Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amir Temur maqbarasidagi talonchiliklar: oʻgʻirlangan yodgorliklar qayerda?
09:12 / 2020-07-15

Turkiston oʻlkasi Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingach, bu yerdagi tarixiy obidalarning taqdirida anchayin oʻzgarish roʻy berdi.


Samarqanddagi Sohibqiron qoʻnim topgan maqbara asrlar davomida salobat toʻkib turgan boʻlsa-da, undagi benazir boyliklar uzoq yillar talon-toroj etildi, hattoki Sohibqiron xilxonasi gumbazi ustiga oʻrnatilgan sof oltindan quyilgan qubba ham oʻgʻirlab ketildi.

Turkiston oʻlkasi Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olingach, bu yerdagi tarixiy obidalarning taqdirida anchayin oʻzgarish roʻy berdi. Endi yodgorliklarning boʻlaklari va boshqa qismlari uzoq mamlakatlarga tashib ketila boshlandi. Oʻzida xazinalarni jamlagan Goʻri amir ham bunday talon-torojlikdan omon qolmadi. Quyida Amir Temur maqbarasi bilan bogʻliq ana shunday ayrim talonchiliklar haqida soʻz yuritmoqchimiz.

TEMURIYZODA QABRIDAN OʻGʻIRLANGAN MARMAR LAVHA

Amir Temur maqbarasi naqshlarining rangli jadvalini tuzib, nashr ettirgan rus arxeologi va sharqshunosi Nikolay Veselovskiy boshchiligidagi ekspeditsiya 1895-yilda mahalliy rus maʼmurlari bilan kelishib, Temuriylar xilxonasining nafis bezakli, naqshinkor eshigini Sankt-Peterburgga olib ketdi. Xilxonaning gʻarbiy tomonidagi eshik ham oʻgʻirlab sotildi. Hozir u Londondagi Viktoriya va Albert muzeyida saqlanmoqda.

Ismoil Gaspirali muharrirligida chop etilgan “Tarjimon” gazetasining 1901-yil 31-oktyabrdagi sonida qayd etilishicha, oʻsha yilning 23-sentyabriga oʻtar kechasi Temur maqbarasida oʻgʻirlik sodir etiladi. Yovuz niyatli kishilar qulfni osongina buzadilar. Ulkan gumbaz ostidagi daxmada Sohibqironning suyukli nabirasi Muhammad Sulton qabri ustiga qoʻyilgan yodgorlikdan uzunligi qariyb ikki arshin boʻlgan, turli yozuvlar bitilgan marmar lavhani qoʻparib oladilar. Bundan tashqari, “Masnaviyi sharif” kitobini hamda boshqa narsalarni ham oʻzlari bilan olib ketadilar.

IMPERATOR MUZEYI UCHUN QOʻPARILGAN OYNALAR

Tarixchi Amriddin Berdimurodovning qayd etishicha, 1903-yili Rossiya imperatori Aleksandr III ning muzeyi uchun Temuriylar xilxonasining oynasidan bir qismini joʻnatish soʻraladi. Mahalliy amaldorlar bu iltimosni aʼlo darajada bajardilar: oyna qoʻparilib, zudlik bilan imperiya poytaxti boʻlgan Sankt-Peterburgga joʻnatildi.

1905-yilda Goʻri amirda talonchilik bilan bogʻliq yana bir voqea yuz berdi. Temur maqbarasining kirish joyidan birini bezab turgan noyob naqshinkor bitiklardan biri yoʻqoldi, aniqrogʻi, oʻgʻirlandi. Peshtoqlardan biriga koʻrk berib turgan bu lavhada arabiy oq harflar bilan “Jahongir Amir Temur Koʻragonning qabri, Xudo uni rahmat qilsin va abadiy jannatga musharraf boʻlsin”, degan yozuv bitilgan edi.

SAMARQANDGA EMAS, PETERBURGGA...

Tez orada aniqlanishicha, unga allaqachon xaridor ham topilgan, bunda vositachilikni turk savdogarlari oʻz zimmalariga olganlar. Ular oʻzlari uchun ham moʻmay daromad ishlash maqsadida qadimiy yodgorlikni 1906-yilda Konstantinopolda Berlindagi Imperator muzeyi direktori T. Bodega qayta pullaganlar. Shu vaqtda uning qiymatini hisoblab koʻrgan jurnalistlar oʻzini oshkor qilmagan savdogar noyob tarixiy koshinni nemislarga 5000 marka oltindan kamiga sotmagani haqida bong urganlar. Ayrim adabiyotlarda muzey direktori qadimiy yodgorlikni 10000 ming markaga xarid qilgani yozilgan. Bu oʻsha davr uchun ulkan mablagʻ hisoblanadi.

Biroq shiddat bilan boshlangan diplomatik mojarolar va koʻp yillik yozishmalardan soʻng nemislar Goʻri amirdan oʻmarilgan bitikni 6000 marka evaziga qaytarishga rozi boʻldilar. Shunday qilib, Birinchi jahon urushi boshlanmasidan biroz oldin bitik Peterburgga keltirildi. Biroq talonchilikning tashabbuskori kim ekanligi oshkor etilmadi. Hozirda u Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitajida saqlanmoqda.

Alisher EGAMBERDIYEV