Vatanimiz tarixidagi 22 aprel sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1868 yil (bundan 157 yil oldin) – Orenburg va G‘arbiy Sibir bojxona tizimlari faoliyati ko‘rib chiqilib, Yevropa tovarlarining O‘rta Osiyo xonliklariga kirib kelishiga chek qo‘yish maqsadida Sirdaryo viloyati bojxona idorasi tashkil etildi. Yangi chegaralar bo‘yicha tovar olib kirish va uni tashqi o‘lkalarga olib chiqish 1867 yilgi qoidalar asosida olib borilar edi. Faqatgina chet ellik, xususan, osiyolik savdogarlardan endi boj yilda bir marta emas, har tovar olib kirganda olinadigan bo‘ldi. O‘lkaning boshqa hududlarida ham Rossiya imperiyasining soliqlar to‘g‘risidagi qonunlariga ko‘ra, savdo va sanoat sohasida bojxona tizimi o‘rnatildi.
1912 yil (bundan 113 yil oldin) – kinorejissyor, kinooperator, O‘zbekiston xalq artisti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Malik Qayumov tavallud topdi (vafoti 2010 yil). U ijodiy faoliyati davomida 200 dan ortiq hujjatli va ilmiy-ommabop filmlar yaratdi. Malik Qayumov nafaqat O‘zbekiston, balki jahon hujjatli kinosi rivojiga o‘zining munosib hissasini qo‘shdi va bu o‘z vaqtida Nyu-York, Venetsiya va Leypsig xalqaro kinofestivallarining katta oltin medallari va “Oltin Kabutar” mukofoti bilan, jahon hujjatli kinosi rivojiga qo‘shgan hissasi uchun maxsus diplom bilan taqdirlangan. U 1995 yilda “Jasorat” medali, 1999 yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, 1941 yilning iyun oyida Hukumat ekspeditsiyasi tomonidan Samarqanddagi Amir Temur maqbarasida dafn etilgan sohibqiron Amir Temur, Mironshoh, Shohrux, Mirzo Ulug‘bek, Muhammad Sulton va Bibixonim maqbarasidagi Bibixonimning dahmalari ochilgan edi. Mazkur jarayonda Malik Qayumov ham qatnashib, mazkur tarixiy jarayonni kinotasmaga muhrlagan. U o‘zining “Hayotim – kinomatografiya” nomli kitobida ushbu jarayonlarni yoritish bilan bir qatorda unga qadimgi kitobni ko‘rsatgan va Amir Temur qabrini ochib bo‘lmasligi haqida qattiq uqtirgan samarqandlik chollar voqeasini ham yodga olgan.
1922 yil (bundan 103 yil oldin) – milliy istiqlolchilik harakati yetakchilaridan biri, mashhur qo‘rboshi Shermuhammadbek Qo‘kon uyezdidagi Qorabuva kishlog‘ida Farg‘ona qo‘rboshilarining navbatdagi kurultoyini o‘tkazdi. Vodiyda xarakat qilayotgan 200 atrofidagi qo‘rboshilar dastalaridan eng obro‘lilari bo‘lgan Nurmuhammadbek, Toshmuhammadbek, Ro‘zimuhammadbek, Islom Polvon, Axmad Polvon, Qoraboy, Mama Ro‘zi va boshqalar unda qatnashdilar. Qurultoyda Shermuhammadbek Samarqandda kechagina bo‘lib o‘tgan anjuman ishi to‘g‘risida mufassal ma’lumot berdi. Anvar Posho vakillari Samarqandda unga topshirgan maktub matni va Buxoro qo‘rboshilarining rejalaridan o‘z safdoshlarini xabardor qildi. Ushbu kurultoyda 1922 yili Farg‘ona vodiysidagi jang qarakatlari va qo‘rboshilarning faoliyat doirasi kelishib olindi.
1942 yil (bundan 83 yil oldin) – O‘zbekiston xalq shoiri, taniqli ijodkor, jamoat arbobi Oydin Hojiyeva tavallud topdi (vafoti 2023 yil). Uning ijodida inson qalbi kechinmalari xalqona ohanglarda o‘ziga xos talqinini topgan. Vatanga muhabbat, ma’naviy poklik, til bilan dil rostligi, hayotning abadiy va unutilmas orzu-armonlari, inson matonati, xalqning beqiyos go‘zal, olijanob qalbini kuylash, odamlarga munis, mehribon dardkash bo‘lmoq istagi ijodining bosh mavzusi hisoblanadi. U “El-yurt hurmati” va “Fidokorona xizmatlari uchun” ordenlari bilan mukofotlangan.
1992 yil (bundan 33 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi bilan O‘mon Sultonligi o‘rtasida diplomatiya munosabatlari o‘rnatildi.
1996 yil (bundan 29 yil oldin) – YUNESKOning Parijdagi qarorgohida “Temuriylar davrida ilm-fan, madaniyat va maorifning yuksalishi” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.
2014 yil (bundan 11 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Arxivlarning asosiy ish turlari bo‘yicha vaqt va ishlab chiqarishning namunaviy me’yorlarini tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Doimiy propiska qilish hamda turgan joyi bo‘yicha hisobga olish tartibini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi. Farmonga muvofiq, ruxsat berish xususiyatiga ega bo‘lgan doimiy propiska qilish tizimidan bosqichma-bosqich xabar berish xususiyatidagi ro‘yxatdan o‘tkazish tizimiga o‘tildi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonunning maqsadi davlat xaridlari sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2022 yil (bundan 3 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ijtimoiy sheriklik hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA