Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Ammiak va karbamid ishlab chiqarish” majmuasida ilk ilk mahsulot chiqarildi
16:04 / 2020-12-25

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2016 yil sentyabr oyida “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyatida qurilishi boshlangan “Ammiak va karbamid ishlab chiqarish” majmuasida barcha ishlar yakunlanib, 2020 yil 23 dekabr kuni ilk karbamid mahsuloti olindi. Bu haqda “O‘zkimyosanoat” AJ matbuot xizmati ma’lum qildi.

Loyiha qiymati 985,7 mln. dollarga teng bo‘lib, moliyalashtirish 577 mln. dollar miqdoridagi Yaponiyaning banklari va moliyaviy institutlari kreditlari, 320 mln. dollar O‘zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi krediti va 88,7 mln. dollar korxonaning o‘z mablag‘i hisobidan amalga oshirildi.

Majmua Yaponiyaning “Mitsubishi Heavy Industries Ltd” va “Mitsubishi Corporation”kompaniyalari konsorsiumi bilan hamkorlikda amalga oshirildi. Ishlab chiqarish texnologiyalarini Daniyaning “Haldor Topsoe”, Italiyaning “Saipem” kompaniyasi hamda karbamid granulyatsiyasini Germaniyaning “Uhde” kompaniyalari yetkazib berdi. Asosiy texnologik uskunalar Yaponiya va Yevropadan keltirildi.

Loyihani ishga tushirish va sozlash ishlari joriy yilning oktyabr oyida boshlangan bo‘lishiga qaramay, 53 kunda tayyor mahsulot olishga erishildi. Bu “Mitsubishi Heavy Industries Ltd”va “Mitsubishi Corporation” kompaniyalari tarixidagi rekord ko‘rsatkich bo‘lganligini ta’kidlab o‘tish joiz.

Ammiak va karbamid ishlab chiqarish kompleksining texnologik bosqichlarida qo‘llanilgan noyob innovatsion va zamonaviy texnologiyalar ekologik va energetik samaradorligiga ko‘ra dunyodagi eng so‘nggi texnologiyalar hisoblanadi.

Majmuada 660 ming tonna ammiak va 577,5 ming tonna karbamid ishlab chiqariladi. Ammiakning 330 ming tonnasi yangi karbamid ishlab chiqarishga va 330 ming tonnasi mavjud ammiakli selitra ishlab chiqarishga yo‘naltiriladi. Loyiha to‘liq quvvatga chiqqanda 1 trillion 428 mlrd. so‘mlik tovar mahsulot ishlab chiqariladi va kimyo tarmog‘ining 9,5 foizga o‘sishga olib keladi. Byudjetga yillik 600 mlrd. so‘m miqdoridagi tushumlarini ta’minlaydi hamda 58 mln. dollarlik qo‘shimcha mahsulot eksport qilinadi.

Loyihani amalga oshirish natijasida 1964 yilda qurilgan, ma’naviy jihatdan eskirgan, energiya sarfi yuqori bo‘lgan “Navoiyazot” AJ 1- va 2- ammiak ishlab chiqarish sexlari foydalanishdan chiqariladi.

Mamlakatimiz qishloq xo‘jaligining karbamidga bo‘lgan ehtiyoji endi to‘liq qoplanadi. Xususan, g‘alla va paxta hosilini agrotexnik muddatlarida gektariga qo‘shimcha 100-150 kilogrammgacha o‘z vaqtida karbamid mineral o‘g‘iti bilan oziqlantirish imkonini beradi. Bundan tashqari, Markaziy Osiyo davlatlari, Afg‘oniston, Turkiya, Ukraina va Gruziyaga ham mahsulot eksport qilinishi rejalashtirilgan.

 

O‘zA