sha vaqtdagi tuman hokimi anor yetishtirishni taklif etdi va 2020 yili "Choyko‘l" ovul fuqarolar yig‘ini hududidan 8 gektar yer maydonini ajratib berdi. Natijada “Amu anorlari” mas’uliyati cheklangan jamiyati tashkil etildi. O‘tgan yili dastlabki hosil olinib, ichki bozorlarda sotildi. Bu yil Po‘lat aka 8,5 ming tup anor parvarishlayapti.
Tumanda uzumchilik sohasi ham yaxshi rivojlanmoqda. Azimjon Jumamuratov rahbarlik qilayotgan “Mang‘it omad savdo” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 11,7 gektar maydonda tashkil etilgan uzum bog‘idan har yili mo‘l hosil olib kelinmoqda. O‘tgan yili 180 tonna mahsulot yetishtirilgan bo‘lsa, shundan 140 tonnasi Rossiya va Qozog‘iston davlatlariga eksport qilindi. Yuqori hosildorligi, donalarining yirikligi, qand miqdorining yuqoriligi, rangining o‘ziga xosligi bilan ajralib turadigan "Avatar" va "Tayfi" navlariga ichki bozorda ham, tashqi bozorlarda ham talab yuqori. Jamiyatda 15 kishi doimiy, 50 kishi mavsumiy ish bilan ta’minlangan. Joriy yilda har gektardan 20 tonnagacha hosil olish rejalashtirilgan.
“Amu to‘lqin balig‘i” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan tashkil etilgan 10 gektar olma va 6 gektar o‘rik bog‘ida hosil har yilgidan ko‘p bo‘ldi. Mutaxassislar ta’kidlaganidek, bu yil mevali daraxtlarga yetti marta ishlov berildi. 3 ming tupga yaqin olmaning har biridan 250-300 kilogrammgacha hosil olish rejalashtirilgan. Terim mavsumida 25-30 kishi ish bilan ta’minlanadi. Uch xil navdagi olmalar ichki bozorga, shu bilan birga, xorijiy davlatlarga eksport qilinadi.
Amudaryo tumanida so‘nggi yillarda bog‘dorchilik va uzumchilik yo‘nalishida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar aholini arzon narxdagi mahsulotlar bilan ta’minlashga, yangi ish o‘rinlari yaratishga, mamlakatimiz eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA