Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amir Temurning sobiq sarkardalari nega o‘zaro qilich ko‘targan edi?
08:57 / 2021-01-11

Vatanimiz tarixidagi 11 yanvar sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1411 yil (bundan 610 yil oldin) – Mirzo Ulug‘bekning vasiyi (otalig‘i) amir Shohmalik qachonlardir Amir Temur qo‘shinida o‘ziga safdosh bo‘lgan, keyinchalik temuriylarga qarshi isyon ko‘targan Shayx Nuriddinga qarshi jangga chiqdi. Ikkala lashkar Sirdaryonng o‘ng tarafida, Yassi yonida joylashgan yirik o‘rta asr shahri Sabronda bir-biriga yuzlandi, lekin jang bo‘lmadi. Muzokara paytida Shayx Nuriddin hiyla bilan o‘ldirildi. Ulug‘bekning xavfli dushmani shu alfozda tugatildi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, Amir Temur va Shohrux saltanatida xizmat qilgan dongdor amir Shohmalikni Sohibqiron yoshligidan tarbiyalagan, unga harbiy salohiyatni o‘rgatgan edi. U Sohibqironning ko‘plab yurishlarida jasorat ko‘rsatgan. Amir Temur O‘tror shahrida vafot etgan paytda Shohmalik uning yonida bo‘lgan va oxirgi vasiyatlarini bevosita eshitgan. Sohibqironning jasadi joylashgan tobut, oilasi, nevaralarini O‘trordan Samarqandga olib kelishda bosh bo‘lgan.

Amirzoda Shohrux 1409 yilda markazi Samarqand bo‘lgan Movarounnahrni to‘la o‘z ixtiyoriga olgach, uni o‘n besh yoshli o‘g‘li Ulug‘bekka suyurg‘ol qildi va Ulug‘bek hali yosh bo‘lgani sababli, mamlakat ishlarini boshqarib turishga Shohmalikni mutasaddi qilib qoldirdi. Mazkur tadbirdan Ulug‘bekning ko‘ngliga malollik kelganini bilgan Shohrux biroz vaqtdan so‘ng, 1411 yilda Shohmalikni Xurosonga chaqirib oldi.

Shayx Nuriddin haqida so‘z yuritadigan bo‘lsak, Temurning eng ko‘zga ko‘ringan amirlaridan biri va Shohmalikning jangovar safdoshi bo‘lmish Shayx Nuriddin Shohrux va Ulug‘bekning hokimligini tan olmaydi. O‘sha payt u Sirdaryoda bo‘lib, bu yerdan mo‘g‘ullar bilan birgalikda Ulug‘bekka qarshi kurash olib boradi. Shoh Malik u bilan kurashda bir necha bor mag‘lubiyatga uchraydi. Haqiqiy katta janglar 1411 yili yuz beradi. Shohmalik nayrang ishlatib Shayx Nuriddinni qatl qilishga muyassar bo‘ladi.

1921 yil (bundan 100 yil oldin) – Buxoro respublikasi Kobulga Buxorodagi jadidchilik harakatining taniqli namoyondasi, davlat arbobi va diplomat, asli andijonlik Abdurahim Yusufzoda rahbarligida elchilar jo‘natdi. U 1921–1922 yillarda Buxoro respublikasining Afg‘onistondagi elchisi sifatida faoliyat yuritdi.

1923 yil (bundan 98 yil oldin) – Turkiston respublikasi Maorif xalq komissarligi qoshida Bosh vaqf boshqarmasi va uning bo‘limlari tashkil etildi. Ularning tepasida davlatdan maosh oladigan shaxslar qo‘yilib, ularga vaqflarni saqlash, kengaytirish va hatto yangi vaqflar tashkil etish huquqi berildi.

Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, 1923 yilda Munavvar qori Abdurashidxonov Bosh Vaqf Boshqarmasining a’zoligiga saylangan edi. Bu vazifani ham sidqidildan bajargan Munavvar qori vaqf boshqarmasining asosiy e’tibori asosan maorif va madaniyat ishlariga qaratilganini o‘zining “Bosh vaqf idorasining bir yillik hisobi”da aniq ko‘rsatib o‘tgan edi. Unda ko‘rsatilishicha, “bosh vaqf idorasi o‘zining ta’minoti uchun mahalliy shu’balarning umumiy daromadidan “10 foiz” olib, qolgan “90 foizini mahallalarning o‘zida maorif va madaniyat ishlariga sarf bo‘ladir”. Vaqf idorasining 1923 yildagi butun daromadi 6 million 529 ming 652 so‘mni tashkil etgan edi.

1943 yil (bundan 78 yil oldin) – fizik olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Tolib Mo‘minov tavallud topdi.

1966 yil (bundan 55 yil oldin) – Toshkentda Hindiston davlat va siyosat arbobi, Hindistonning ikkinchi Bosh vaziri La’l Bahodir Shastri vafot etdi (tavalludi 1904 yil). Toshkentda Shastriga atab haykal o‘rnatilgan.

1996 yil (bundan 25 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Parijda «Temuriylar davrida fan, madaniyat va ta’limning ravnaqi» haftaligini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

1999 yil (bundan 22 yil oldin) – Samarqandda fransuz va ingliz tillarida Parijda nashr etilgan “Samarqandning moviy oltini” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Kitob muallifi – Temuriylar davri tarixi va madaniyati tadqiqotchilari Assotsiatsiyasining bosh kotibi Frederik Bessand.

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi