Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amir Temur – buyuk davlat arbobi, yuksak ma’naviyat sohibi
17:37 / 2025-04-08

Andijon shahar pedagogika texnikumida “Sohibqiron Amir Temur – buyuk davlat arbobi, yuksak ma’naviyat sohibi” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Buyuk bobomiz, sohibqiron Amir Temur tavalludining 689 yilligi munosabati bilan texnikum o‘qituvchi va o‘quvchilari, olimlar, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda ulug‘ bobomizning hayoti, faoliyati, davlat boshqaruvi, ma’naviyat, madaniyat, ilm-fanni rivojlantirish borasidagi ibratli ishlari xususida so‘z yuritildi. 

Dastlab ishtirokchilarga Amir Temur hayoti va faoliyati haqida videofilm namoyish etildi.

Shundan so‘ng tadbirda Xalqaro Amir Temur jamoat fondi Andijon viloyat bo‘limi rahbari, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Habib Siddiq, Andijon davlat pedagogika instituti Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti, tarix fanlari nomzodi Saitmo‘min Bo‘riyev, Abdulhamid Cho‘lpon jamoat fondi raisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Orifjon Meliyev, Andijon pedagogika texnikumi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Mahbubaxon Isroilova so‘z oldi. Unda Amir Temur bobomizning ibratli hayot yo‘li, davlat arbobi, sarkarda, ma’naviyat, madaniyat, ilm-fan homiysi sifatidagi faoliyati va ulkan bunyodkorlik ishlari haqida gapirdi. 

[gallery-22708]

Shuningdek, notiqlar yoshlarni puxta bilim olish, ularga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlardan unumli foydalanish, buyuk bobolarimizga munosib bo‘lish, yurtimizdagi tinchlik-osoyishtalik va barqarorlikning qadriga yetish, vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shishga chaqirdi. 

Texnikumning iqtidorli va ijodkor o‘quvchilari tomonidan “Temur tuzuklari” asosida tayyorlangan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi, Amir Temurga bag‘ishlangan she’rlar o‘qildi.

Ushbu ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘quvchi yoshlarning buyuk bobomiz – Amir Temur hayoti va faoliyati haqidagi bilim hamda tushunchalarini yanada boyitishga xizmat qildi. 

– Ulug‘ bobomizning ma’rifatparvar, ma’naviyat homiysi sifatidagi ibratli ishlari haqida ko‘p ma’lumotlar oldik, – deydi texnikumning Maktabgacha ta’lim tarbiyachisi yo‘nalishi o‘quvchisi Marhabo Soliyeva. –  Biz o‘zbek yoshlari jahon taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ bobomiz Amir Temur bilan har qancha faxrlansak arziydi. 

F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari