9 aprel – Amir Temur tavallud topgan kun
Muarrixlarning yozishicha, Amir Temurning piri Sayyid Baraka 1370 yil Termiz shahridan 18-21 kilometr naridagi qadimgi Biyo qishlog‘ida Sohibqironga katta nog‘ora (tabl) va bayroq tutqazadi. Bayroq bilan nog‘ora musulmonlar uchun toj-taxt ramzi sanalib, uni olish sarkardaning tez orada saltanat egasi bo‘lishiga ishora bergan. Manbalarda o‘sha yili Amir Temur raqibi Amir Husaynga qarshi Balx ustiga yurish boshlagani qayd etilgan.
O‘rta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, qudratli, markazlashgan davlat asoschisi Amir Temurning Surxondaryo viloyatidagi yurishlari bilan bog‘liq qiziqarli manbalar saqlanib qolgan. Afsuski, o‘tgan tuzumda Sohibqiron hayoti noto‘g‘ri talqin etilib, bizning yoshligimizda bu ma’lumotlar ochiqlanmagani uchun maktabda ham, oliy ta’lim muassasasida ham ulug‘ bobomizni boshqacharoq ta’riflashgan. Shunday qilib, o‘quvchilik va talabalik yillarimizda ulug‘ bobomizning asl hayoti va jahonda amalga oshirgan ezgu ishlaridan bexabar o‘sib, ulg‘ayganmiz. Endi yosh avlodga Amir Temurning jasorat, saxovat, vatanparvarlik va kechirimlilik kabi fazilatlarga boy hayotini o‘rganib, dunyoga keng tarannum etish imkoniyati yaratildi. Buyuk Sohibqiron bilan faxrlanib yashash baxtiga muyassar bo‘ldi.
Bugun farzandlarimiz Amir Temur hayotida muhim o‘rin tutgan payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning avlodlaridan bo‘lgan Mir Sayyid Barakaning Termizga kelib, Sohibqiron bilan uchrashgani, u zotga davlat ramzi bo‘lgan nog‘ora va bayroqni tortiq etgani, qator harbiy yurishlarida yo‘ldosh bo‘lib, qo‘shinning ruhini ko‘tarib turgani va boshqa manbalarni qiziqib o‘rganmoqda. Nafaqat Markaziy Osiyo xalqlari tarixi, balki jahon tarixida ham Amir Temur va temuriylarning alohida o‘rni bo‘lganini o‘qib, iftixor hissini tuymoqda.
Tarixchilarning guvohlik berishicha, Sayyid Barakadan oliy hokimiyat ramzi bo‘lgan katta nog‘ora va yalovni qabul qilib olgan Sohibqiron o‘sha yil bahorida Balxni tor-mor etadi. Balx taslim bo‘lgach, Amir Temur Movarounnahrning chingiziylardan bo‘lgan hukmdori Qozonxonning qizi Saroymulk xonimni o‘z nikohiga oladi. Xon qiziga uylangani munosabati bilan “ko‘ragon”, ya’ni “xonning kuyovi” unvoniga sazovor bo‘ladi.
Qadimgi Jayxun qulay kechuv o‘rnida joylashgan. Termiz shahri esa Sohibqironning e’tiborida bo‘lib kelgan. Amir Temur qator janglarida, shuningdek, Hindistonga qilgan yurishlarida va janubiy-sharqqa qilgan safarlari chog‘ida Termiz shahridan o‘tgan. Ulug‘ bobomiz “Temur tuzuklari” asarida Termizga kelganini ta’riflab, “Yo‘l yurib, Amudaryo bo‘yidagi Achig‘i degan o‘nqir – cho‘nqir yerga kelib tushdik. Shu yerga kelganimda, Buxoro tevaragida qoldirilgan haram ahli, Muborakshoh, Sayyid Hasan va boshqa jamoa ham yetishib keldilar”, deya xotirlaydi.
Ilyosxo‘ja boshliq jete qo‘shinlari bilan hal qiluvchi janglar ham hozirgi Surxondaryo hududida kechgani aytilgan. Sohibqiron “Temur tuzuklari”da yozadiki, “Shu yerda turib, Tamuqa baqodirga uch otlik qo‘shdim va Termiz daryosidan kechib o‘tib, jete lashkari haqida, uning ahvoli va rejalari to‘g‘risida xabar topib keltirishini buyurdim.
Tamuqa to‘rt kundan keyin kelib, shuni xabar qildiki, jete lashkari Termiz viloyatiga kelmishlar, xalqni talab, urush, talash bilan mashg‘ul emishlar…. Jete lashkari ustiga to‘satdan bostirib borishni o‘yladim… Jayxun daryosi bo‘yida joylashgan Elchibug‘o maydoniga kelib tushdim.”
Shu orada jete qo‘shinidan bo‘lmish amir Sulaymon barlos, amir Muso barlos, amir Joku barlos, amir Jaloliddin, amir Hinduka barloslarning jete amirlaridan yuz o‘girib, o‘z askarlari bilan eski Termizga kelib tushganlari haqida xabar keltiradilar.
Shiddatli janglarda jete qo‘shinlari tor-mor bo‘ladi. Jayxun (hozirgi Amudaryo) bo‘yidagi bu g‘alaba Temurning o‘z kuchiga ishonchini oshirib, askarlarini yanada ruhlantiradi. Sohibqiron Termiz yaqinidagi qadimiy Qahalqa qal’asini olishga qaror qiladi.
Termiz shahrida X-XVII asrlarga mansub “Sulton saodat” maqbaralar majmuasi bor. Muborak bu qadamjoda payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalomning qizlari Fotima onamiz va Hazrat Alining beshinchi avlodi bo‘lgan Sayyid Hasan al-Amir mangu qo‘nim topgan. Keyinchalik atrofiga uning avlodlari va boshqa sayyidlar dafn etilgan.
Hasan al-Amir o‘z yaqinlari bilan taxminan 865 yilda Termizga kelib, yashab qolgan. Shu asnoda bu yerda obro‘li sayyidlar sulolasi shakllangan. O‘rta asrlardagi davlatlar, xususan, Amir Temur va temuriylar payg‘ambarimiz avlodlariga hurmat ko‘rsatishni sharaf, deb bilib, bu yerda xonaqoh va maqbaralar qurdirgan. Shu jihatlari bilan majmua ulkan tarixiy, ma’naviy, madaniy ahamiyatga ega joy sanaladi.
Manbalarda Amir Temur avlodlari Termiz va termizliklarga katta e’tibor bergani, Termizni obod qilishgani, Amir Temur saltanati rivojida Termiz sayyidlarining ham alohida o‘rni bo‘lgani qayd etilgan. Jumladan, Sohibqironning nevarasi Xalil Sulton Al-Hakim at Termiziy qabri ustiga sag‘ana o‘rnattirgan. Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma” asarida keltirilishicha, Amir Temur vafotidan so‘ng XV asrda Termizni egallagan nabirasi Xalil Sulton ziyorat uchun kelib, “Sulton saodat”ni qayta ta’mirlatgan va hududini kengaytirgan.
Sohibqiron Hindiston va janubiy-sharqqa qilgan safarlari chog‘ida borishda ham, qaytishda ham Jayxun bo‘yida hordiq chiqarib, termizlik sayyidlar qabrlarini ziyorat qilgan. Termiziylar xonadonida mehmon bo‘lib, ularning duosini olgan. Termiz sayyidlariga alohida hurmat ramzi sifatida “Sulton Saodat” majmuasining bir qismi hisoblangan xonaqoh ham qurdirgan. Afsuski, noyob bu inshoot bizning davrimizgacha saqlanib qolmagan.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri