Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amir Temur xiyobonidagi o‘ylar...
13:16 / 2021-04-07

Poytaxtimizdagi Amir Temur xiyoboni. Muazzam, fayzli, ulug‘vor, yil o‘n ikki oy ozoda, sarishta maskan.

 Bu yerdan chet elliklar, talaba-yoshlarning qadami arimaydi. Istiqlol yillari Sohibqiron Amir Temur bobomizning pok nomlarini tiklash, uning shaxsiyati, hayoti, faoliyati, Temuriylar saltanatining jahon sivilizatsiyasi, ilm-fanga qo‘shgan mislsiz hissasini o‘rganish, targ‘ib etish, bu yo‘nalishda kengroq ilmiy tadqiqotlar olib borish borasida keng imkoniyatlar ochildi. Sho‘rolar davrida maktablarda tarix darsida bolalar ongiga singdirishga astoydil urinilgan g‘oyalar barham topdi. O‘shanda ulug‘ Temur bobomizni bizga ta’riflaganlaridek, u johil ham, bosqinchi ham emasligi tarixiy manbalarda, tadqiqotlarda, fidoyi olimlarimizning izlanishlarida   yana bir karra o‘z ifodasini topdi. Aziz avliyo bobolar, piru komillar mangu qo‘nim topgan makonlarni  obod etib, o‘ziga o‘lmas yodgorlik qoldirgan inson qanday qilib bosqinchi bo‘lsin!

Ha, Sohibqiron salohiyatidan dunyo lol qolgan. Uning bunyodkorligiga jahon tan bergan. Uning donishmandligi, tadbirkorligi, uzoqni ko‘ra bilishiga, mardligi, jasorati,  saxovati, shonu shavkatiga insoniyat lol qolgan. Amir Temur xiyoboniga tutash hududda mustaqillik yillarida qad rostlagan Temuriylar tarixi davlat muzeyida buyuk bobomiz va uning qudratli davlatchiligi o‘tmishiga oid qimmatli ma’lumotlar fikrimizning yorqin dalilidir. Bu yerda maktab o‘quvchilarining gavjum bo‘lib yurishi, xorijiy mehmonlarning esa hayratlanib sayohat qilishi hatto befarq odamga ham cheksiz zavq bag‘ishlaydi.

Mustaqillik yillarida buyuk jahongir bobomiz amal qilgan ezgu g‘oyalar yana hayotimizda o‘zining  yorqin ifodasini topdi. Keyingi yillarda milliy o‘zlikni anglash, ibratli an’ana va qadriyatlarimizni qadrlash, tariximizni kengroq va xolis o‘rganish borasidagi ishlar qamrovi yanada kengaydi. Amir Temur o‘zining hayot shioriga aylantirgan adolat, zaiflarini suyash, ehtiyojmandlarga ko‘mak qo‘lini uzatish, yurtni yanada obod va farovon, ma’mur etish borasidagi ishlar avj oldi. Temur asos solgan, dunyoni hayratlantirgan, bashariyatga ibrat bo‘lgan Renessans davri tobora ko‘proq tilga olinmoqda. Sohibqironning madaniyat, san’at, ilm-fan, hunar, ma’rifat ahliga ko‘rsatgan rag‘bat va muruvvati ne-ne javohir asarlarga, yuksak ijod namunalariga, beqiyos shaharsozlik, me’morchilik obidalariga turtki bergan.

Bugun mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish asnosida odamlarni yanada ma’rifatli qilish, avliyo bobolarimiz, ma’rifatparvar ajdodlarimizning merosini teranroq, chuqurroq o‘rganish, madaniyat va san’at, ma’naviyatga e’tiborning yanada kuchayganiga oid ezgu tashabbuslarda Temur bobomizning nasihatlari, hayotiy shiorlari mujassam emasmi!

Pandemiya butun dunyoga pand berdi. Tabiat ham qasdlashgandek, o‘tgan yili aprelda, Temur bobo tavallud sanasi payti  gupillab qor yog‘ib bergandi. Mamlakatimizda og‘ir sinovli kunlarda parokandalikka, vahimaga, tushkunlikka yo‘l qo‘yilmadi. Kasalxonalar, karantin hududlarida minglab hamyurtlarimizni muttasil parvarishlash, ularga qarashning, davolashning o‘zi bo‘lmadi. Keksalar, imkoniyati cheklanganlar, serfarzand, muhtoj oilalar doimiy e’tiborda bo‘ldi. "Ha, davlat boy, qaraydi-da", dersiz. Muhtoj qo‘shnini aqalli bir hafta, bir oy ta’minlashga sizu biz qanday hissa qo‘shdik o‘zi? Amir Temurning azmu shijoati, saxovati, ishning ko‘zini bilishdek hayot tutumi pandemiya davridagi ezgu ishlarda, saxovatli hamyurtlarimizning amallarida namoyon bo‘lmadimi?!

Tarixchi emasman. Lekin ulug‘ Sohibqiron bobomizning buyukligini uning turli fitnalardan, qing‘irliklardan, ig‘volaru "o‘yin"lardan, qitmirliklardan,  o‘zining sharafli nomiga nomunosib ishlardan juda, judayam yiroqda bo‘lganida ko‘raman.  

Ha, Amir Temur g‘oyalari bugun jonajon O‘zbekistonimizdagi ezgu, hayotbaxsh ishlarida davom etmoqda.

 

       Nazokat Usmonova,  O‘zA