Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasining Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMTning 80-yubiley sessiyasidagi ishtirokini Amerika Qo‘shma Shtatlarida vaqtincha o‘qiyotgan va ishlayotgan hamyurtlarimiz katta qiziqish bilan kuzatmoqda. Anjuman kunlarida O‘zA okean ortidagi eng faol yoshlarimizning fikrlarini o‘quvchilar e’tiboriga havola etib boradi.
Amira Murtazoyeva, fizioterapevt:
– Biz AQSHga oilamiz bilan 2008 yilda kelganmiz. Shu yerda o‘rta maktabni, keyin tibbiyot kollejini tugatdim. Hozir fizioterapevt bo‘lib ishlayapman. Mutaxassis sifatida asosan yoshlar, ko‘proq xotin-qizlar jismoniy jihatdan sog‘lom bo‘lishiga hissa qo‘shish maqsadida faoliyat olib boramiz. “Sog‘ tanda sog‘lom aql” deganlaridek, inson qachonki jismonan tetik bo‘lsa, tiniq fikrlaydi, ruhi yengil bo‘ladi. Ko‘p yildan buyon vatandan uzoqda yashasak-da, O‘zbekistonni doim qo‘msaymiz. Tug‘ilib o‘sgan yurtimizda kechayotgan voqea-hodisalar bilan muntazam qiziqamiz. Masalan, meni tengdoshlarimning hayoti, yurish-turishi, turmush tarzi juda qiziqtiradi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston yoshlari uchun juda ko‘p qulayliklar, imkoniyatlar yaratilayotganini eshitib xursand bo‘lamiz. Hozir mamlakatimizda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida internetdan, ijtimoiy tarmoq orqali va qarindoshlarimizdan eshitib, xabardor bo‘lib turamiz.
O‘zbekiston Prezidenti AQSHga har gal kelganida bu yerdagi vatandoshlarimiz, ayniqsa yoshlar qanday yashayotgani, nima ishlar bilan mashg‘ulligiga qiziqadi. Bundan juda xursand bo‘lamiz. Shu bois mutaxassisligim, kasbim taqozosi bilan olayotgan bilimim, orttirayotgan xorijiy tajribamni yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida sarflasam, deyman.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/ACOgZYaUUag?si=zPvLbZqTunK7yVvJ" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘ayrat Xonnazarov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA