O‘zbekiston Milliy axborot agentligining @uza_uz telegram kanali orqali bo‘lib o‘tgan ovozli chatda O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi boshqarma boshlig‘i Otabek Ravshanov kuzatuvchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi
— Amir Temur g‘ori bo‘yicha batafsil ma’lumot berib o‘tsangiz?
— Yurtimizda Amir Temur g‘ori hamda Amir Temur darvozasi atamalari mavjud. Amir Temur g‘ori Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida, Amir Temur darvozasi Jizzax viloyatida joylashgan. XV-XVI asrlarga tegishli bo‘lgan Amir Temur g‘orining balandligi 12 metr, uzunligi 200 metrni tashkil qiladi.
Bugungi kunda mazkur g‘orga tashriflar nisbatan kam bo‘lgani uchun OAVda ham ko‘p yoritilmaydi. Kelgusida turistlar oqimini ushbu g‘orga qaratish maqsadida 2024 yilda Amir Temur g‘ori muhofaza hududini o‘rab olib, atrofini obodonlashtirishni rejalashtirganmiz. Qolaversa, ushbu g‘or haqida qisqa metrajli roliklar tayyorlash niyatimiz ham bor.
— Surxondaryo viloyati Boysun tumani Darband mahallasining tepa qismida “Temir darvoza” degan tarixiy ob’ekt joylashgan. Ushbu joy Madaniy meros agentligi ro‘yxatiga kiritilganmi?
— 2019 yilda Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlarining milliy ro‘yxati shakllantirilgan. Mazkur milliy ro‘yxatda “Temir darvoza” nomi bilan ob’ekt kiritilmagan. Surxondaryo viloyati hududida joylashgan “Temir darvoza”ni o‘rganib chiqib, bu haqda tegishli xulosalarimizni beramiz.
Aslida madaniy meros ob’ektlarini ro‘yxatga kiritishning tartib-taomillari bor. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yildagi PQ-5150- sonli qaroriga asosan asrashga doir ishlarni tashkil etish, texnik nazorat qilish, monitoring ishlarini olib borish, umuman Madaniy meros agentligiga yangi ro‘yxatlarni kiritish, eskilarini chiqarish kabi tartib-taomillar bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.
Surxondaryo viloyati Madaniy meros boshqarmasi huzurida ilmiy maslahat kengashlari bo‘lib, kengashda yetuk professor-olimlar, tarixchilar bor. Ushbu maslahat kengashi a’zolari har bir hududdagi madaniy meros ob’ektlarini muntazam ravishda xatlovdan o‘tkazib, madaniy, tarixiy qiymatga ega bo‘lgan yangi ob’ektlarimizning ilmiy xulosasini bizga taqdim etishlari kerak. Biz mazkur ob’ekt o‘z qiymatiga ko‘ra ro‘yxatga kiritilishi mumkinmi, yo‘qmi o‘rganib, yangi madaniy meros ob’ektini kelgusida ro‘yxatga kiritish ishlarini olib boramiz. Taklif asosan hududlardan bo‘lishi kerak.
Bugungi kunda yangi madaniy ob’ektlarni aniqlash bo‘yicha sayyor yig‘ilishlar olib boryapmiz. Hozir aynan Buxoro viloyati hamda Toshkent shahrida yangi madaniy meros ob’ektlarini shakllantirish, milliy ro‘yxatga kiritish bo‘yicha sayyor yig‘ilishlar o‘tkazdik. Keyingi oylarda Farg‘ona, Namangan, Andijon viloyatlariga borib, yangi, tarixiy qiymatga ega bo‘lgan ob’ektlarni birma-bir o‘rganib, ro‘yxatga kiritish ishlarini davom ettiramiz.
Avgust oyida Surxondaryo viloyatiga borib, yangi ob’ektlarni joyiga chiqib o‘rganishni rejalashtirganmiz.
<iframe width="640" height="360" src="https://www.youtube.com/embed/RgWvIr7c8E8" title="Amir Temur g‘ori qayerda joylashgan?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>
N.Rahmonova,
A.Sodiqov (video) O‘zA