Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amir Temurning “besh yillik yurish”i boshlangan kun
09:05 / 2021-05-24

Vatanimiz tarixidagi 24 may sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.

1392 yil (bundan 629 yil oldin) – Amir Temur o‘zining “besh yillik yurish”ini boshladi. Bu voqea tarixchi olim Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida quyidagicha qayd etiladi: “Amir Sohibqiron baxtli tole’ bilan To‘qtamishxon muhorabasidan qaytib kelgach, uning keskin ra’yi ilgari tasxir qilgani Eron mamlakatlaridan yana bir o‘tishni va mamlakat yuzini muxoliflardan tozalashni taqozo etdi. Shunga binoan turklarning maymun yiliga to‘g‘ri keladigan yetti yuz to‘qson to‘rtinchi yil rajab oyining boshida (1392 yil 24 may) juma kuni safarni ixtiyor qilib, humoyun bayroqlar harakatga keldi...”

1411 yil (bundan 610 yil oldin) – tarixchi olim Turg‘un Fayziyevning qayd etishicha, Temuriylar hukmdori Shoxruh Mirzo Bodxez mavzesida dam olayotgan chog‘da, o‘n uch yoshli nabira jiyani Umarshayx Mirzo xoqonning huzuriga najot istab keldi. Shohruh Mirzo shahzodaga shafqat va muruvvat ko‘rsatib, o‘z saroyida olib qoldi. Shahzoda umrining oxirigacha Hirotda – Shohruh Mirzo mulozamatida hayot kechirdi.

1719 yil (bundan 302 yil oldin) – Buxoro xonligida shakllangan odatga muvofiq rajab oyining juma kuni poytaxtning jome masjidida xaloyiq yig‘ilib, dabdabali namoz o‘qildi hamda to‘la xatmi Qur’on qilindi. Xalq bayramiga aylangan va odamlar bir-birlarini tabriklab, bir-birlarinikiga mehmondorchilikka boradigan bu kunni tarixchi va munajjim Abdurahmon Tole o‘zining “Tarixi Abulfayzxon” asarida quyidagicha qayd etadi:

“Bir ming bir yuz o‘ttiz birinchi yili ulug‘ rajab oyining to‘rtinchisida juma (milodiy 1719 yil 24 may) kuni go‘zal Buxoroda shon-shavkatli podshohlarning shunday udumi bor edi: rajab oyining juma kunida zodagon va oddiy xalq, podshoh va qul, [ya’ni] poytaxtning jome’ masjidida xaloyiq yig‘ilib juma namozini ado etardilar. Bu kunni xalq bayram deb biladi, hamma bir-birini bayram bilan tabriklaydi. Shavkatli podshoh ulug‘ amirlar, to‘la hashamatda jome’ masjidga keladi. Bu odat Abdulazizxonning Arabistondagi ikkala muqaddas shahar [Makka va Madina]ga hajga borib kelganining dastlabki yillarida paydo bo‘lgandi...”

1862 yil (bundan 159 yil oldin) – Toshkentdan Xudoyorxon, O‘ratepadan amir Muzaffar qo‘shinlari yo‘lga chiqib, Xo‘jandni egalladi. Bu voqea hijriy 1278 yil zulqa’da oyining yigirma beshinchi kuni (milodiy 1862 yil 24 may)da ro‘y berdi. Xo‘jand zabt etilgach, tezda ittifoqchilar qo‘shinlari Qo‘qonni ham egalladilar. Shu tariqa amir Muzaffarning yordami bilan Xudoyorxon ikkinchi marta Qo‘qon taxtiga o‘tirdi. Lekin uning bu galgi hukmronligi (1862–1863) uzoqqa cho‘zilmadi.

1890 yil (bundan 131 yil oldin) – musiqiy folklorshunos, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Yelena Romanovskaya tavallud topdi (vafoti 1947 yil). U 27 yoshidan boshlab umrining oxirigacha O‘zbekistonda yashagan. Yelena Romanovskaya o‘zbek ayollar qo‘shiqlari, Xorazm maqomlari, dutor kuylarini notaga yozib olib, nashr ettirgan. Bular orasida 2 jildli “O‘zbek xalq qo‘shiqlari” to‘plamining ahamiyati katta.

1992 yil (bundan 29 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoniga asosan ko‘p yillik halol mehnati, o‘zbek adabiyotini rivojlantirishdagi xizmatlari va faol jamoat faoliyati uchun Oydin Hojiyeva va Halima Xudoyberdiyeva “O‘zbekiston xalq shoiri”, Ne’mat Aminov “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” faxriy unvonlari bilan mukofotlandi.

1994 yil (bundan 27 yil oldin) – Toshkentda Qozog‘iston elchixonasi ochildi.

2016 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim tizimi uchun xorijiy o‘quv va ilmiy adabiyotlar xarid qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2017 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qadimiy yozma manbalarni saqlash, tadqiq va targ‘ib qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

2018 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

 

Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi