2022 yilda Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotiga (SHHT) a’zo davlatlar rahbarlarining navbatdagi sammiti o‘tkazilishi yuzasidan Amir Temur maqbarasida ta’mirlash-tiklash ishlarini olib borish belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi Madaniy meros agentligi axborot xizmatiga ko‘ra, tegishli tashkilotlar tomonidan ushbu yodgorlikda restavratsiya ishlarini bajarish maqsadida ilmiy asoslangan xulosalar yordamida loyiha takliflari ishlab chiqilgan. Loyiha Madaniy meros agentligi huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashida ma’qullangan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 10 martdagi «2022 yilda turizm va madaniy meros ob’ektlari infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan Samarqand shahrida joylashgan «Amir Temur» majmuasida gumbaz va devor old qismi, galereyaning pol qismlari va peshtoq mukarnaslarini qayta ta’mirlash uchun 3 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

Manbalarga ko‘ra, Amir Temur maqbarasini restavratsiya qilish ishlari bundan yarim asrdan ziyod vaqt oldin, ya’ni 1941 yilda amalga oshirilgan. 1996 yilda esa bu tarixiy maskanda qisman ta’mirlash ishlari olib borilgan.
6 asrlik tarixga ega buyuk sarkarda maqbarasida olib borilayotgan restavratsiya jarayonlari Madaniy meros agentligi nazorati ostida va unga malakali usta-restavrator, xattot, olim, injenerlar va boshqa soha mutaxassislari jalb etilgan.

2021 yilda Eron va Turkiya davlatlaridan kelgan malakali mutaxassislar Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz shaharlaridagi moddiy madaniy meros ob’ektlarini o‘rganishgan.
Ekspertlar tomonidan tarixiy obidalarning holati, ularni asrashga doir ishlarni amalga oshirish yuzasidan xulosalar berilgan. Hozirda amalga oshirilayotgan ishlar ham aynan xorijiy tajribani o‘rgangan holda, jahonning yetuk mutaxassislarining ilmiy asoslangan xulosalari asosida mahalliy usta-restavratorlar tomonidan amalga oshirilmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, Markaziy Osiyo me’morchiligining noyob asari sifatida e’tirof etiladigan Amir Temur maqbarasi Samarqandning janubiy-g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, XIV asr oxirida Temuriy shahzoda Muhammad Sulton tomonidan qurilgan madrasa yonida tiklangan. Maqbara qurilishi Amir Temur hukmronligi davrida boshlanib, Mirzo Ulug‘bek davrida tugallangan.
Temuriy hukmdor Mirzo Ulug‘bek buyuk bobosiga yuksak ehtiromi ifodasi o‘laroq, ushbu maqbarani Temuriylar avlodi dafn etiladigan maqbaraga aylantiradi. Maqbara bitgach, Amir Temurning ma’naviy ustozi Mir Sayyid Barakaning jasadi shu maqbaraga ko‘chiriladi. Binoning ichki bezaklari yangilanadi, maqbara sahniga daxmalar qo‘yilib, atrofiga marmar toshdan nafis panjara ishlanadi. 1424 yilda uning sharq tomoniga maqbaraga olib kiruvchi ko‘p gumbazli galereya qurilgan.
Maqbarada Amir Temurning o‘g‘illari — Mironshoh va Shohruh sulton dafn qilingan. Maqbaraning g‘arb va janub tomoniga yondosh qilib qurila boshlangan, lekin chala qolgan ulkan imoratlar Mirzo Ulug‘bek hukmronligining so‘nggi yillariga to‘g‘ri keladi. 1449 yilda vafot etgan Mirzo Ulug‘bek ham ushbu maqbarada mangu qo‘nim topgan.
Ushbu tabarruk maskanlar yurtimiz va xorijiy sayyohlarning doimiy e’tibori va hayratiga sazovor bo‘lib kelayotgan tarixiy obidalardan sanaladi.
N.Usmonova,
O‘zA