Vatanimiz tarixidagi 22 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1868 yil (bundan 152 yil oldin) – Buxoro amiri Muzaffarning katta o‘g‘li, otasining siyosatidan norozi bo‘lgan qirq yoshli Abdulmalik to‘ra Xiva xonligi bilan birgalikda ozodlik kurashini davom ettirish maqsadida Xorazmga kirib keldi. Xiva xoni Muhammad Rahimxon II uning huzuriga Abdulmalik to‘ra tashrif buyurayotganini eshitib, o‘z mulozimlari Muhammad Rizo Ogahiy hamda Muhammad Niyoz devonbegini uni kutib olish uchun jo‘natdi. Xon uni a’lo darajada kutib olib, Hasan Murod qo‘shbegi saroyidan unga maxsus joy ajratdi.
Tarixchi olim Abror Odilovning yozishicha, xon to‘raga izzat-hurmat ila munosabatda bo‘lib, unga 1500 tillo miqdorida oylik nafaqa belgiladi. To‘ra kishilariga esa 500 tillolik kiyim-boshlar hadya qilindi. Xon to‘rani hoxlagan vaqtida unga murojaat etishi mumkinligini bildirib, unga bir beklikka bosh bo‘lishni ham taklif qildi.
Aslida Rossiya imperiyasiga qarshi birgalikda kurash olib borish niyatida bo‘lgan Abdulmalik to‘raning fikrini Muhammad Rahimxon II, afsuski, rad etdi. Rossiya imperiyasi tazyiqidan cho‘chigan Muhammad Rahimxon II, O‘rta Osiyo xalqlari ozodlik kurashi uchun avvalo ittiqoflik, hamjihatlik zarur ekanligini anglamagan edi. Xorazmda deyarli uch oy turgan Abdulmalik to‘ra, endi bu yerda qolish maqsadga muvofiq emasligini bilib, xondan unga ketish uchun ruxsat berishini so‘radi.
1908 yil (bundan 112 yil oldin) – faylasuf olim, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Rustam Abdushukurov dunyoga keldi (vafoti 1981 yil).
1910 yil (bundan 110 yil oldin) – Buxoro amiri Abdulahadxon 22 dekabrdan 23 dekabrga o‘tar kechasi buyrak kasali tufayli Karmana yaqinida joylashgan Xayroboddagi bog‘ida vafot etdi. Amirning vasiyatiga ko‘ra, uni Karmanadagi Qosim shayx Azizon xonaqosi kunbotar tarafiga dafn etishdi. 1912 yili Abdulahadxon qabri atrofida o‘g‘li Olimxon tomonidan katta ziyoratxona barpo etilgan.
1915 yil (bundan 105 yil oldin) – tarixchi Feruza Bobojonovaning yozishicha, Buxoro amirligi hukumati “Barakat” shirkati nizomini tasdiqlab, uning ochiq faoliyati uchun ruxsat berdi. Shirkat amirlikning ko‘pchilik hududlarida kitob do‘konlari tashkil qilib, ziyo tarqatishni maqsad qildi. Abdurauf Fitrat shirkat doirasida Turkiyaga yoshlarni o‘qishga jo‘natish uchun mablag‘ to‘plash bilan shug‘ullandi. Sadriddin Ayniyning qayd etishicha, “Xalq orasida ushbu shirkat “jadidlar shirkati” deb nom qozongan”.
Buxoroda ma’rifat tarqatishda, kitob, gazeta, jurnallar bilan savdo qilishda, buxorolik yoshlarning ma’rifiy-siyosiy harakatlarining jonlanishida ushbu tashkilotning ahamiyati katta bo‘ldi. Bu haqda Sadriddin Ayniy shunday yozgan edi: “Bu yil yashirin jamiyatning ta’minoti bilan ikki muhim ish boshlandi. Bularning birisi “Ma’rifat” kutubxonasi, ikkinchisi “Barakat shirkati” edi. Nasrullo Qo‘shbegi ushbu kutubxona va shirkatga rasman ruxsat berganligidan yoshlar hayotiga yaxshi bir yordam yetkazdi”.
1995 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining “1954 yilda imzolangan Qurolli mojaro chiqqan hollarda madaniy boyliklarning himoya qilinishi to‘g‘risidagi Konvensiyaga qo‘shilish haqida”, “1970 yilda imzolangan Madaniy boyliklarni noqonuniy ravishda olib kelish, olib ketish va ularga bo‘lgan egalik huquqini o‘zgaga berishni man etish va oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qilish haqida”, “1972 yilda imzolangan Umumjahon madaniy va tabiiy merosni muhofaza qilish to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qilish haqida” qarorlari qabul qilindi.
2004 yil (bundan 16 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 50 yilligi yubileyini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2010 yil (bundan 10 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi.
2017 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasi e’lon qilindi.
2018 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Unga asosan 26 yanvar O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari xodimlari kuni etib belgilandi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi
O‘zA