Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amir Temur — temuriylar oltin davri asoschisi
09:31 / 2023-04-08

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix institutida “Amir Temur – temuriylar oltin davri asoschisi”, mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.

Unda yurtimiz va xorijlik taniqli temurshunos tarixchi olimlar ishtirok etib, o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qildi.

— Amir Temur va temuriylar davri tarixini o‘rganishda yangi davr boshlandi, —deydi institut direktori, professor Azamat Ziyo. —Mazkur davrda nafaqat Turkiston balki saltanatning butun hududi bo‘ylab iqtisodiy-ijtimoiy va madaniy sohada rivojlanish bo‘lganligini alohida e’tirof etishimiz joiz.

Professor Ashraf Ahmedov temuriylar davrida aniq fanlar sohasiga bo‘lgan alohida e’tibor, Mirzo Ulug‘bekning astronomiya va matematika faniga qo‘shgan ilmiy yangiliklarini tenglama misollar yordamida ochib berdi.

Eronlik olim, doktor Shahram Panohiy Amir Temurning Eron ilmiy-madaniy tarixiga qo‘shgan ulkan hissasini, uning eronlik allomalarga bo‘lgan munosabati misolida tushuntirdi.

Turkiyalik professor Muso Shomil Yuksal Amir Temurning davlat boshqaruvini din va dunyo qonunlari asosida adolatli tashkil etganini, o‘z davrida yaratilgan tarixiy qo‘lyozma manbalar asosida yoritib berdi.

Tadbirning ikkinchi qismida Turkiyaning Marmara universiteti professori Ahmad Shimshirgilning “Amir Temur” deb nomlangan asarining o‘zbekcha nashri taqdimoti bo‘lib o‘tdi.  

Tarix instituti direktori, professor Azamat Ziyo  ishtirokchilarga ushbu kitob haqida ma’lumot berib, o‘zbek tarixchilari va kitobxonlarini yangi asar bilan tabrikladi.  

Tadbir so‘nggida Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat, san’at sohasiga e’tibor va bu sohada erishilgan yuksak yutuqlar olimlar tomonidan e’tirof etildi.

N.Rahmonova, O‘zA.