Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amir Temur davrida yetishtirilgan uzum navlari aniqlandi
15:35 / 2019-05-08

Olimlar oʻsha davrda ommalashgan va eng qadimiy hisoblangan “Oq dum” va “Qizil dum” uzum navlaridan yangisini yaratib, uning dastlabki ming tup koʻchatini Xatirchi tumaniga ekishdi.


Prezident tashrifidan soʻng... 

Olimlar oʻsha davrda ommalashgan va eng qadimiy hisoblangan “Oq dum” va “Qizil dum” uzum navlaridan yangisini yaratib, uning dastlabki ming tup koʻchatini Xatirchi tumaniga ekishdi.

Maʼlumki, yurtimiz azaldan sarxil mevalari, poliz ekinlari bilan mashhur. Ayniqsa, uzumchilik borasida bizning bogʻbonlarga teng keladigani yoʻq.

Shu kunga qadar uzumning yuzga yaqin navi yaratilgan. Oʻzbekiston uzumlari seleksiyasining “otasi“ – Rizamat ota nomi berilgan “Rizamat” navi tom maʼnoda ushbu navlarning gultoji hisoblanadi.

Ammo oxirgi yillarda texnologiyalarning taraqqiy etishi natijasida koʻpgina rivojlangan mamlakatlar olimlari tomonidan mavjud navlarni chuqur tahlil qilish va ular ustida molekulyar tadqiqotlar olib borilishi tufayli kelib chiqishi asli bizning diyordan boʻlgan koʻpgina navlar baʼzi xususiyatlari oʻzgartirilgan holda yangi nav sifatida dunyo yuzini koʻrmoqda. Bu esa oʻsha navlarni valyuta hisobiga yurtimizga olib kelish ehtiyojini keltirib chiqarmoqda.

Shuning uchun ham mahalliy navlarni molekulyar tadqiq etish va zamonaviy usullardan foydalangan holda yangi navlarni yaratish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biriga aylanib bormoqda.

Keyingi yillarda ushbu sohaga eʼtibor qaratilayotgani uzumchilik sohasining istiqbolli ekanidan dalolatdir. Xususan, 2018 yil 2 martda Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga tashrifi chogʻida Xatirchi tumani tokzorlarida yetishtirilayotgan uzum navlarini zamonaviy genom texnologiyalaridan foydalanib genetik tahlil qilish kerakligi toʻgʻrisida topshiriq bergan edi.

Shu munosabat bilan Genomika va bioinformatika markazi direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari, biologiya fanlari doktori Zabardast Boʻriyev hamda asli navoiylik boʻlgan xodim Ilyosbek Normamatov 2018 yilning 18-19 mart kunlari Navoiy tumanining “Oltinsoy“, “Uchqora“ va “Akmal Ikromov“ qishloq fuqarolar yigʻinlarida boʻlib, uzumchilik sohasi bilan yaqindan tanishdi. Dehqon va fermerlar bilan suhbatlashib, ushbu sohada ularni qiynayotgan muammolarni oʻrganishga harakat qildi. Mahalliy uzum navlari yetishtirilayotgan xonadonlar va fermer xoʻjaliklari koʻzdan kechirildi.

Natijada ushbu hududlarda Amir Temur davridan buyon yetishtirib kelinayotgan eng qadimiy “Oq dum” va ommalashgan “Qizil dum” uzum navlaridan barg namunalari yigʻilib, markazga olib kelindi. Molekulyar tadqiqotlarni amalga oshirish uchun ushbu namunalardan genom DNK ajratilib, mikrosetellit markerlar yordamida genotipik jihatdan oʻrganishga kirishilgan boʻlsa, boshqa boʻlim xodimlari tomonidan invitro sharoitida koʻpaytirish uchun oʻsuv qismlari ajratib olindi.

Nazorat namunalari sifatida “Tagapskiy” kishmishbop uzum navi hamda genetik jihatdan yaxshi oʻrganilgan, Italiya seleksiyasiga mansub vinobop “Morrastel” navlari olindi. Tahlil natijalariga koʻra, uzumning ushbu ikki mahalliy turi bir-biridan oʻzaro farq qilib, har ikki nav ichida ham xilma-xillik mavjudligi aniqlandi.

Xususan, qadimiy “Oq dum” navida genetik xilma-xillik koʻpligi (25 foizgacha) va noyob genotiplar mavjudligi aniqlandi. Bu esa, oʻz navbatida, “Oq dum”ning nav tozaligi 75 foiz ekanini anglatadi. “Qizil dum” uzumida genotipik xilma-xillik darajasi 20 foizgacha ekanligi va nav tozaligi 80 foizga tengligi aniqlandi.

Kompyuter dasturi asosida navlar shajarasi oʻrganilganda “Oq dum” navi ikki guruhga boʻlinib, bir guruhi “Qizil dum” naviga yaqin ekani, ikkinchi guruhi esa uzoq tarixga egaligi maʼlum boʻldi. “Qizil dum” navi boʻyicha namunalar ham ikki guruhga ajralib, bir guruhi “Tagapskiy” kishmishbop uzum naviga “yaqin qarindosh“ ekani aniqlandi. Natijalar “Qizil dum” navida “Oq dum” naviga nisbatan nav tozaligi yuqoriroq ekanini koʻrsatdi. Shunday boʻlsa-da, har ikki navda ham xilma-xillik xususiyati yuqoriligi aniqlandi.

Maxsus ozuqa muhitida yetishtirilayotgan tok oʻsimliklari virus va boshqa infeksiyalardan tozalanib, sogʻlomlashtirildi. Sogʻlom oʻsimliklar maxsus ozuqada koʻpaytirildi va 2019 yilning aprel oyida Xatirchi tumaniga ming tup koʻchat ekildi. Ahamiyatli jihati, ushbu oʻsimliklar Oʻzbekiston sharoitida zamonaviy invitro usulida olingan ilk oʻsimliklar hisoblanadi. Umid qilamizki, bugun tashkil etilayotgan bu kabi tokzorlarda yetishtiriladigan uzumlar koʻp yillar davomida xalqimiz dasturxonining fayzi boʻlib qoladi.

Mirzakamol AYUBOV,
Genomika va bioinformatika markazi
katta ilmiy xodimi.