Vatanimiz tarixidagi 2 dekabr sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1398 yil (bundan 626 yil oldin) – Amir Temur o‘zining Hindistonga qilgan yurishi davrida Asindi (Asandi) shahriga keldi. Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asarida bu voqea quyidagicha bayon etilgan: “Oyning yigirma ikkinchi kuni (2 dekabrda) Asindi qal’asiga yetdilar. Asindi aholisi etagini badbaxtlik tutib, ular o‘z uylarini kuydirgan va Dehli tomoniga qochgan edilar. Bu qal’alarning ko‘proq aholisi majusiylar edilar. G‘alaba yor lashkar u diyorda bironta kishini ko‘rmadilar. Mazkur oyning yigirma uchinchisida Asindi hisoridan ko‘chib, Tug‘luqpur hisoriga yetdilar”.
1402 yil (bundan 622 yil oldin) – Amir Temur Egey dengizi bo‘yidagi Izmir (qadimgi Smirna) shahar-qal’asini qamal qilishni boshladi va uni ikki haftaga qolmay egalladi. G‘arbiy Anatoliyadagi mazkur mustahkam shahar-qal’a Rodos ritsarlarining amloki bo‘lib, o‘zining qo‘l yetmas makonda joylashgani sababli Turk sultoni Murod I va keyinchalik uning o‘g‘li Boyazid I Yildirim ham unga rahna sololmagan.
Baland burjlar bilan o‘ralgan ushbu istehkom bir tomondan dengizga borib taqalar, uning quruqlikka tutash qismida keng xandaq qazilib, qalin devorlar tiklangan edi. Qal’aning ichki bandargohi ham bo‘lib, zarur paytda dengiz orqali yordam olardi. Bu bayon etilayotgan voqea paytida ham unda fransuz va italyan ritsarlari ko‘p edi.
Amir Temur dastlab o‘g‘li Pirmuhammadni va Shayx Nuriddinni ritsarlar qal’asi boshlig‘i huzuriga elchi sifatida yubordi. Agar ritsarlar islomni qabul qilishsa, hayotlari saqlanishiga kafolat berdi. Qal’a himoyachilarining qat’iy rad javobidan so‘ng, u shu yerdagi barcha lashkarlarini qamalga boshladi.
Taniqli fransuz tarixchi olimi Lyusen Kerenning yozishicha, Izmirning fath etilishi Amir Temur istehkomlarni ishg‘ol etishda naqadar katta mahorat yiqqanidan dalolat beradi: Usmonli turklar o‘n yillardan beri qo‘lga kirita olmagan qal’ani u sanoqli kunlarda egalladi.
Amir Temur naqbchilari ishni eng avvalo chuqur xandaq ustiga ko‘prik yasashdan boshlashdi, so‘ng soqchilar burjlari buzilib, qal’a devorlariga yo‘l ochildi. Devorlarning taglarida naqblar qazilib, ularni yog‘och ustunlar, olov, qizigan pista ko‘mir, sovuq suv va sirka yordamida qulatishga shaylab qo‘ydilar.
Tinmay sirka bilan namlanib turilgan yopqichlar naqbchilarni qal’a himoyachilarining tepadan uloqtirilgan o‘tlaridan pana qilib turdi. Ammo qal’a qamalida qo‘llangan eng ajoyib usul shaharning dengiz tomonidan butunlay o‘rab olgap to‘siq (to‘g‘on) qurilishi bo‘ldi. Buning natijasida birorta ham kema na shaharga kira oldi va na undan chiqa oldi.
Lyusen Kerenning qayd etishicha, Amir Temur askarlari ana shu to‘siqdan turib mislsiz shijoat bilan qal’a devorlarini buza boshladilar. Ularning bu mashg‘ulotiga xalal berishga intilgan shahar himoyachilari ustiga Amir Temur yoyandozlarining o‘q yomg‘iri yog‘ilardi.
Tayyorgarlik ishlari nihoyasiga yetgach, Amir Temur qal’a devorlari ostidagi naqblarga o‘rnatilgan ustunlarga o‘t qo‘yishni buyurdi. Devorlar o‘pirilgach, butun qo‘shin bir bo‘lib shaharni ishg‘ol qilishga otildi.
1925 yil (bundan 99 yil oldin) – O‘zbekiston SSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasining favqulodda sessiyasida “Yer va suvni natsionalizatsiya qilinishi to‘g‘risida”, “O‘zbekistonda yer-suv islohotini o‘tkazish to‘g‘risida”gi dekretlar qabul qilindi. Unda Farg‘ona, Samarqand va Toshkent viloyatlaridagi yersiz va kam yerli dehqonlarni yer bilan ta’minlash uchun davlat yer fondiga o‘tkazilgan yerlar, Yer xalq komissarligi tasarrufidagi davlat yer mulklarini tashkil etuvchi yerlar hisobidan, madaniy-ma’rifiy vaqf yerlari hisobidan, noma’lum sabablarga ko‘ra bedarak ketgan va egalari vafot etgan xo‘jaliklar hisobidan yer fondlari tashkil qilinishi belgilab qo‘yildi.
1960 yil (bundan 64 yil oldin) – 767 kilometr uzunlikdagi “Jarqoq – Buxoro – Samarqand – Toshkent” gaz quvuri qurib bitkazildi. Uning yillik quvvati 4,5 milliard kubmetr gazga teng edi.
2004 yil (bundan 20 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatining va Senati a’zosining maqomi to‘g‘risida”, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashi deputatining maqomi to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilindi.
2016 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2019 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Volontyorlik faoliyati to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Mazkur qonun 5 bob, 25 moddadan iborat.
2019 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Milliy axborot agentligi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga asosan O‘zbekiston Milliy axborot agentligi respublika hayotiga oid ijtimoiy-siyosiy axborotlarni tarqatuvchi rasmiy axborot agentligi hisoblanadi.
2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Qahramoni va xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”, “O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”, “O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov tavalludining 85 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorlari qabul qilindi.
2020 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Toshkent shahrida Yaponiya raqamli universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2030 yilgacha O‘zbekiston Respublikasining «yashil» iqtisodiyotga o‘tishiga qaratilgan islohotlar samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2022 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Atoqli davlat arbobi, O‘zbekiston Qahramoni Musa Yerniyazov tavalludining 75 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi