Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va Prorun.uz yugurish maktabi asoschisi Andrey Kulikov tashabbusi bilan Orol dengizida davom etayotgan ekologik halokatga e’tibor qaratish maqsadida sport tadbiri o‘tkazildi.
Tadbir doirasida amerikalik mashhur ultramarafonchi Din Karnasis Andrey Kulikov bilan birgalikda Oroldan 60 kilometr uzoqlikda joylashgan dengiz va bu mintaqadagi suv resurslaridan ommaviy foydalanish natijasida qurib qolgan “Borsa-Kelmas” trakti hududida 42 kilometr 195 metr masofaga yugurdi.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, marafondan ko‘zlangan maqsad jahon hamjamiyatining e’tiborini Orol dengizi ekologik fojiasiga qaratish, shuningdek, joriy yil 19–23 sentyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan BMT Bosh Assambleyasining 2023 yilgi sessiyasida dolzarb global ekologik muammolarga bag‘ishlangan muhokamalarni qo‘llab-quvvatlash va kuchaytirishdan iborat.
4 soat, 51 daqiqa, 18 soniya davom etgan marafon natijalariga ko‘ra, Din Karnasisning qadamlari yig‘indisi 43 ming 420, Andrey Kulikovniki 44 ming 860 bo‘lib, jami 88 ming 280 qadamni tashkil etdi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, o‘tgan 2022 yilda Andrey Kulikov Orol dengizi tubi bo‘ylab 42 km 195 m masofani 4 soat 9 daqiqada bosib o‘tgan. Orol dengizida o‘tkazilgan marafon mintaqadagi ekologik vaziyatga katta e’tibor qaratdi. Bu yil sport tadbiriga dunyoga mashhur amerikalik ultramarafonchi Din Karnasis qo‘shildi. U marafon olamidagi ajoyib yutuqlari, jumladan, 2005 yilda uyqusiz 80 soat 44 daqiqada 350 mil (560 km) masofani bosib o‘tgani bilan mashhur. Uning ishtiroki tadbirning global ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatib beradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA