Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
A’moli – insoniylik, Vatanga xizmat...
12:28 / 2021-06-15

Oramizdagi odamlar

Maqolamiz qahramoni, ajoyib inson Aziz aka To‘rayev haqida o‘ylaganimda, beixtiyor fransuz faylasufi Dalamberning “Haqiqiy sof vijdonli kishi o‘zidan oilani, oiladan vatanni, vatandan insoniyatni ustun qo‘ymog‘i kerak” degan so‘zlari yodimga keladi. Hammaga ham bunday ulkan insoniy tuyg‘ular, shaxslik darajalari bilan yashamoq nasib etavermaydi.  

Bo‘stonliqning oddiy qishlog‘ida tug‘ilib, o‘z ustida tinimsiz ishlashi, intilishi, tafakkuri sabab Aziz Oppoqovich To‘rayev respublikamizning taniqli davlat va siyosat arbobi darajasiga yetdi. Butun hayoti davomida el-yurt rivoji, Vatan dardi, uning ravnaqi yo‘lida yashab kelmoqda. Aziz akaning sayqallangan iste’dodi, qobiliyati, bitmas-tuganmas kuch-g‘ayrati, yorqin aql-idroki, cheksiz orzu-niyatlari, jo‘shqin energiya va shijoatiga guvoh bo‘lgan kishilar akaga havas qiladi.

Aziz To‘rayevning faoliyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, u kishi respublikamizning rivojiga betakror hissa qo‘shgan buyuk davlat arboblari Usmon ota Yusupov, Sharof ota Rashidovlar rahbarligida oddiy maktab o‘qituvchiligidan O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasi Madaniyat bo‘limi mudirligi darajasigacha bo‘lgan pillapoyalarni bosib o‘tganiga guvoh bo‘lamiz. Bir necha bor O‘zbekiston Oliy Soveti deputati, O‘zbekiston Kompartiyasi Markazqo‘mi a’zosi etib saylangan.  

Men Aziz aka hayotini yaxshi bilgan do‘st sifatida u kishi ustozlariga bo‘lgan ixlos va sadoqatdan baxt topganini e’tirof etaman doim. Ustozlari haqida gapirar ekan: “Men, – deb eslaydi Aziz aka, – tillarda doston bo‘lgan afsonaviy rahbar Usmon ota Yusupovni 1957 yilda ilk bor ko‘rganman. 1956 yili Toshkentdagi pedagogiga texnikumini tamomlab, Mirzacho‘ldagi Boyovut tumaniga yo‘llanma bilan ishga borganman va 1957-1958 yillarda Usmon ota rahbarligida 4-Boyovut sovxozidagi 47-maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlaganman. 

Yaqindan tanishishim esa 1959 yilda yuz bergan. O‘sha yilning fevralida meni Boyovut tumani komsomol qo‘mitasi sekretari lavozimiga saylashdi. Ish yuzasidan sovxozda ko‘p bo‘lishimga to‘g‘ri kelgan. Har safar borganimda tuman yoshlar yetakchisi sifatida albatta xo‘jalik rahbari bilan uchrashishga to‘g‘ri kelardi. U kishi har safar borganimda “O‘g‘lim, yaxshi keldingmi, bizga nima xizmat?” deya kutib olardi. Shunday mas’uliyatli lavozimlarda ishlagan bo‘lsalarda o‘zini hech qachon katta tutmasdilar, kibr qilmasdilar. 

Juda yosh bo‘lsam ham menga hurmat ko‘rsatardilar. Hatto ularga bevosita tegishli bo‘lmasada xo‘jalikning komsomol saylov yig‘ilishlarida ham faol qatnashardi. Shunday yuksak insoniy fazilatlari, kamtarliklari va mehnatlari uchun ham Usmon ota elning farzandidan xalqning otasiga aylandilar.”

Aziz aka Boyovut tumanida komsomol qo‘mitasini boshqargan yillarda rayon qo‘mitasi sekretari, so‘ng Jizzax viloyati ijroqo‘mi raisi lavozimida ishlagan Erkaboy Ismoilov, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Raimberdi Jumayev, o‘sha paytdagi “Kommunizm” kolxozi raisi, Sotsialistik Mehnat Qahramoni Tursunboy Latipov, Boyovut sovxozi direktori Quddus Rashidov kabi ustozlar bilan yelkadosh bo‘lib mehnat qildi. Vaqt o‘tib maqolamiz qahramoni Sirdaryo viloyati komsomol qo‘mitasini boshqaradi. O‘sha yillarda u kishi rahbarligida ishlagan ko‘plab kadrlar, shogirdlari hozir respublikamizning turli viloyatlarida mas’ul lavozimlarda mehnat qilmoqda.

Ayniqsa, Aziz aka To‘rayevning viloyat markazi – Guliston shahar partiya qo‘mitasining birinchi kotibi lavozimida ishlagan yillari alohida e’tiborga molik. Viloyatning tiklanishi va rivojiga o‘zlarining munosib hissasini qo‘shgan shogirdlari, tengdoshlari o‘sha yillarni – odamni hayratga soluvchi cho‘lni o‘zlashtirish kunlari-yu tunlarini alohida g‘urur bilan eslashadi.  

Gulistonning obod bo‘lishida Aziz aka To‘rayevning jonbozligi, mehnatsevarligi, og‘ir kunlarda ham Guliston, umuman olganda, viloyat xalqiga bo‘lgan mehri haqida hozir ham qalbdan gapirishadi, e’zozlashadi. Respublikamizning rahbari Sharof Rashidovning Sirdaryo viloyatiga bo‘lgan navbatdagi safari chog‘ida Aziz aka To‘rayev u kishining nazariga tushadi. 

Ko‘p o‘tmay Aziz aka O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasiga taklif etilib, madaniyat bo‘limini boshqara boshlaydi. Shu o‘rinda qayt etib o‘tmog‘im kerakki, ba’zan o‘tmishni qora bo‘yoqlar bilan tasvirlashga urinadiganlar topiladi, biroq o‘sha tizimda ham mukammal ishlab chiqilgan, aniq ish mexanizmiga solingan va amaliyotda o‘zini oqlagan qoidalar bor ediki, ulardan mosuvo bo‘lish hayotimizda ma’lum qiyinchilikarga, xatoliklarga olib kelishini inkor etib bo‘lmaydi.  

Davlatchilikni yuritish, boshqarish qotib qolgan dogma bo‘lolmaydi, davlat boshqaruvi kadrlar siyosatining oqilona yuritilishi bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois ham Sharof otadek insonlar siyosat olamiga irodali, talantli, diplomatik shuuri kuchli insonlarni olib kirganlar. Buni tan olmay o‘tmishga tosh otish, mening nazarimda, o‘z ota-bobolarimizga tosh otishdek gap. Qolaversa, “O‘tmishga to‘pponchadan o‘q otsang, kelajak seni zambarak bilan kutib oladi” degan dono gaplar ham borku. 

Sharof Rashidov vafotidan so‘ng u kishiga g‘animlari tomonidan qanchalik ko‘p toshlar otilmasin, nomi qora qilinmasin, baribir, u kishi davrida O‘zbekistonimizda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa sohalar oldida turgan eng murakkab vazifalarni uddalaydigan tajribali, yuksak salohiyatga ega bo‘lgan rahbar kadrlar korpusi yaratilgan edi. Aziz Oppoqovich To‘rayev ham Sharof Rashidov yillarida shakllangan ana shunday tizimning mahsuli, vakili edi, desam adashmayman.  

Ijodkorlarga, umuman adabiyot, san’at, madaniyat ahliga hurmat, izzat -ikrom ko‘rsatish qanday bo‘lishi lozimligini, deb xotirlaydi Aziz Oppoqovich – shaxsan men Sharof Rashidovdan o‘rganganman. Vafotidan so‘ng ayrim ijodkorlar orasida uning davrini kamsitganlari ham bo‘ldi. Lekin, men kerak bo‘lsa hamma mas’uliyatni bo‘ynimga olib aytishim mumkinki, 70- yillardan so‘ng boshiga bunday kulfat tushgan ijod ahlini eslay olmayman.

Shu o‘rinda men O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasini juda ko‘p yillar boshqargan Sotsialistik Mehnat Qahramoni Komil Yashin bilan bo‘lgan uchrashuvimiz haqida to‘xtalmoqchiman. 90-yillarning boshlari edi, Komil Yashin menga telefon qilib qoldi. Komil Yashin va u kishining umr yo‘ldoshi Halima Nosirovalar bilan deyarli qo‘shni bo‘lib yashar edik. Oilaviy uchrashuvlarimiz ularning xonadonlarida o‘tardi. Ikkalalari ham o‘ta kamtar, mehribon, odamlar uchun jonini berishga tayyor inson edi. Telefondagi suhbatlaridan sezdimki, nimadandir xafa, o‘ta bezovta edilar.

– Mavlonjon, siz bilan uchrashmoqchiman, qachon qabulingizga borsam bo‘ladi, – dedilar.

–- Yashin aka, siz uchun eshigimiz hamisha ochiq. Ovora bo‘lmasligingiz uchun o‘zim boraman, –dedim.

– Juda zarur gapim bor, – dedi Komil Yashin.

Xonada ikkalamiz uzoq gaplashdik...

– Xabaringiz bor, – deb so‘z boshladi Yashin aka. – Halima opangiz uzoq yillardan buyon astma kasalligidan qiynaladi. Shu sabab Sharof Rashidovning topshirig‘i va Aziz akangiz To‘rayev nazoratida Bo‘stonliq tumanidagi “Oqtosh” sanatoriyasi yonidan Halima opangiz uchun taxtadan bir uy qurib berilgan edi. Hozir mana shu uyni O‘rmon xo‘jaligi rahbariyati bizdan tortib olmoqchi. Oldinlari biror bir muammomiz bo‘lsa, Aziz Oppoqovichga borar edik, hozir u kishi boshqa lavozimda. Nima qilishimizni bilmaymiz...  

Men o‘rmon xo‘jaligi vaziriga telefon qildim. Muammoning mohiyatini, ya’ni ijodkorga ehtiromli va himmatli bo‘lish kerakligini aytdim. Yonimda Komil Yashin bor, u kishi sizga salom aytmoqdalar, deb qo‘shib ham qo‘ydim. Masala hal bo‘lganligidan Yashin aka o‘ta minnatdor bo‘ldi. Biz xayrlashdik. U kishini pastgacha kuzatib, orqaga qaytar ekanman, odamning qadrini bilmaydigan, ijodkorlarga ehtiromni anglamaydigan, o‘z nafsi uchun birovni mulkini tortib olishga tayyor noinsof kadrlar haqidagi o‘ylar meni chulg‘ab olgan edi.

Aytishlaricha, vaqt o‘tib, (bizning qo‘llardan imkon ketganida) O‘rmon xo‘jaligi rahbariyati baribir o‘sha uyni o‘ziga olib, boshqa birovning nomiga xususiylashtirgan ekan... Afsus, ba’zida iste’dodga bo‘lgan munosabatdan xafa bo‘lib ketasan odam.

...Minnatdor bo‘lish kerakki, bugungi kunda iste’dodlarni asrash, ularga ehtirom ko‘rsatish borasidagi pozitsiyalar ijobiy tomonga o‘zgardi. Davlat rahbarining tashabbusi bilan bu borada juda ulug‘ ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, Ibroyim Yusupov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf, Halima Xudoyberdiyevalar nomida ijod maktablari ochildi. Abdulla Qahhor, Said Ahmad, Ozod Sharafiddinov kabi bir qator ijodkorlarga Adiblar xiyobonida muhtasham haykallar o‘rnatildi.  

Biroq, xayol suraman: o‘zimizning adabiyot va san’atimizning ikki darg‘asi Komil Yashin va Halima Nosirova nega chetda qoldi? Ularning pok nomlari borgan sari xotiralardan o‘chib bormoqdaku?  

Sharof Rashidovning vafotidan keyingi kun Aziz akaga telefon qildim. O‘ta tushkun holda arang gapirar edi: Sen Halimaga ayt, Sharof Rashidovni o‘limi haqida dil so‘zlarini yozsin, tayyor bo‘lsa, menga olib kelgin, – dedi. – Ko‘pchilik o‘z munosabatini bildirmoqda, – deb qo‘shib qo‘ydi. O‘sha kunlari Halima kichik qizim bilan kasalxonada edi, kechqurun kasalxonaga borib, bo‘lgan gapni unga yetkazdim. Halima to‘xtamasdan yig‘lardi... Ertalab tongda menga telefon qildi: “Og‘ir holat otasi...lekin, bir- ikki varaq qoralaganday bo‘ldim, ko‘ringchi, ma’qul bo‘lsa, berarsiz”. O‘sha kuni ertalab she’rni Aziz Oppoqovichga yetkazdim, u kishiga juda ma’qul bo‘ldi. She’r gazetalarda, birinchi bo‘lib “Toshkent oqshomi” gazetasida chop etildi. O‘sha qora kunlarda yozilgan bu she’r xalqimiz yuragining to‘ridan joy olgan edi.  

Alvido, Otajonim  

Ustoz Sharof Rashidov o‘limi munosabati bilan

Alvido, otajonim, demoqqa tilim bormas,  

Marhum, deb g‘amingizni yemoqqa dilim bormas,

Yo rab, bu vido she’rni yozmoqqa qo‘lim bormas ,

Nogahonda mard yurak, pand berdimi, otajon,

Sizdan xalqning umidi, shul edimi, Otajon.  

Yuraklarga qulagan eng yuksak tog‘, deyinmi,

Avji yetilganida do‘l urgan bog‘, deyinmi,

Bir shogirdday ko‘ksimda, hech o‘chmas dog‘, deyinmi,

Nima deyin so‘zdanam, adashtirib qo‘ydingiz,

Hamma davradaku, siz, barvaqt qurib ketdingiz.

Toshkentning har uyining asosin siz qo‘ygansiz,

O‘z ro‘zg‘oringiz kabi bul shaharni suygansiz,

O‘zbekiston deganni joningizda tuygansiz,

Birdan u xabar... har uy zir titrasa netarsiz,

Har bir g‘ishti tilga kirib, “Qani?” desa netarsiz?

Sor burgut eng balandda urilganday qoyaga

Qandoq go‘zal o‘lim bu, hojat yo‘q himoyaga,

Tiriklik ham, o‘lim ham tikilgan bir g‘oyaga,

Yashamoq va o‘lmoqni , bu xil uddalash birday,  

Menga tuyular go‘zal, hech yechimi yo‘q sirday.

Bir kun “Oltin vodiydan shaboda” esar sim-sim,

“G‘oliblar”ingiz ko‘ngli – vido jomidir, lim-lim,

Olimjonlar turarkan bosh ko‘tarolmay, jim-jim,

Tugatolmay qoldirgan kitobingiz kuymasmi

Oyqizdek Xolbuvilar qaro-qaro kiymasmi?!

Bul kunlaram o‘tar-u, o‘tar jafoga qiyin,

Azal-abad jonnisor, sodiq vafoga qiyin,

Sizga ellik yillik do‘st – Xursand opaga qiyin,

Tobut uzra ko‘ksini ushlab har jon to‘kildi,

Alp farzanddan ayrilgan – O‘zbekiston to‘kildi.

Ba’zan bitta odamning ko‘nglini topmoq mushkul,

Chorak asr butun bir xalq ko‘ngliga topib yo‘l,

Qon-qardosh xorijiyga “jigarim” deb, tutib qo‘l,

Yashadingiz, kelsalar xotirangizni “siz”lab,

Anjumanlar to‘ridan qolmasmi sizni izlab.

Men qandog‘am yig‘lamay, tog‘u-toshlar yig‘lasa,

Diydalarni kuydirgan achchiq yoshlar yig‘lasa,

Bir umr egilmagan egik boshlar yig‘lasa,

Yurt Yurtboshini yo‘qlar, qandoq qaro kundir bu,

Sarbonini yo‘qotgan karvoni – zabundir bu.

Ko‘z yumdim, o‘taverar olomon qator-qator,

Oldda mahzun ayollar, suyanishgan bemador,

Xalqim bu xil o‘limni sen qachon ko‘rganing bor,

Xalqim-yey, bu o‘g‘ilni qandoq berding tuproqqa,

Umiding bormi tag‘in shundoq o‘g‘il topmoqqa?

“Bor, bor” deyman o‘rningiz bo‘shmasligini ko‘rib,

Bir el bolasi yiroq tushmasligini ko‘rib,

Oldinga chiqqanlarning fikr tig‘ini ko‘rib,

Aminman, bu yurt tag‘in Yurtboshisini topgay,

Xalq tag‘in qad ko‘targay, tag‘in omadi chopgay!

Bugun esa...bu o‘lim sig‘mas hech bir ta’birga,

Bugun ko‘mirday kuyib yo‘l olarkan qabrga,

Toqatga toqat tilab, sabr tilab sabrga,

Xalqim, qaytmas bir daho o‘g‘ling uchun kuyaman

Alvido, deb bu she’rga qandoq nuqta qo‘yaman?!

Alvido, otajonim, demoqqa tilim bormas...

Halima Xudoyberdiyeva

Shu o‘rinda eslagim keldi: Aziz akam bilan shu yilning aprel oyida bo‘lgan uchrashuvimizda u kishi menga Halima yozgan mazkur she’rning asl nusxasini berdilar. Ha, o‘sha o‘z qo‘li bilan Sharof Rashidov haqida yozgan she’ri... Ajabo, o‘sha kunga ham 38 yil bo‘libdi. Shuncha yil Aziz aka arxivida saqlanayotgan ekan. Mana Aziz akadek ulug‘ insonlarning iste’dodga, she’rga bo‘lgan ibratli munosabati.  

“Dunyoda ajab ishlar ko‘p... KPSS MK va SSSR Ministrlar Soveti 1986 yil 22 may kungi qarori bilan Sharof Rashidov xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha 1983 yil 23 dekabrda qabul qilingan qarorni bekor qildi. O‘zbekiston SSR Ministrlar Soveti raisi katta zalida o‘sha qarorni o‘qib eshittirdi. Shundan so‘ng, – deb eslaydi Aziz Oppoqovich, – majlis qatnashchilari tomonidan Sharof akaning nomiga bo‘htonlar yog‘dirilib, sha’niga yolg‘on ayblovlar qo‘yildi. 

Men majlisda ichimni yeb o‘tirardim. U yerda bu ulug‘ insonni, qolaversa, marhumni yomonlab gunohga botayotgan kimsalar kechagina Sharof Rashidovning rahbarlik salohiyati haqida to‘lib-toshib gapirgan, dono va bilimdon siyosatchi, xalqparvar rahbar deya ko‘klarga ko‘tarib maqtagan mayda, pastkash hamkasblar edi. Ularning gaplarini eshitish, manfur basharasiga qarab o‘tirish men uchun nihoyatda azobli bo‘lgandi. Ular O‘zbekiston partiya qo‘mitasi yo‘l qo‘ygan barcha kamchiliklarni Sharof Rashidovga taqadilar!”  

Aziz akaning xotiralarini qo‘llagan holda odamzotning ajab qiliqlaridan bir misol keltiraman. Men O‘zbekiston Prezidentining davlat maslahatchisi lavozimida ishlayotgan paytimda O‘zbekiston Oliy Soveti sessiyalarininng 70-80 yillardagi ayrim materiallari bilan tanishgandim. 

O‘sha yillarda o‘tgan sessiyalarning birida so‘z olgan viloyat rahbarlaridan biri Sharof Rashidov tirikligida, lavozimda ekanida 34 marotaba Rashidov nomini ulug‘ so‘zlar bilan olqishlagan bo‘lsa, Sharof otaning vafotidan so‘ng, qoralanganidan so‘ng esa 44 marta tahqirli, bo‘htonli so‘zlarni yog‘dirgandi... Hatto shogirdlardan yana biri esa Sharof Rashidov byusti (haykali) maydalab tashlangani haqidagi protokolni mag‘rurona ko‘tarib yurgan edi. Moskvada in qurgan qora kuchlar va ularning o‘zimizdagi hamtovoqlari Sharof Rashidovni qanchalik qoralamasinlar, bu buyuk insonning O‘zbekistonga, o‘zbek xalqiga qilgan yaxshiligi ko‘p va xalqimiz o‘zining dahosi deb biladi. 

Nemis faylasufi “Nima bo‘lganda ham, baribir, qabr taqdir zarbalariga qarshi eng a’lo qal’adir” deb yozgan ekan. Sharof Rashidov endi taqdir zarbalari yetmaydigan qal’ada. Marhum haqida yomon gapirishgina emas, yomon xayolga borishning o‘zi gunohlarning kattasidir.

...1989 yilning yozida Islom Karimov O‘zbekiston Markazqo‘mining birinchi kotibi etib saylandi. Shu yildan boshlab Sharof Rashidov haqidagi bo‘htonlarga nuqta qo‘yiladi. Sharof otaning muborak nomi, u kishining faoliyati haqida birinchilar qatorida Aziz Oppoqovichning turli maqolalari, suhbatlari gazeta va jurnallarda bosilib chiqa boshlaydi. 2017 yilda esa “Biz bilgan va bilmagan hazrati inson” kitobi bosmadan chiqadi. 

Bu kitob omma orasida zo‘r qiziqish bilan kutib olindi. Muallif nomiga minglab olqish xatlari yuborildi. 1992 yil 10 iyunda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Sharof Rashidov tavalludining 75 yilligiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” qarori e’lon qilingandi. Mamlakatimiz aholisi bunday qarorni ko‘tarinki ruh bilan kutib olgan edi. 

KPSS Markaziy komitetining Sharof Rashidovni qoralash haqidagi sharmandali qarori e’lon qilingan kundan 6 yil ham o‘tmay xalqimizninng buyuk farzandi Sharof Rashidovning nomi butunlay tiklandi. Shubhasiz, bunday ulug‘vor harakatning tepasida respublikamizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov turar edi. Buyuk odamlarning qismati ham buyuk bo‘ladi, tarixdan shunday. 

Insoniyat uchun qilingan ulug‘vor ishlar qora kuchlar tomonidan qanchalik qoralanmasin, baribir, tarix zarvaraqlaridan o‘chirilmaydi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, buyuk nemis olimi Galiley o‘limidan 1929 yil o‘tib, ya’ni 1971 yilda katolog cherkovi Galiley ustidan chiqarilgan ayblov hukmini bekor qilgan ekan. 

Mamlakatimizning ham nohaq qoralangan yuzlab, minglab kadrlari Islom Karimov ishlagan yillarda va undan so‘ng Prezidentimiz, xalqparvar inson Shavkat Mirziyoyev rahbarligi davrida to‘la oqlanib xalqimiz farovonligi uchun turli sohalarda mehnat qilmoqdalar. Kadrlar siyosatidagi muhim usul ham aynan yaxshi kadrni tayyorlash, parvarishlash va xalqqa xizmat qildirishdir.  

Aziz Oppoqovichning ajoyib fazilatlaridan yana biri u kishining kitoblarga oshnoligidir. Sharof Rashidov, Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatov, Anna Axmatova, Komil Yashin, Shayxzoda, Shukrullo, Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf va boshqalar haqida suhbat ketsa, ular to‘g‘risida soatlab gapiradi, she’rlaridan yod o‘qiydi. Uylariga borsangiz, go‘yo kichik kutubxonaga kirgandek bo‘lasiz. Kitob javonlari o‘zbek, rus, tojik, qozoq, arman, ozarbayjon, qirg‘iz, turkman va boshqa chet millat vakillariga mansub adiblar asarlari bilan to‘lgan.  

– Bu kitoblarni umrim davomida yig‘ganman, – deydi Aziz aka. – Deyarli hammasini oila a’zolarimiz bilan mutolaa qilganmiz. Kitob olgandan keyin u o‘qilishi kerak. Kitobni sotib olaversangizu o‘qimasangiz kutubxonangiz kitoblar mozoriga aylanadi.  

Ustozimiz Aziz Oppoqovich bilan hamisha faxrlanamiz. U kishi ishlagan yillar o‘zbek adabiyoti, san’ati, madaniyatining gullagan davri bo‘lgan, desak yanglishmaymiz.  

Aziz Oppoqovich qaysi lavozimda bo‘lmasin,u kishining asosiy a’moli – odamiylik, inson bo‘la olish, eng muhim fazilati esa – halollik, to‘g‘riso‘zlik, Vatanga sadoqat bo‘lgan.  

Katta xalq, ulug‘ millatlarga esa Aziz aka To‘rayev kabi nodir farzandlar hali ko‘p kerak bo‘ladi.  

Mavlon Umurzoqov,

iqtisod fanlari doktori, professor