Inson taqdiri, uning qadr-qimmati har narsadan ustun. Biroq buni hamma ham birdek anglab yetavermaydi. Eng achinarlisi, o‘z manfaati yo‘lida o‘zgalar hayotini parokanda qilishdan ham tap tortmaydigan kimsalar ham bor oramizda. Xususan, fuqarolar M.X. va Sh.Sh. moddiy manfaat ilinjida uzoq vaqtdan buyon AQSHga yuborishni va’da qilgan holda bir necha shaxsdan katta miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirib kelgan.
Jumladan, ular fuqaro J.X.ning ishonchiga kirib, Yevropa davlatlaridan biriga “shengen” kirish vizasini rasmiylashtirish va “Toshkent – Ispaniya – Meksika – AQSH” yo‘nalishi orqali Amerikaga yuborishni va’da qilib, undan 27 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘ini talab qilgan. M.X. va Sh.Sh. fuqarodan dastlab 10 ming AQSH dollari, Meksikaning AQSH bilan chegarasiga yetib borgandan so‘ng 17 ming AQSH dollari berishi zarurligini bildirgan.
Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand viloyati boshqarmasi va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida amalga oshirilgan faol tadbir natijasida M.X. hamda Sh.Sh. fuqaro J.X.dan 10 ming AQSH dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Tintuv vaqtida ularning noqonuniy harakatlaridan jabrlangan 13 nafar fuqaroning hujjatlari (8 ta xorijga chiqish pasporti, 2 ta biometrik pasport, bir dona ID-karta, 2 ta tug‘ilganlik xaqida guvohnoma va bir dona nikoh guvohnomasi), shuningdek, yana bir fuqaro N.R.ni AQSHga yuborish evaziga 22.500 AQSH dollari miqdoridagi pul mablag‘larini olganligi to‘g‘risida tilxat topilib, protsessual tarzda rasmiylashtirildi.
Ushbu shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bu kabi holatlar haqida eshitib, o‘ylanib qolasan kishi. Nahotki, aholi noqonuniy migratsiya xavf-xatari, ayniqsa, AQSHga boshqa davlatlar chegaralarini buzgan holda borish qonunga zidligidan ogohlantirilishiga qaramay, yana shunday “xizmat” taklif etayotgan firibgarlarga ishonib qolmoqda.
G‘.HASANOV, O‘zA