Andijon davlat pedagogika institutida “Amir Temur vorislari” harbiy-sport spartakiadasi bo‘lib o‘tdi.
Buyuk bobomiz, sohibqiron Amir Temur tavalludining 689 yillik sanasiga bag‘ishlanib, institutning talabalar jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan sport musobaqalari jasorat, birdamlik, g‘oliblikka intilish, salomatlik hamda sportning haqiqiy targ‘iboti va namoyishiga aylandi.


Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, yoshlar orasida jismoniy faollik va harbiy-vatanparvarlik ruhini mustahkamlash, shuningdek, Amir Temur vorislariga xos jasorat, birdamlik hamda matonatni namoyish etish maqsadida spartakiada va “Quvnoq startlar” musobaqalari bo‘lib o‘tdi. Musobaqalar doirasida sportning arqon tortish, vorkaut, armrestling, yengil atletika turlari bo‘yicha talaba yoshlar faol ishtirok etdi.


Qizg‘in bahslar asosida o‘tgan musobaqalarda sport ruhi, do‘stona muhit va jamoaviy birdamlik ko‘zga tashlandi.
– Musobaqalarda kuch va imkoniyatimizni sinovdan o‘tkazdik, – deydi armrestling musobaqasi g‘oliblaridan biri Shahobiddin Xolpo‘latov. – Eng asosiysi, ulug‘ bobomiz Amir Temurning munosib vorislari ekanligimizni ko‘rsatishga, bir jamoa bo‘lib g‘alabaga intilishga harakat qildik.

Yakunda g‘olib jamoalar institut rektorati tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Mazkur spartakiada nafaqat sportni targ‘ib etishga, balki talaba-yoshlarning jismoniy tayyorgarligi, vatanparvarlik ruhini yuksaltirishga xizmat qildi.
F. Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari