Mamlakatimizda bugun ro‘y berayotgan tub yangilanish, o‘zgarish jarayonlari yurtimizga tashrif buyurayotgan xorijlik mehmonlar nazarida tobora yaqqolroq namoyon bo‘lmoqda. Prezidentimizning 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tomonidan bir qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda shu yil 28–30 sentyabr kunlari o‘tkazilayotgan “Amir Temur – dunyo olimlari va adiblari nigohida” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman qatnashchilari ham bu jihatlarni yuksak e’tirof etmoqda.
Sohibqiron tavalludining 685 yilligi munosabati bilan tashkil etilayotgan mazkur anjumanda ishtirok etish uchun dunyoning ko‘plab davlatlaridan temurshunos olimlar, mutaxassislar tashrif buyurdi. Ular dastlab poytaxtimizdagi Amir Temur xiyobonidagi ulug‘ Sohibqiron bobomiz haykali poyiga gul qo‘ydi. Ayni paytda bir qator olimlar mazkur konferensiyada masofaviy tarzda ham qatnashish istagini bildirdi.
Temuriylar tarixi davlat muzeyida anjuman munosabati bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Minhojiddin Hojimatov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali buyuk Sohibqiron bobomiz Amir Temur o‘rta asrning yirik davlat arbobi, benazir sarkarda, kuchli markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi sifatida dunyo tarixida ulkan o‘rin qoldirganini ta’kidladi. Sohibqiron bobomizning adolatni mudom ustuvor bilish, yurtni obod etish, ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifatga homiylik ko‘rsatishga oid tamoyillari bugun ham dolzarbdir. Jahon tarixi, sivilizatsiyasi charxpalagini ijobiy tomonga o‘zgartirib yuborgan Amir Temur bobomizning ibratli hayoti, mohir sarkarda, uzoqni ko‘zlovchi davlat arbobi sifatidagi faoliyati hamon dunyo olimlari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganilmoqda.
Amir Temur fenomeni nainki kuchli davlat asoschisi sifatida, balki favqulodda ulug‘vor va zakiy shaxs sifatida ham kurrai zamin olimlarining e’tibori va e’tirofiga sazovor bo‘lib kelayotir. Shu bilan birga u tabarruk diyorimizdagi buyuk Renessans davrining asoschisi, ma’rifat homiysi sifatida ham olimlar uchun g‘oyat qadrlidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomiz Oqsaroy peshtoqiga "Adolat davlatning asosi va hukmdorlar shioridir" degan hikmatli so‘zlarni yozdirgani bejiz emas, albatta. Ushbu ulug‘vor g‘oya inson qadr-qimmatini oliy darajaga ko‘tarish borasidagi amaliy harakatlarimiz poydevoriga aylandi" degan so‘zlari bu ulug‘ zotning hamisha xalq baxtu saodati, farovonligini o‘ylab, davlatni adolat bilan boshqarganidan dalolat berib turibdi.
bugungi kunda jonajon O‘zbekistonimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasida olib borilayotgan ezgu intilishlarda Amir Temurning o‘gitlari, nasihatlari, uning mudom hayot shioriga aylantirgan ezgu g‘oyalari o‘ziga xos asos bo‘lib xizmat qilmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu jihatlar Prezidentimizning xalqining og‘irini yengil qilish, muhtoj oilalarga yaqindan ko‘mak ko‘rsatish, keksalar, ayollar, yoshlarni kuchli ijtimoiy himoyalash, odamlar dardini eshitish, o‘z faoliyatini mamlakatning olis hududlaridagi ahvol bilan yaqindan tanishish, u yerdagi dolzarb masalalarga oqilona yechim topish borasidagi elparvar siyosatida yaqqol namoyon bo‘lmoqda.
– Sohibqiron Amir Temurning mardligi, azmu-shijoati, qat’iyati Prezident Shavkat Mirziyoyevning yangi O‘zbekistonning ma’naviy poydevorini yaratishdagi amaliy ishlarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda, – dedi Ozarbayjon Milliy bilimlar akademiyasining Sharqshunoslik instituti Markaziy Osiyo bo‘limining o‘zbekshunos olimasi Tarona Hoshimova.– Amir Temur shaxsiyatiga sobiq sho‘ro davrida bir yoqlama yondashuv bo‘lgani yaxshi ma’lum. Ayni paytda atoqli adib Abdurauf Fitrat hamda ozarbayjonlik ijodkor Husayn Jovid Temur shaxsiyatini to‘laqonli ochib berishda haqqoniy yondashgani e’tiborga molikdir. Zero, Temur shaxsiyati turk dunyosining o‘ziga xos ko‘zgusidir. Sohibqironning “Kuch – adolatda” degan hayot shiori bugungi kunda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlarda asosiy tamoyil sifatida yaqqol ko‘zga tashlanayotgani tahsinga sazovordir.
– Amir Temur oddiy askarlikdan buyuk sarkarda darajasiga ko‘tarilib, Hindistondan Yevropagacha, Arabistondan Sibirgacha bo‘lgan ulkan hududda kuchli davlat qurgan, – dedi Temuriylar tarixi va san’atini o‘rganish assotsiatsiyasi prezidenti, fransiyalik olima Frederik Bopertyui-Bressan. – Boshqa jahongirlardan farqli o‘laroq Sohibqiron Amir Temur bunyodkorlik, ilm-fan, madaniyat rivojiga alohida e’tibor qaratgan. Olimlar, me’morlar, hunarmandlar, tabiblar, faylasuflar, shoiru mashshoqlarga g‘amxo‘rlik qilgan. Sohibqiron davridagi taraqqiyot Yevropada uyg‘onish jarayoniga ham ta’sir ko‘rsatgan.
Temuriylar san’atining o‘ziga xosligi turli madaniy an’analarning, ya’ni turk, fors, Yaqin Sharq, hind va xitoy ijodiy uslublarining uyg‘unlashuvida ko‘rinadi. Boshqa hech qayerda ushbu an’analar bunchalik samarali va betakror hamohanglikka erishmagan. Amir Temur madaniyatlarning o‘zaro muloqoti uchun infratuzilma yaratdi va avlodlarga meros qoldirdi. Avval Samarqand, keyin Hirotda ilm-fan, adabiyot va san’at beqiyos darajada rivojlandi. Temuriylarning yorqin merosini atroflicha o‘rganib, mazkur Uyg‘onish davri an’analarini davom ettirish O‘zbekistonda uchinchi Renessansga ham poydevor qo‘yishiga ishonaman. Bu kabi xalqaro anjumanlarning tashkil etilishi Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonda tarix, milliy merosni o‘rganish, buyuk ajdodlar zakosini e’zozlash, ilm-ma’rifatga e’tibor qaratish, o‘zining ezgu hayotiy tashabbuslarini amaliyotga faol joriy ertish borasidagi ibratli sa’y-harakatlarining yorqin va amaliy ifodasidir.
Xalqaro anjuman ishtirokchilari konferensiyaning dastlabki kunida poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboni, Hazrati Imom yodgorlik majmuasi, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi, “Yangi O‘zbekiston” bog‘i kabi tabarruk maskanlarni ham sayohat qildilar.
Amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar O‘zbekistonning qiyofasini butkul o‘zgartirib yuborgani, bunday misli ko‘rilmagan o‘zgarishlar odamlarning ongu tafakkurida, dunyoqarishida ham o‘z ifodasini topayotganini, ular hayotini yanada farovon, obod, ma’mur etayotganini yuksak e’tirof etdilar.
Konferensiya o‘zining shu’balarga bo‘lingan holdagi batafsil ishini 29-30 sentyabr kunlari Shahrisabz va Samarqand shaharlarida davom ettiradi.
Nazokat Usmonova, O‘zA