Ramazon – mehr-muruvvat va shukronalik oyi
Islom olami uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi kunlarida Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi “Amiri Ahtam” ziyoratgohining tantanali ochilishi yurtimiz ma’naviy hayotida ahamiyatli voqeaga aylandi.
Marosimni Jizzax viloyati bosh imom-xatibi Mehmonxon domla Jabborov ochib, so‘zni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulovga berdi.
Qayd etilganidek, mazkur ezgu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 12-oktabrdagi “Tarixiy-diniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash va ularni obodonlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirildi. So‘nggi yillarda muqaddas qadamjolarni tiklash, madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ziyorat turizmini rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor ana shunday amaliy ishlar misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
Loyiha doirasida “BMB Holding” tomonidan 4 milliard so‘m mablag‘ beg‘araz ajratildi. Qisqa muddatda ziyoratgoh majmuasi yangidan barpo etildi, hudud obodonlashtirildi, ziyoratchilar uchun barcha sharoitlar yaratildi, bir kilometrga yaqin yo‘l asfaltlandi. Majmua O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi balansiga topshirildi.
[gallery-27927]
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov, Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari Sardor Shukrullayev, “BMB Holding” ta’sischilar kengashi raisi Bekzod Mamatqulov, Sharof Rashidov tumani masjidlari imom-xatiblari, ommaviy axborot vositalari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
So‘zga chiqqanlar Ramazon oyi davom etayotgan ayni muborak kunlarda bunday ulug‘ ziyoratgohning qayta tiklanishi katta ahamiyatga ekanini ta’kidlab, muqaddas maskanlarni asrab-avaylash xalqimizning azaliy qadriyati ekanini qayd etdilar.
Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, yillar davomida qarovsiz holatda bo‘lgan bu qadamjo bugun mutlaqo yangi qiyofada namoyon bo‘ldi. Zamonaviy va obod maqbara, qulay nomozxona va dam olish hududlari barpo etilgani ajdodlar xotirasiga yuksak ehtirom ifodasidir.
Mazkur qadamjo haqida Jizzax davlat pedagogika universiteti o‘qituvchisi Jamoliddin Jo‘rayev shunday deydi:
— Bugun biz nafaqat bir ziyoratgohning ochilishiga, balki millatimiz ma’naviy hayotida yangi sahifaning ochilishiga guvoh bo‘lmoqdamiz. Mustaqillik yillarida muqaddas qadamjolarni obod etish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. 2021-yil 12-oktabrda qabul qilingan qaror tarixiy-diniy merosga bo‘lgan yuksak hurmat ifodasidir. Amiri Ahtam haqidagi ma’lumotlar XVIII asrda yashagan Sobir Sayqaliyning “Ahtamnoma” asarida uchraydi. Qo‘lyozmalar Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi hamda Sharqshunoslik instituti qo‘lyozma fondlarida saqlanmoqda. “Ahtamnoma” insonparvarlik, bag‘rikenglik va tinchlik g‘oyalari bilan sug‘orilgan asar bo‘lib, xalqimiz ma’naviy merosining ajralmas qismi hisoblanadi. Keyinchalik marhum professor Olimjon Jo‘rayev tomonidan uning ayrim qismlari o‘rganilgan. Bugungi obodlik ishlari ana shu boy merosni xalqqa yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, muqaddas qadamjolarni tiklash — bu faqat me’moriy bunyodkorlik emas, balki millat xotirasi va ma’naviy o‘zlikni asrash, tarixiy merosni kelajak avlodga yetkazish demakdir. “Amiri Ahtam” ziyoratgohining qayta barpo etilishi ana shu ezgu yo‘ldagi yana bir izchil qadam bo‘ldi.
Marosim yakunida majmua ziyorat qilinib, muborak Ramazon oyi munosabati bilan yurtimiz tinchligi va xalqimiz farovonligi tilab duo qilindi. Mehmonlar uchun ekskursiya tashkil etildi. Saxovat tadbiri “Yakkasaroy” tantanalar majmuasida o‘tkazilgan iftorlik dasturxoni bilan davom etdi. Unda 300 nafarga yaqin mehmon — diniy soha vakillari, mahalla oqsoqollari, kam ta’minlangan oilalar a’zolari hamda jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari