French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amir Temur Jaloliddin Manguberdining jasorati haqida bilganmi?
08:15 / 2020-09-24

Vatanimiz tarixidagi 24-sentabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.


Vatanimiz tarixidagi 24-sentabr sanasi bilan bogʻliq ayrim voqealar bayoni.

1398-yil (bundan 622 yil oldin) – Hindiston yurishiga otlangan Amir Temur 24-sentabr kuni Sind daryosidan oʻtadi. (Sulton Jaloliddin Xorazmshoh Chingizxon bilan jang qilgandan soʻng 1221-yil 21-noyabr kuni Sind daryosini kechib oʻtgan). U payt daryoning chap sohilidagi choʻllar Jaloliy choʻli deb atalardi. Bu esa Amir Temurning oʻzi Jaloliddin Xorazmshohning tarixi va voqealaridan xabardor ekanligidan, uning davrida bu yerlarda buyuk Xorazmshoh haqida xotiralar tirik ekanligidan dalolat beradi.

1556-yil (bundan 464 yil oldin) – shayboniylar sulolasidan boʻlgan Movarounnahr hukmdori Baroqxon (asl ismi Navroʻz Ahmad) Samarqanddan chiqib, Dargʻom kanali yuqorisida joylashgan Raboti Xoja mavzeiga keladi va bu yerda katta bazmu jamshid uyushtiradi. Bazmda meʼyoridan ortiq sharob ichish oqibatida olamdan koʻz yumadi.

Samarqand fuzalolari uning vafoti sanasini “Hol murda dar masti” soʻzlaridagi harflar bilan belgilashgan boʻlsa, Buxoro fozillari “Xirmonsoʻz” soʻzi harflari yigʻindisida vafoti sanasi yashiringanligini qayd etishgan. Chunki vafotidan bir yil oldin Navroʻz Ahmadxon Buxoroga yurish qilib, don xirmonlariga oʻt qoʻygan edi. Har ikkala soʻzlardagi harflar yigʻindisi abjad hisobida 963 (1556) sanasini beradi.

1910-yil (bundan 110 yil oldin) – Oʻzbekiston xalq artisti Olim Xoʻjayev dunyoga keldi (vafoti 1977-yil). U ijodi davomida yuzdan ortiq obrazlar yaratdi. 2002-yilda (vafotidan soʻng) “Buyuk xizmatlari uchun ordeni” bilan mukofotlandi.

1917-yil (bundan 103 yil oldin) – Munavvar qori Abdurashidxonov oʻzi Toshkentda tashkil etgan sakkiz oylik muallimlar kursi iqtisodiy muammolarga duch kelgach majlis chaqirib, unga Toshkentning yirik boylari va taʼsiri kuchli insonlarini taklif etdi. Shu kuning oʻzida 45 kishidan katgagina pul toʻplandi va majlis yakunida yangi bir jamoat tashkiloti “Muallimlar jamiyati” tuzilganligi eʼlon qilindi. Mazkur jamiyatga birinchilardan boʻlib Murodxoʻja Solixxoʻjayev, Rustambek Yusufbek hoji oʻgʻli, Abdusomeʼ Ziyoboyev, Shokirjon Rahimiy, Abdulla Avloniy, Munavvar qori Abdurashidxonovlar kirgan edilar.

1994-yil (bundan 26 yil oldin) – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oliy davlat hokimiyati qonun chiqaruvchi organi faoliyatining huquqiy asosi boʻlgan “Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi toʻgʻrisida”gi Qoraqalpogʻiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qarori qabul qilindi va kuchga kiritildi. Shu kundan eʼtiboran Joʻqorgʻi Sovet – Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deb yuritila boshladi.

1998-yil (bundan 22 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jaloliddin Manguberdi tavalludining 800-yilligini nishonlash toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilindi. Jaloliddin Manguberdi xotirasini abadiylashtirish va tarixiy adolatni qaror toptirish maqsadida qabul qilingan ushbu qarorga muvofiq buyuk sarkardaning tavallud toʻyi 1999-yilda keng miqyosda nishonlanishi qayd etildi.

1999-yil (bundan 21 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekistonda boks boʻyicha Osiyo chempionatini oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Qarori imzolandi.

2012-yil (bundan 8 yil oldin) – Oʻzbekiston Respublikasining “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari toʻgʻirisida”gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 4 bob, 29 moddadan iborat.

Alisher EGAMBERDIYEV tayyorladi