English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Amerikalik olim: vaksina ishlab chiqarishda ishlab chiqaruvchilarning manfaati borligini ham tan olish kerak
16:49 / 2021-05-03

Mamlakatimiz aholisini koronavirusga qarshi emlash jarayonlari qizg‘in davom etayotgani bois, aholiga ishonchli ma’lumotlarni yetkazish muhim sanalgan bir paytda AQSH professori Deniel Singerning mamlakatimiz olimlari, yetakchi immunolog va epidemiolog, infeksionistlari bilan onlayn muloqoti ayni muddao bo‘ldi.

Muloqot jarayonida JSST ma’lumotlariga asoslangan ishonchli xabarlar sharhi yuzasidan fikr almashildi. Aholi orasida ayrim vaziyatlarda emlash jarayoniga ishonchsizlik paydo bo‘lib, ularning ikkilanishlariga sabab bo‘layotgan asossiz ma’lumotlarga javoban odamlarga qisqa va ilmiy asoslangan axborotlarni yetkazish zarurligi aytildi.

Tibbiyot ilmi bugungi kunda dunyo bo‘yicha tarqalayotgan viruslarning turli shtammlari ko‘payib borayotganligini aytmoqda. Shunday ekan vaksinalar ham virus turiga qarab har qaysi tirik organizmda turlicha samara berishi mumkin. Toshkent tibbiyot akademiyasi olimlari tomonidan bu yo‘nalishdagi ilmiy ishlanmalarga asoslanib, vaksinalarning odamlarga ta’sirini chuqur o‘rganish muhimligini ta’kidlandi. TTAning xalqaro laboratoriyasida olib borilayotgan tekshiruvlar borasida ma’lumotlar berildi.

Ma’lumki, JSST bugungi kunda dunyo miqyosida 13 ta vaksinani ishlatishga ruxsat bergan. Vaksinalarning turi kun sayin ko‘payib boraveradi. Biroq uni qabul qilish haqida gap ketganida inson salomatligi tushunchasi har doim ham eng muhim omil bo‘lib qolaveradi. Biror vaksina JSST ruxsatini olmasdan, qat’iy sinovdan o‘tkazilmasdan aholiga taklif etilmaydi.

– Vaksina ishlab chiqarishda ishlab chiqaruvchilarning manfaati borligini ham tan olish kerak, – deydi Deniel Singer. – Agar biz butun choralarni ishga solib, odamlarni koronavirusning turli ko‘rinishlaridan himoya qilish uchun jiddiy tayyorgarlik ko‘rmasak, ko‘plab muammolarga sabab bo‘layotgan noto‘g‘ri tushunchalarni jilovlab ololmasligimiz mumkin.

Darhaqiqat, vaksinaga nisbatan odamlarda ishonch uyg‘otish, qaysidir ma’noda yuqumli kasalliklarni bartaraf etish deganidir. Ammo amerikalik olim Deniel Singer aytganidek, bu butun umr shu kasallikdan butkul himoyalanish, degani ham emas. Shunday ekan, inson doimo sog‘lom turmush tarziga rioya qilishi, mutaxassislar tavsiyalariga quloq tutishi va gigiyena qoidalariga amal qilishi lozim.


Mohigul Qosimova, O‘zA